Foto va Video

“Craft fair Uzbekistan” II xalqaro hunarmandchilik ko‘rgazmasi ochildi

13.11.2023 276

Bugun 15-noyabr kuni Toshkent shahrining “O‘zekspomarkaz” 3-pavilonida ikkinchi bor O‘zbekiston xalqaro hunarmandchilik mahsulotlari va texnologiyalari yarmarkasi o‘z ishini boshladi. Mazkur yarmarka O‘zbekiston Prezidentining "Hunarmandchilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori doirasida o‘tkazilmoqda.

Tadbirning ilk kunida ishtirok etish uchun O‘zbekiston “Hunarmand” uyushmasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi, xorijiy davlatlarning mamlakatimizdagi diplomatik vakolatxonalari vakillari, faxriy hunarmandlar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari kelishdi. Shu bilan birgalikda, respublikamizning barcha hududlaridan kelgan 200 nafar mahalliy, shu bilan birgalikda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston davlatlarida faoliyat olib borayotgan 20 nafar xorijiy hunarmandlar o‘zlarining qo‘l mehnatlari asosida yaratilgan ijodiy namunalari bilan ishtirok etdilar.

Ya’ni ko‘rgazma rastalaridan o‘rin olgan kashtachilik, kulolchilik, misgarlik, milliy liboslar, yog‘och o‘ymakorligi, gilamchilik, milliy matolar, miniatyura, rangtasvir, naqqoshlik va bo‘yoqli naqshlar, teridan tayyorlangan mahsulotlar, bosh kiyimlar, o‘yinchoqlar va sovg‘abop buyumlar kabi 30 dan ortiq hunarmandchilik namunalari shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, tadbir doirasida hunarmandchilik yo‘nalishi uchun kerakli dastgohlarning ko‘rgazma savdosi o‘tkazildi. Rastalardagi hunarmandchilik mahsulotlari va dastgohlari, sovg‘abop buyumlarini bemalol xarid qilish mumkin.

Ko‘rgazma davomida zargar, kulol, zardo‘z hamda milliy matolar ustalari mahorat darslari o‘tib berdilar. Hunarmandlar mahsulotlarini eksport qilishda ko‘maklashish uchun esa yarmarkaga xalqaro va bir qator mahalliy onlayn marketpleys va platformalar taklif etilgan.

Mazkur tadbirni o‘tkazishdan maqsad, ko‘rgazma orqali hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular tomonidan tayyorlangan mahsulotlar savdosiga ko‘maklashish, yurtimizga tashrif buyuruvchi sayyohlarga milliy hunarmandchiligimiz yo‘nalishlari haqida ma’lumot berish hamda yoshlarga hunarli bo‘lishni targ‘ib qilishdan iborat.

Yarmarka 17-noyabrga qadar davom etadi. Unda hamyurtlarimiz va poytaxtimiz mehmonlari ishtirok etishlari mumkin.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Shuningdek, oʻqing