Yevropa davlatlarida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini targ‘ib qilish bo‘yicha PR-kampaniyasi davom etmoqda. Ushbu kampaniya doirasida “Euronews” saytida O‘zbekistonda gastronomik turizm salohiyati haqida maqola chop etildi. “Tatib ko‘rish an’analari: O‘zbekistonda gastronomik turizm” nomli maqolada O‘zbekistonda gastronomik turizm noyob pazandalik sarguzashtini taqdim etishi, bu yerda rang-barang bozorda ko‘cha taomlarini tatib ko‘rish yoki yulduzlar ostida kechki ovqatdan bahramand bo‘lishingiz mumkinligi qayd etilgan.
Maqolada qayd etilishicha, qadimiy savdo yo‘llari chorrahasida joylashgan O‘zbekiston sayohatchilar uchun ko‘plab imkoniyatlarni taqdim etadi. Ipak yo‘li shaharlarining me’moriy ulug‘vorligi va boy tarixiy merosi ortida kashf etilishini kutayotgan gastronomik xazinalar yotadi.
Guruch va go‘shtdan iborat oddiy va bayramona taom bo‘lgan palov o‘zbek oshxonasining tamal toshi hisoblanadi. Har bir viloyatning o‘ziga xos navlari bor, Toshkentdagi za’faronli palovdan tortib, Samarqanddagi go‘shtli palovgacha. Sayyohlar mahalliy oshpazlardan mahorat saboqlari yoki oilaviy taom tayyorlash tajribasida qatnashishlari orqali uni tayyorlashning nozik jihatlarini o‘rganishi mumkin, deyiladi maqolada.
“Euronews” xabariga ko‘ra, O‘zbekistonning Toshkentdagi Chorsu kabi bozorlari ziravorlar, xilma-xil mahsulotlar va ko‘cha taomlari bilan gavjum. Bu yerda siz lag‘mon va mayin go‘shtli somsani tatib ko‘rishingiz mumkin. Har bir mintaqa mahalliy pazandachilik an’analarini aks ettiruvchi o‘ziga xos taomlarni taklif etadi.
O‘zbekistondagi zamonaviy restoranlar yangi texnika va ingrediyentlar bilan tajriba o‘tkazib, oshpazlik an’analarini saqlab kelmoqda. Qovun va anor kabi mavsumiy mahsulotlar mamlakat oshxonasida muhim o‘rin tutadi, Toshkent palov festivali kabi turli pazandachilik festivallari sayyohlarga mahalliy madaniyatni chuqurroq anglash va uning o‘ziga xos lazzatlaridan bahramand bo‘lish imkonini beradi, deya xulosa qiladi “Euronews”.
Ish vaqti: 9:00-18:00, Du-Ju
Savollar uchun
Izoh