AirAsia X bilan hamkorlik doirasida Malayziyaning mashhur “The Star” nashrida O‘zbekistonning qishki turizm salohiyatiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi.
“Snowy Peaks and Silk Road Secrets: A Winter Journey Through Uzbekistan” nomli maqolada mamlakatimiz tobora qishki sayohat yo‘nalishi sifatida xorijiy sayyohlar e’tiborini tortayotgani ta’kidlangan. Unda O‘zbekistonning noyob tabiiy manzaralari, boy tarixiy-madaniy merosi hamda zamonaviy infratuzilmasi uyg‘unligi keng yoritilgan.

Xususan, Tyan-Shan tog‘lari bag‘rida joylashgan yirik tog‘-chang‘i kurorti — Amirsoy qishki dam olish maskani sifatida alohida e’tirof etilgan. Shuningdek, maqolada Toshkent shahrining zamonaviy qiyofasi, tarixiy obidalari, milliy taomlari va mehmondo‘stlik an’analari haqida ham so‘z yuritiladi.
Shuni ham ta’kidlash joizki ,AirAsia X bilan hamkorlik turizm sohasini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi, mamlakatlar o‘rtasidagi sayyohlik almashinuvini kuchaytiradi hamda o‘zaro iqtisodiy o‘sishga hissa qo‘shadi. Kampaniya doirasida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini targ‘ib qilish maqsadida ASEAN mamlakatlarining asosiy bozorlarida qator marketing va targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
To‘liq maqola bu yerda: https://www.thestar.com.my/starpicks/2025/12/24/snowy-peaks-and-silk-road-secrets-a-winter-journey-through-uzbekistan
Izoh