Madaniyat va turizm vaziri birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek A’zamov, Germaniya turizm assotsiatsiyasi (DRV) prezidenti Norbert Fibig, boshqaruvchi direktori Dirk Inger, siyosiy ishlar va tashqi sayohatlar bo‘limi boshlig‘i Volker Adams va tadbirlar rahbari Verena Grobjohann o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushrashuv Berlin shahrining “Messe Berlin” yirik ko‘rgazma majmuasida, “ITB-Berlin” turistik yarmarkasi doirasida tashkil etildi.
Ta’kidlash lozimki, uchrashuvda O‘zbekistonning Germaniya va boshqa Yevropa davlatlarida turistik imijini oshirish, mamlakatimiz madaniyati va turizm salohiyatini keng targ‘ib qilish hamda yevropalik sayyohlar oqimini yurtimizga yo‘naltirishda o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash masalalarida muzokaralar olib borildi.
Shu bilan birga, Germaniya turizm industriyasi aylanmasining qariyb 90 foizini birlashtirgan DRV bilan hamkorlikda 2023-yilning 11–17-may kunlari bo‘lib o‘tadigan “Uzbekistan Destination Forum” loyihasiga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan mazkur loyiha tafsilotlari muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun:
“Uzbekistan Destination Forum” loyihasida O‘zbekistonda Germaniya, Avstriya va Shveytsariyaning yirik sayyohlik tashkilotlari va turoperatorlari (umumiy 50 nafar) hamda mahalliy turistik operatorlar, mehmonxona va aviakompaniyalar o‘rtasida ”B2B” uchrashuvlar, seminar va muzokaralarni tashkil etish ko‘zda tutilgan. Maqsad germaniyalik sayyohlar oqimini mamlakatimizga yo‘naltishdir.
DRV prezidenti O‘zbekiston va Germaniya hukumatlari o‘rtasidagi o‘zaro do‘stona aloqalar hamda turizm sohasidagi ulkan salohiyatimizni inobatga olib, mazkur loyihani tashkil etishdan manfaatdor ekanligini qayd etdi.
Shuningdek, DRV imkoniyatlaridan foydalangan holda Germaniya bo‘ylab O‘zbekistonni keng targ‘ib qilish, marketing tadqiqotlarini o‘tkazish va yevropalik sayyohlar uchun yangi turistik yo‘nalishlarni yaratish hamda mamlakatimizni eng yaxshi yo‘nalish sifatida ochib beruvchi PR kampaniyasini tashkil etish rejalashtirilganligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakuniga ko’ra, O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida Madaniyat va turizm vazirligi va DRV assotsiatsiyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Ish vaqti: 9:00-18:00, Du-Ju
Savollar uchun
Izoh