Xavfsizlik va O‘zbekiston bo‘ylab sayohatlarning o‘ziga xos jihatlari

Kuala-Lumpurda "O‘zbekiston bo‘ylab birgalikda sayohat qiling" mavzusida taqdimot va ikki mamlakat turistik kompaniyalari ishtirokida B2B uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi

10.09.2024 291

Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan O'zbekiston-Malayziya biznes kengashi, Malayziyaning Umra va haj sayohat agentliklari uyushmasi bilan hamkorlikda "O'zbekistonga birgalikda sayohat" (Travel together to Uzbekistan) mavzusida taqdimot hamda "B2B" shaklidagi uchrashuvlar tashkil qilindi

Tadbir Malayziya turoperatorlarini O'zbekistonning turistik salohiyati bilan yanada yaqinroq tanishtirish maqsadida o'tkazildi.

Unda Malayziyaning 180 dan ortiq mahalliy sayyohlik kompaniyalari, mahalliy OAV xodimlari, taniqli blogerlar hamda O'zbekiston Turizm qo'mitasi xodimlari, respublikaning "Travel together", "Binkat Travel and Tours", "Travel Factory", "Euroasia Travels" turkompaniyalari rahbarlari, "Uzbekistan airways" va "Batik Air Malaysia" aviakompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

O'zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev tadbirning ochilish qismidagi nutqida ishtirokchilarga mamlakatimizda turli jabhalarda olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar, zamonaviy sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar, xorijiy sayyohlarga yaratilgan qulayliklar haqida so'zlab berdi.

"Travel together" turkompaniyaci vakillari O'zbekistonning tarixiy va sayyohlik markazlari, Buxoro, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahrining turizm dasturlari, jumladan "madaniy turizm", "ziyorat turizmi", "Umra+", "gastroturizm", "ishbilarmonlik turizmi" (MICE) kabi turpaketlarni taqdim qildi.

"Uzbekistan airways" va "Batik Air Malaysia" aviakompaniyalari vakillari O'zbekistonga sayohat qiluvchilar uchun yaratilgan qulayliklar, jumladan, bugungi kunda Toshkent va Kuala-Lumpur shaharlari o'rtasida "Uzbekistan Airways" va "Batik Air Malaysia" aviakompaniyalarining to'g'ridan-to'g'ri havo qatnovlari mavjudligi haqida ma'lum qilishdi.

So'nggi yillarda viza rejimi soddalashtirilishi natijasida 90 dan ortiq xorijiy davlatlar, jumladan Malayziya fuqarolari uchun respublikaga vizasiz kirish tartibi amal qilayotgani alohida ta'kidlab o'tildi.

Ikki mamlakat turoperatorlarining "B2B" shaklidagi uchrashuvi davomida respublikaga malayziyalik sayyohlarning oqimini oshirish, turizm dasturlari bo'yicha fikr almashildi.

O'zbekistonning boy madaniy merosi, tarixiy shaharlari va ziyoratgohlari, o'zbek xalqining mehmondo'stligi malayziyaliklar orasida katta qiziqish uyg'otdi.

Shuningdek, respublika "Hunarmand" uyushmasi a'zolari ishtirokida milliy hunarmandchilik, amaliy san'at, yengil sanoat va ipak mahsulotlari ko'rgazma-savdosi o'tkazildi.

Tadbir yakunida turoperatorlarning to'g'ridan-to'g'ri hamkorligi doirasida yangi turpaketlarni ishlab chiqish va keng targ'ib qilish hamda respublikaga sayyohlar oqimini oshirish bo'yicha aniq kelishuvlarga erishildi.

Manba: "Dunyo" AA 

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Shuningdek, oʻqing