Foto va Video

“LOT Polish Airlines” aviakompaniyasi O‘zbekistonga muntazam reyslarni yo‘lga qo‘ydi

15.03.2024 99

14-mart kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida “LOT Polish Airlines” aviakompaniyasi tomonidan mamlakatimizga muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yilishi munosabati bilan tadbir hamda ilk havo reysini kutib olish marosimi o‘tkazildi.

Tadbir doirasida matbuot anjumani bo'lib o'tdi. Unda Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sardor Niyazov, Polish Airlines kompaniyasi bosh direktori Mixal Fiyol, O‘zbekistonning Polshadagi elchisi Amirsaid Agzamxo‘jayev, Polshaning O‘zbekistondagi elchisi Radoslav Gruk, Transport va Madaniyat vazirliklari hamda ikki mamlakat OAV vakillari va blogerlari ishtirok etdi.

“LOT Polish Airlines” aviakompaniyasi Varshava va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘ygani nafaqat aviatsiya sohasida muhim bosqich, balki Polsha va O‘zbekiston o‘rtasida turizmni rivojlantirish va madaniy almashinuv uchun ulkan imkoniyatdir”, deb ta’kidladi tadbirda Sardor Niyazov.

“Bugun “LOT Polish Airlines” aviakompaniyasining yana bir yo‘nalishi ochildi. O‘zbekiston dunyodagi eng qiziqarli mamlakatlardan biri bo‘lib, Polsha va Yevropadan keladigan sayyohlarni turli xil qiziqarli takliflar bilan qarshi oladi. Ishonchim komilki, havo kemamiz bortida Markaziy Osiyoning yuragiga qulay sharoitda yetib borish imkoniyati Polsha va O‘zbekiston o‘rtasida turizm va iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun turtki bo‘ladi”, dedi “LOT Polish Airlines” aviakompaniyasi bosh direktori Mixal Fiyol.

Turizm qo‘mitasi tomonidan birinchi aviareysning ochilish marosimidan keyin xorijiy delegatsiyani Toshkent shahrining diqqatga sazovor joylariga tashrifi va xalqaro blogerlar hamda OAV vakillari tomonidan turistik obyektlarimiz haqida kontent tayyorlash maqsadida “City-tour” tashkil etiladi.

Tashrifning ikkinchi kunida, polshalik turoperatorlar, blogerlar va OAV vakillari uchun Samarqand viloyati misolida turizm sohasida olib borilgan o‘zgarishlar hamda yangilanishlar bilan yaqindan tanishtirish hamda Polshada “Samarqand - Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi” targ‘ibot kompaniyasini yo‘lga qo‘yish maqsadida Qo‘mita tomonidan bir kunlik pres-tur sayohati tashkil etiladi.

Ma’lumot uchun, Varshava-Toshkent-Varshava yo‘nalishidagi aviaqatnovlar mart oyida haftasiga 3 marotaba, aprel oyidan 4 marotaba amalga oshirilishi reja qilingan. Ushbu reyslar O‘zbekiston va Yevropa mamlakatlari o‘rtasidagi turistlar almashinuviga ijobiy tas’ir ko‘rsatadi.

Aviachiptalarni lot.com aviakompaniyasining rasmiy veb-saytida, shuningdek, aviakassalar va sayyohlik agentliklaridan sotib olish mumkin.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Shuningdek, oʻqing