Turizm qo‘mitasi, O‘zbekistonning Malayziyadagi diplomatik vakolatxonasi va Malayziyaning Turizm, san’at va madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda 2025-yil 3-9-iyul kunlari O‘zbekiston turizm salohiyatini keng targ‘ib etish maqsadida Malayziyaning yetakchi turizm sohasi vakillari uchun info-tur tashkil etildi. 
Delegatsiya tarkibidan Malayziya Turizm agentliklari assotsiatsiyasi (MATTA), Bumiputera sayyohlik operatorlari federatsiyasi (BUMITRA) va PAPUH rahbariyati, shuningdek Umra-Haj, ziyorat va umumiy sayyohlik yo‘nalishlarida faoliyat yurituvchi 31 nafar yirik turkompaniya o‘rin olgan. Shuningdek, O‘zbekistonning turizm salohiyatini Malayziya OAVda keng yoritish maqsadida malayziyalik mashhur aktrisa, teleboshlovchi Adrea Abdullah ham yurtimizga keldi.
Tashrif davomida mehmonlar Buxoro, Samarqand, Jizzax viloyatlari va Toshkent shahrida bo‘lib, O‘zbekiston ziyorat turizm salohiyati, madaniy merosi, islom dunyosiga mashhur ziyoratgohlar bilan yaqindan tanishadi. Jumladan, O‘zbekistonda yangilangan turizm infratuzilmasi, yangi mehmonxonalar va raqamli gid-xizmatlari, zamonaviy transport tizimi, shuningdek, sayyohlar uchun yaratilgan qulayliklar bilan tanishish rejalashtirilgan.
Shuningdek, ikki mamlakat turoperatorlari o'rtasidagi "B2B" shaklida uchrashuvlar tashkil etish va Malayziyadan mamlakatimizga sayyohlarni keng jalb qilish masalalarini muhokama qilish rejalashtirilgan.
Mazkur info-tur Malayziyada O‘zbekistonning turistik brendini mustahkamlash, yangi turizm yo‘nalishlari va paketlarini ishlab chiqish, shuningdek, ziyorat turizmi sohasida hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.
Izoh