Foto va Video

Misrlik taniqli xonanda va bloger O‘zbekistonda

20.02.2023 781

17-fevral kuni misrlik xonanda va bloger Mustafo Abu Ravash hamda uning ijodiy hamkori Rasha N.M.Radva O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Tashrif Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan mamlakatimizning Qohira shahridagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tashrifdan maqsad yurtimiz madaniyati va turizm salohiyatini Misr davlatida keng targ‘ib etish orqali Arab mamlakatlaridan sayyohlar oqimini oshirishdir.

Ma’lumot uchun, Mustafo Abu Ravash nafaqat Misrda, balki butun dunyoda katta auditoriyaga ega. Xususan, uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini 6 millionga yaqin obunachi kuzatib boradi. 

"O‘zbekistonga birinchi marta kelishim. Maqsadim xalqingizning turmush tarzi bilan tanishish, o'zim uchun yangiliklarni kashf qilish, — dedi Mustafo. — YouTube' orqali yurtingizning ob-havosi, muzeylari haqidagi qiziqarli videolarni tomosha qilgandim. Endi esa bularga o‘z ko‘zim bilan guvoh bo‘lmoqchiman. Ta'kidlashim kerakki, O‘zbekistonning ob-havosi, urf-odatlari, va, ayniqsa, milliy taomlari ajoyib".

Ta’kidlash kerakki, Mustafo Abu Ravash va Rasha N.M.Radva Toshkent, Samarqand, Buxoro kabi yurtimizning diqqatga sazovor qadimiy va tarixiy maskanlariga sayohat qilishadi. Shuningdek, misrlik xonanda O‘zbekistonda bir qator videokliplar suratga olishni ham rejalashtirgan.

Qayd etish joizki, misrlik blogerlar O‘zbekistonning o‘ziga xos iqlimi, boy madaniy me’rosi, xalqlarimiz orasidagi o‘xshash urf-odatlar va eng asosiysi bir-birini takrorlamaydigan 4 ta faslga ega ekanligini alohida e’tirof etishdi.

Bundan tashqari, Mustafo Abu Ravash va Rasha N.M.Radva o‘zbekistonlik san’at sohasi vakillari bilan hamkorlik o‘rnatish va ular bilan kelgusida ko‘plab yangi ijod namunalari yaratishni niyat qilishgan.


Ma'lumot o‘rnida Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan mamlakatimizning Qohira shahridagi elchixonasi bilan hamkorlikda bir qator loyihalar rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu loyihalar doirasida Misr davlati fuqarolarini mamlakatimiz madaniy va turizm salohiyati bilan yaqindan tanishtirish hamda Misr media maydonida O‘zbekistonning turizm salohiyatini keng targ‘ib etish maqsad qilingan.

Avvalroq Misr Arab Respublikasi Turizm va qadimiy ashyolar vaziri o‘rinbosari Gada Sameer Shalabi bilan uchrashuv o‘tkazilgan va unda O‘zbekiston va Misr o‘rtasida 2023–2025-yillarga mo‘ljallangan Qo‘shma harakatlar rejasini imzolash bo‘yicha kelishuvga erishilgandi.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Shuningdek, oʻqing