Joriy yilning 16-18-mart kunlari Rossiyaning Moskva shahrida “MITT” xalqaro turizm ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. 29 yildan buyon tashkillashtirilib kelinayotgan ushbu xalqaro yirik ko‘rgazmada O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
Milliy stendimizni namoyish etuvchi delegatsiya tarkibida Madaniyat va turizm vazirligi, “Milliy PR-markazi” DUK, O‘zbekiston mahalliy sayyohlik kompaniyalari, jumladan, “UzbPeople Travel”, “Dolores Travel Services”, “Inter Mice Asia”, “Central Asia Travel”, “Sogda Tur”, “Atlas Avia Tur” kabi mamlakatimizning ilg‘or turistik agentliklari vakillari ishtirok etmoqdalar.
O‘zbekiston tomoni “MITT” turizm ko‘rgazmasida milliy stendni namoyish qilish bilan birga, o‘zining turizm sohasidagi malakasi, yangi turistik yo‘nalishlari va albatta, mamlakat turizm sohasining yuzi hisoblangan Toshkent xalqaro turizm yarmarkasini ommalashtirish takliflari bilan ishtirok etmoqda.
“MITT” (Xalqaro turizm va mehmondo‘stlik sanoati ko‘rgazmasi) - 2018-19-yilgi Butun rossiya ko‘rgazmalari reytingining “Turizm va dam olish” toifasida barcha nominatsiyalar bo‘yicha Rossiyaning eng yirik sayyohlik ko‘rgazmasi. Bu butun dunyodan Rossiya bozorida o‘z mahsulotlari va xizmatlarini taqdim etadigan mamlakatlar, mintaqalar va sayyohlik kompaniyalari uchun xalqaro ishbilarmonlik platformasidir. Ko‘rgazma ishtirokchilari va tashrif buyuruvchilari jahon sayyohlik assotsiatsiyalari, soha ma’muriyatlari vakillari bilan uchrashish, yangi mijozlar va hamkorlar topish, ishbilarmonlik dasturidagi ajoyib tadbirlarda turizm sanoatidagi eng so‘nggi yangiliklar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladilar.
10 000 dan ortiq mehmonlar va ishtirokchilar tashrifi kutilayotgan “MITT” xalqaro turizm ko‘rgazmasida doimiy ishtirok etib keluvchi O‘zbekiston stendida mamlakatimizning milliy an’analari, urf-odat va marosimlari, yurtimiz bo‘ylab ajoyib turistik yo‘nalishlar namoyish etilmoqda.
Ish vaqti: 9:00-18:00, Du-Ju
Savollar uchun
Izoh