2025-yil yilning 24-29-noyabr kunlari “Ipak yo‘lida turizm” 30-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi doirasida Mo‘g‘uliston turizm uyushmasi hamda ushbu davlat tur operatorlarining mamlakatimizga tashrifi tashkil etildi.

Tashrifdan maqsad –ikki tomonlama turizm aloqalarini kengaytirish, yangi hamkorlik yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish hamda mamlakatimizning turizm salohiyatini xalqaro maydonda targ‘ib etish.
Infoturda ishtirok etgan mo‘g‘ulistonlik turizm sohasi vakillari Samarqand va Toshkent shaharlarida bo‘lib, O‘zbekiston turizm maskanlari, madaniy merosi, mashhur ziyoratgohlar bilan yaqindan tanishdilar.
Jumladan, dasturiga muvofiq mehmonlar Toshkent shahridagi Chorsu bozori, Mustaqillik maydoni, Amir Temur xiyoboni, Toshkent teleminorasi va shaharning zamonaviy markazlariga, Samarqanddagi Registon majmuasi, Shohi Zinda maqbaralar majmuasi, Ulug‘bek rasadxonasi, Bibixonim majmuasi, Ipak yo’li xalqaro turizm universiteti va Samarqand turistik markazi kabi yirik tarixiy obidalarni ziyorat qildilar. Shuningdek, ular mahalliy milliy taomlar bilan tanishib, hunarmandchilik markazlari, mehmonxonalar va boshqa turistik obyektlarga tashrif buyurishdi.
Mehmonlar O‘zbekistonda yangilangan turizm infratuzilmasi, yangi mehmonxonalar va raqamli gid-xizmatlari, zamonaviy transport tizimi, shuningdek, sayyohlar uchun yaratilgan qulay sharoitlarga yuqori baho berdilar.
Bundan tashqari mazkur tashrif doirasida O‘zbekiston Xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi va Mo‘g‘uliston turizm uyushmasi vakillari hamda ikki mamlakat turoperatorlari o‘rtasidagi “B2B” uchrashuvlari tashkil etildi.
Mazkur infotur Mo‘g‘ulistonda O‘zbekistonning turistik brendini mustahkamlash, yangi turizm yo‘nalishlari va paketlarini ishlab chiqishda hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.
Izoh