Moskvada O‘zbekiston ishtirokidagi “Путешествуй!” Rossiya xalqaro sayyohlik forumi boshlandi

04.08.2022 1010

Bugun, 4-avgust kuni Moskvadagi ВДНХ Sanoat maydonida O‘zbekiston hamkor mamlakat sifatida ishtirok etayotgan “Путешествуй!” Xalqaro sayyohlik forumi boshlandi.

Rossiya Federatsiyasidan tadbir tashkilotchisi – Росконгресс jamg‘armasi, O‘zbekistondan tashkilotchilar esa – O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi hamda “Uzbekistan Airways” Milliy aviakompaniyasi ko‘magida “Milliy PR-markazi” DUK.

Forum va ko‘rgazmaning tantanali ochilish marosimida Federal Turizm agentligi (Rosturizm) direktori o‘rinbosari Zatynaiko Vladimir Vladimirovich, O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi “Milliy PR-markazi” DUK direktori Samandarova Dilfuza Mansurovna ishtirok etdi.

“Bugun va keyingi uch kun ichida milliy stendimizga tashrif buyurib, O‘zbekiston bilan ko‘p millatli va ko‘p madaniyatli mamlakat sifatida tanishasiz, faqat mamlakatimizgagina xos bo‘lgan didimiz va mentalitetimizni his qilasiz. Mehmondo‘stligimizni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rib, milliy taomlarimiz eng mazali, to‘yimli va turli-tumanligini tan olasiz, raqs va musiqamiz esa eng jo‘shqin va ilhombaxsh ekanligiga amin bo‘lasiz”, - dedi Dilfuza Samandarova tantanali ochilish marosimidagi nutqida.

Forumda O‘zbekiston delegatsiyasi bir vaqtning o‘zida ikkita stendni taqdim etdi: biznes stend va mamlakatimizning turizm salohiyati va madaniyatiga bag‘ishlangan stend. 55-pavilyonda joylashgan biznes-stendda barcha mavsumlarda faoliyat yurituvchi jahon miqyosidagi Amirsoy Resort tog‘ kurorti, yangi “Silk Road Samarkand” sayyohlik majmuasi, “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti, shuningdek, sayyohlik kompaniyalari haqida ma’lumotlar berilgan.

O‘z navbatida, 55-pavilyonga tutash hududda O‘zbekistonning turizm salohiyati va madaniyatiga bag‘ishlangan stend joylashtiriladi. Bu yerda Oʻzbekiston delegatsiyasi tomonidan hunarmandlarning ishlari, Oʻzbekiston milliy taomlari, turizmning har xil turlari boʻyicha maʼlumotlar taqdim etiladi, shuningdek, Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan vinolarni tatib koʻrish va hunarmandchilik buyumlarini tayyorlash boʻyicha mahorat darslari tashkil etiladi.

 “Путешествуй!” forumi Moskvada 7-avgustga qadar davom etadi. Tadbir zamonaviy turizm sanoatining barcha turlariga bag‘ishlangan.


Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Shuningdek, oʻqing