Foto va Video

Navro‘z bayramini qayerda nishonlash mumkin

17.03.2023 1043

Navro‘z - ajoyib bayram, tabiatning yangilash vaqti va shu bilan birga dam olishga otlanish uchun ajoyib imkoniyat. Mamlakatimizda bahor fevral oyida boshlanadi va har bir shaharda Navro‘z bayramiga puxta hozirlik ko‘riladi.

Bayramga tayyorgarlik oldindan boshlanadi. Navro‘z bayramida milliy noz-ne’mat bo‘lgan sumalak tayyorlanadi, bu taom kun davomida pishiriladi va uni katta qozonda muntazam aralashtirib turish kerak, shuning uchun sumalak pishirish jarayonida odatda ayollar qozonni galma-gal kavlaydilar. Sumalak tayyorlash juda qiziqarli va ajoyib jarayon bo‘lib, bu vaqtda ular milliy qo‘shiqlar kuylashadi, raqsga tushishadi, bir-birlariga mahalliy xalq og‘zaki ijodi namunalaridan aytib berishadi.

Navro‘z bayramida turli milliy festivallar, ko‘rik-tanlovlar, musobaqalar o‘tkaziladi. Bu davrda siz sharqona yarmarkalarni ko‘rishingiz mumkin, ularda dorbozlar, musiqachilar, raqqosalar va xalq baxshilari ishtirok etadi.

Ushbu bayramda maydonlarni ziyorat qilish, tantanalarda qatnashish, mehmonga borish va bahor taomlarini ulashish odat tusiga kirgan. Bu faqatgina sumalak emas. Navro‘zda halim, to‘g‘rama palov, ko‘k somsa, qo‘y go‘shtidan taomlar, sho‘rva, turli shirinliklar, pishiriqlar kabi taomlarni tayyorlash ham odat tusiga kirgan.

Sizga Navro‘zni nishonlash uchun borish mumkin bo‘lgan joylar ro‘yxatini taklif etamiz.

2023-yilning 15-apreliga qadar Toshkent shahrining qator tumanlarida ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etiladi. Manzillar:

Bektemir tumanidagi madaniyat markazi oldidagi maydonda;

Mirobod tumanidagi “Furqat” madaniyat va istirohat bog‘ida;

Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Lokomotiv” madaniyat va istirohat bog‘ida;

Sergeli tumanidagi Yangi Sergeli madaniyat va istirohat bog‘ida;

Olmazor tumanidagi Beruniy metro bekati yaqinidagi ochiq maydonda;

Uchtepa tumanidagi “Seul Eco park” madaniyat va istirohat bog‘ida;


Chilonzor tumanidagi “Magic City” bog‘ida;

G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida;

Shayxontohur tumanidagi “Anhor Lokomativ” madaniyat va istirohat bog‘ida;

Yunusobod tumanidagi “Amir Temur” maydonida (Brodvey);

Yashnobod tumanidagi “Ashxobod” maydonida;

Yakkasaroy tumanidagi “Moviy gumbazlar” maydonida;

Yangihayot tumanidagi “Green park” madaniyat va istirohat bog‘ida.

Madaniyat va turizm vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligi hamkorligida tashkil etilgan bayramda taniqli xonandalar, aktyorlar, aktrisalar, sirk jamoalari va boshqa ijodkorlar ishtirok etadi.

Barcha tadbirlar har kuni 22-martgacha, 23-martdan 15-aprelgacha esa har shanba va yakshanba kunlari soat 18:00 dan 21:00 gacha o‘tkaziladi.

Navro‘z bayrami O‘zbekistonning Samarqand, Buxoro, Xiva kabi qadimiy shaharlarida ham o‘zgacha shukuh bilan nishonlanadi. U yerda chinakam milliy, bayramona muhit hukm suradi: ko‘chalar chiroyli liboslardagi kishilar bilan gavjum bo‘ladi, bog‘larda qo‘shiqlar va raqslar ijro etiladi, hamma joyda musiqa yangraydi, odamlar bog‘lardagi maysazorlarda mazali palov yeyishadi, ko‘plab kafelardan taomlarning xushbo‘y hidlari kelib turadi. Umuman olganda, ajoyib tarzda dam olish uchun joy topish qiyin emas.


21-mart kuni samarqandliklar va shahar mehmonlari uchun Alisher Navoiy ko‘chasida gastronomik festival bo‘lib o‘tadi.


Gastronomik festival doirasida quyidagilar tashkil etiladi:

- palov chempionati;

- sumalak va halim bayrami;

- kabob, somsa va bichak festivali.

18-mart kuni Buxoro shahridagi “Shahriston” tarixiy majmuasida Navro‘z bayrami arafasida “Mohir pazanda” yirik gastronomik festivali bo‘lib o‘tadi. Festival doirasida mazali, foydali va xushbo‘y milliy taomlar yarmarkasi, konsert dasturi namoyish etiladi.

Bayram kunlari Poyi Kalon majmuasi yonidagi tarixiy maydonda ommaviy sayillar, qadimiy shaharning xalq ustaxonalarida xalq amaliy san’ati, zargarlik buyumlari, zardo‘zlik, hunarmandchilik mahsulotlari yarmarkalari ochiladi.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Shuningdek, oʻqing