2026-yil 20–22-mart kunlari Ispaniya Qirolligining Barselona shahrida “B-Travel” xalqaro turizm ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Ushbu ko‘rgazma Ispaniya va Janubiy Yevropadagi eng yirik turizm tadbirlaridan biri hisoblanadi.
Bu yil Oʻzbekiston ilk bor mazkur ko‘rgazmada “Hamkor mamlakat” maqomida ishtirok etmoqda. Bu esa Yevropa turizm bozorida Markaziy Osiyo yo‘nalishlariga qiziqish ortib borayotganini hamda Oʻzbekistonning istiqbolli turistik yo‘nalish sifatidagi o‘rni tobora mustahkamlanayotganini ko‘rsatmoqda.
“B-Travel” an’anaviy ravishda turizm sanoatining professional B2B segmenti va keng iste’molchi bozorini birlashtiradi. U xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, turistik mahsulotlarni taqdim etish va yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish uchun samarali platforma hisoblanadi.
2026-yilda ko‘rgazmada quyidagilar kutilmoqda:
Tadbirda milliy va hududiy turizm ma’muriyatlari, yetakchi turoperatorlar, aviakompaniyalar, kruiz kompaniyalari, mehmonxona tarmoqlari, shuningdek, DMC va MICE sektor vakillari qatnashadi. Ko‘rgazma dasturi boy ishbilarmonlik kun tartibini o‘z ichiga oladi: B2B uchrashuvlar, tematik forumlar, turistik yo‘nalishlar taqdimotlari hamda barqaror turizm va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan professional muhokamalar.
Ko‘rgazmada “Hamkor mamlakat” sifatida ishtirok etish Oʻzbekistonga xalqaro miqyosda kengroq targ‘ibot imkoniyatlarini taqdim etadi. Ispaniyaning mashhur «Europa Press» axborot agentligi va “Demócrata” nashrida “B-Travel” O‘zbekistonni Barselonada bo‘lib o‘tadigan navbatdagi ko‘rgazmasining mehmon mamlakati deb eʼlon qildi” sarlavhali maqola chop etildi. Shuningdek, mamlakatning turizm salohiyati nafaqat milliy stendda, balki ko‘rgazmaning rasmiy kommunikatsiya platformalari — raqamli kanallari, rasmiy sayti, marketing materiallari, media-aloqalar hamda tashrif buyuruvchilar uchun mo‘ljallangan axborot resurslarida ham namoyish etiladi. Bu esa Oʻzbekiston turizm brendining xalqaro auditoriya orasida yanada keng tanilishiga xizmat qiladi.
“Hamkor mamlakat” maqomi Oʻzbekistonga o‘zining turizm salohiyati, boy madaniy merosi, Buyuk ipak yo‘lining noyob yo‘nalishlari, milliy gastronomiyasi, hunarmandchiligi hamda zamonaviy turistik imkoniyatlarini keng namoyish etish imkonini beradi.
Ko‘rgazmada ishtirok etish Oʻzbekiston turizm brendini Yevropa bozorida mustahkamlash, xalqaro turoperatorlar va aviakompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirish, shuningdek mamlakatni Yevropa, Lotin Amerikasi va dunyoning boshqa mintaqalaridan keluvchi sayyohlar orasida targ‘ib qilish yo‘lida muhim qadam bo‘ladi.
Mazkur tadbir respublikamizni Buyuk ipak yo‘lining qadimiy shaharlari, boy madaniy merosi, o‘ziga xos an’analari va mehmondo‘stligi bilan uyg‘unlashgan noyob tarixiy-madaniy hamda zamonaviy turistik yo‘nalish sifatida xalqaro miqyosda yanada faol targ‘ib qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Ko‘rgazma bo‘yicha batafsil ma’lumot olish uchun
📞 +998 91 429 97 77 telefon raqamiga murojaat qilishingiz mumkin.
Izoh