Xavfsizlik va O'zbekiston bo'ylab sayohatlarning o'ziga xos jihatlari

“O‘zbekiston – Bahrayn” xalqaro turizm forumi: turizm sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash

10.07.2025 282

2025-yil 9-iyul kuni Bahrayn Qirolligida Turizm qo‘mitasi hamda O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan “O‘zbekiston – Bahrayn” xalqaro turizm forumi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Ushbu muhim tadbir O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini arab mamlakatlarida targ‘ib qilish va turizm sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish uchun samarali maydon vazifasini o‘tadi.

Forumda ikki mamlakatning vazirlik va idoralari, sayyohlik kompaniyalari, aviatashuvchilar, savdo-sanoat palatalari hamda ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi. Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev, O‘zbekistonning Bahrayndagi elchisi (qarorgohi Ar-Riyodda joylashgan) Nodirjon Turg‘unov, shuningdek, Bahrayn Turizm vaziri Fatima Jaafar Al‑Sayrafi o‘z nutqlarida hamkorlikni kuchaytirish, tajriba almashish va qo‘shma sayyohlik tashabbuslarini amalga oshirishning muhimligini ta’kidladilar.

Forum doirasida “O‘zbekiston - Ipak yo‘li durdonasi” taqdimoti o‘tkazilib, unda tarixiy-madaniy meros, sayyohlik yo‘nalishlari, shuningdek, ziyorat, tibbiyot, gastronomiya va ekologik turizm sohalaridagi yangi imkoniyatlar keng ko‘lamda namoyish etildi. O‘zbekistondagi YUNESKO Butunjahon merosi obyektlari va infratuzilmani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirning muhim qismi ikki davlat turizm sohasi vakillari o‘rtasidagi “B2B” va “G2B” uchrashuvlari bo‘ldi. Bu uchrashuvlar bevosita aloqalar o‘rnatish, sayohatlarni tashkil etish istiqboli loyihalarni muhokama qilish, shuningdek, Bahrayn turoperatorlari va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun info-turlarni o‘tkazish imkoniyatini yaratdi.

Manama mehmonlari va aholisi uchun Prezident Sh.M. Mirziyoyev rahbarligida turizm sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, infratuzilmani rivojlantirish va yangi sayyohlik obyektlarini barpo etish, madaniy meros yodgorliklari, milliy taomlar, hunarmandchilik hamda o‘zbek xalqining an’analarini aks ettiruvchi “Yangi O‘zbekiston” nomli fotoko‘rgazma tashkil etildi.

“O‘zbekiston - Bahrayn" xalqaro turizm forumi Bahrayn aholisining O‘zbekistonga bo‘lgan katta qiziqishini ko‘rsatdi, uning sayyohlik uchun istiqbolli yo‘nalish sifatidagi o‘rnini mustahkamladi va mintaqada hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochdi.

Izoh

0

Fikr qoldiring

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali tizimga kirishingiz kerak:


Avtorizatsiyadan o'tib, siz ma'lumotlaringizni qayta ishlashga rozilik bildirasiz shaxsiy ma'lumotlar