Oʻzbekiston Turizm qoʻmitasi raisi Umid Shadiyev boshchiligidagi delegatsiya 2024-yilning 5-7-noyabr kunlari mehmonxonalar, sayyohlik agentliklari, turoperatorlar, onlayn platformalar, aviakompaniyalar va boshqa sayyohlik sanoati mutaxassislarini birlashtirgan, dunyodagi eng yirik turizm koʻrgazmalaridan biri bo‘lgan “WTM London 2024” (World Travel Market) ishida ishtirok etmoqda.
Londondagi “ExCeL” ko‘rgazmalar majmuasida o‘tkazilayotgan tadbirda dunyoning 184 dan ortiq davlatidan 4 mingdan ortiq turizm va turdosh soha vakillari o‘z stendlari bilan ishtirok etmoqda.
Mazkur ko‘rgazmada O‘zbekiston turizm brendining yagona stendi tashkil etilib, unda ko‘rgazma ishtirokchilari va mehmonlari mamlakatimiz an’analari, urf-odatlari va boy madaniyati bilan yaqindan tanishadilar.
Milliy stendda “AFSONA-TRAVEL”, “ASIA ADVENTURES LTD”, “Asialuxe Travel MChJ”, “Central Asia Travel”, “Dolores Travel Services”, “INTER MICE ASIA”, “Orient Voyages” “Peopletravel”, “ROCKET DMC UZBEKISTAN”, “Sitara Travel” kabi 10 dan ortiq mahalliy sayyohlik tashkilotlari, shuningdek, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati oʻz sayohat xizmatlari va mahsulotlarini namoyish etmoqda.
Ko‘rgazma doirasida mehmonlar uchun tashkil etilgan madaniy dasturga alohida e’tibor qaratilgan. Xorazmlik sozandalar O‘zbekistonning o‘ziga xos musiqa madaniyatini aks ettiruvchi milliy kuy va raqslardan iborat chiqishlarini namoyish etmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi xorijiy hamkorlar bilan O‘zbekistonning turizm salohiyatini xorijda targ‘ib qilish va mamlakatimizga sayyohlar oqimini ko‘paytirishga qaratilgan turizm sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish maqsadida qator uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Ma’lumot uchun:
“WTM London” so‘nggi 40 yil ichida sezilarli darajada o‘sdi. 1980-yilda London Olimpiadasida bo‘lib o‘tgan birinchi “WTM” ko‘rgazmasida 40 ta mamlakat, 221 ta eksponent va 9 000 ga yaqin mehmonlar tashrif buyurgan. Ikki marta ko‘chishdan so‘ng (1992-yilda “Earls Court” va 2002-yilda “ExCeL”) 40 yil o‘tgach, “WTM London” hozirda 2,8 milliard funt sterlinglik sanoat bitimlarini osonlashtiradi va 182 mamlakat va mintaqadan taxminan 5000 mutaxassis va 51 000 dan ortiq ishtirokchiga ega.
Izoh