O‘zbekiston joriy yilning 15-17-sentyabr kunlari Parijda o‘tkaziladigan “IFTM Top Resa – 2026” xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasining hamkor mamlakati deb e’lon qilindi. “Country of Honor” faxriy maqomining berilishi O‘zbekistonning jahon turizm yo‘nalishidagi imidji ortib borayotganini ko‘rsatadi hamda uning sayohat va madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tashabbuslardagi faol rolining muhim e’tirofi hisoblanadi.
“IFTM Top Resa” - Fransiyaning eng yirik sayyohlik ko‘rgazmasi bo‘lib, turizmning barcha yo‘nalishlarini o‘z ichiga oladi: dam olish, ishbilarmonlik safarlari, MICE va guruh sayohatlar. Ko‘rgazma har yili minglab soha mutaxassislarini to‘playdi va hamkorlik aloqalarini o‘rnatish hamda tajriba almashish uchun Yevropaning yetakchi sayyohlik maydonchalaridan biri sanaladi. O‘zbekistonning hamkor mamlakat sifatidagi ishtiroki unga ko‘rgazmaning ishbilarmonlik va media dasturida markaziy o‘rinni egallash imkonini beradi.
“Country of Honor” maqomi keng ko‘lamli imtiyozlarni taqdim etadi: milliy stend kengaytirilgan ko‘rgazma maydoniga ega bo‘ladi, rasmiy marosimlarda mamlakatga alohida e’tibor qaratiladi va u haqidagi ma’lumotlar ko‘rgazmaning yetakchi axborot manbalarida chop etiladi. Bundan tashqari, bu maxsus sessiyalar, seminarlar va B2B uchrashuvlarini tashkil etish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratadi.
Tashkilotchilar O‘zbekistonni “Buyuk Ipak yo‘lining haqiqiy durdonasi” deb ta’kidlaydilar. Mamlakat sayyohlik sohasining jadal o‘sishini va innovatsiyalarga ochiqligini namoyish etmoqda, bu esa uni sayohat uchun eng istiqbolli yo‘nalishlardan biriga aylantirmoqda.
“IFTM Top Resa – 2026” tadbirida hamkor davlat maqomida ishtirok etish O‘zbekistonning xalqaro imijini mustahkamlashda muhim qadam bo‘ladi, Fransiya va Yevropaning boshqa davlatlari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi, shuningdek, mamlakatimiz turizm sohasining yanada rivojlanishi uchun muhim omil vazifasini o‘taydi.
Izoh