Xavfsizlik va O'zbekiston bo'ylab sayohatlarning o'ziga xos jihatlari

O‘zbekiston hududida joylashgan g‘orlar

1200

1. Boysun tog‘laridagi Teshiktosh g‘ori

Surxondaryo viloyatining Boysun janubiy yonbag‘rida mashhur Teshiktosh g‘ori va unguri joylashgan. G‘or Zovtalashsoy darasida bo‘lib, u yerda katta teshikli ulkan toshni ko‘rish mumkin. Bu joy XX asrning 30-yillarida olimlar tomonidan 9 yoshli neandertal bola va qadimgi hayvonlarning qoldiqlari: echki shoxlari, yovvoyi ot va qoplon suyaklari topilgani bilan mashhurdir. Yaqin atrofdan tosh davriga oid mehnat qurollari ham topilgan. Bugungi kunda Teshiktosh O‘zbekistonning eng noyob arxeologik qo‘riqxonalaridan biri hisoblanadi. Yurtimizning ming yillik madaniyatini o‘zida mujassam etgan so‘lim tabiati kishini lol qoldiradi.

2. Amir Temur g‘ori

G‘or Qashqadaryo viloyatidagi “Kalla-i-Shiron”, ya’ni “Arslon qal’asi” deb ataluvchi joyda joylashgan. Bu ikki yuz metrlik tik dara va tog‘ daryosining to‘xtovsiz shiddatli oqimi bo‘lib, u yerga faqat tor so‘qmoqdan tushish mumkin. G‘orga yuqoridan nazar tashlansa, uning nima uchun shunday atalganini tushunish mumkin. U chindan ham qal’aga o‘xshaydi. Toshli bo‘shliq ikki g‘ordan iborat: asosiysi 750 metr va umumiysi 190 metr uzunlikda. Ehtimol, ilgari bu yerda yaxlit bir g‘or bo‘lgan va keyinchalik vayron bo‘lgan. Uning dengiz sathidan balandligi 2550 metrni tashkil etadi. Mahalliy rivoyatlarga ko‘ra, Qashqadaryoni zabt etishdan oldin Amir Temur o‘z qo‘shini bilan shu g‘orda qishlab qolgan.

3. Kiyev g‘ori


Samarqand viloyatidagi Zarafshon tizmasining tog‘oldi massivlarida hozirgacha insoniyat uchun sir bo‘lib kelayotgan Kiyev g‘ori joylashgan. U 1972-yilda Kiyev speleologik tadqiqotlar ilmiy laboratoriyasining olimlari tomonidan kashf etilgan. 1972-yildan boshlab bu yerda har yili ilmiy ekspeditsiyalar o‘tkazilib, har safar ushbu g‘orning yangi chuqurliklari aniqlangan. 1977-yilda Butunittifoq speleologik ekspeditsiyasi g‘or shaxtasining aniq chuqurligini - 990 metr ekanligini aniqladi va chuqurligi deyarli 2 metr bo‘lgan oqar ko‘llar tizimini topdi. Oqava suvlar chuqurligi 10 metrgacha bo‘lgan yagona chuqur ko‘lga quyiladi, bu esa g‘orga haqiqiy ertaksimon ko‘rinish baxsh etadi.

4. Qora yulduz g‘ori - Osiyoning yer ostidagi Everesti


Hozirgacha sakkizta ekspeditsiya Surxondaryo viloyatidagi Qora Yulduz g‘orini o‘rgandi. Uning qanchalik uzoqqa cho‘zilganini hech kim bilmaydi. Qora yulduzning noyob yer osti ko‘llari o‘zining chuqurligi va go‘zalligi bilan hayratga soladi. G‘or ichida moviy muz bor, u chuqurroqda yalang‘och qoyalarga ulanib ketgan. G‘or 1984-yilda kashf etilgan, ammo 1990-yilda ingliz speleologlari tomonidan atroflicha o‘rganilgan. Bugungi kunga qadar sakkizta ekspeditsiya Qora Yulduzning 11 milga yaqin yo‘laklarini aniqladi, ularning eng chuqur joyi yer sathidan taxminan 3000 fut pastda joylashgan.

5. Peshag‘or g‘ori

Peshag‘or g‘ori Jizzax viloyatida, Peshag‘or darasida, shu nomdagi tog‘ qishlog‘i yonida joylashgan bo‘lib, to‘rtta g‘ordan iborat tabiat majmuasining bir qismidir. “Peshag‘or” nomi “dahliz” yoki “g‘orga kirish” degan ma’noni anglatadi. U barcha g‘orlarning eng kattasi bo‘lib, unga kirish uchun o‘lchami 1x1,5 metrlik tirqishdan o‘tish kerak. G‘orda qadimgi odamlar yashagani haqida ko‘plab topilmalar va hayot izlari guvohlik beradi. Markaziy zalning devorlari va gumbazi qurum bilan qoplangan. U yerdan miloddan avvalgi IV asrga oid idishlar, uy-ro‘zg‘or buyumlari, qoyatosh suratlari, qabrlar va suyaklar topilgan. G‘orning o‘zi ancha chuqur bo‘lib, uning ichida hali speleologlar o‘rganishi lozim bo‘lgan boshqa zallar ham mavjud.

6. “Xo‘jaikon” tabiiy tuz g‘ori


Salomatlik uchun foydali bo‘lgan bu ajoyib joy Surxondaryo viloyatida, Sherobod tumanidagi Ko‘hitang tog‘ tizmasining janubi-sharqiy yonbag‘rida joylashgan. U dengiz sathidan 1200 metr balandlikda joylashgan va 1989-yilda kashf etilgan. Tashqi ko‘rinishi katta tuz monolitidan iborat bo‘lib, uning ichida galereyalar tizimi mavjud. Galereyalar ichida harorat, namlik, bosim va mikroelementlar bilan bir-biridan farq qiladigan beshta davolash xona-kameralari bor. G‘or devorlari o‘ziga xos tarzda bir santimetrdan uch santimetrgacha qalinlikdagi tuz qatlami bilan qoplangan, yo‘lakda tuz eritmali buloq mavjud. Xo‘jaikon g‘orida bo‘lish nafas yo‘llari allergik kasalliklari, o‘tkir va uzoq davom etuvchi surunkali bronxit, astma, pnevmoniya asoratlari, immuniteti pasaygan bemorlar va teri kasalliklarini davolashda foydali qo‘shimcha vosita hisoblanadi.

7. Hazrati Dovud g‘ori


Samarqanddan 40 kilometr uzoqlikdagi Oqsoy qishlog‘ida arxeologik yodgorlik, ziyoratgoh - Hazrati Dovud yoki avliyo Dovud g‘ori joylashgan. G‘orga yetib borish uchun 1303 ta zinapoyani bosib o‘tib, yuqoriga ko‘tarilish kerak. Tog‘ning eng cho‘qqisida qadimiy masjid joylashgan bo‘lib, agar 200 ta zinapoyadan pastga tushsangiz, avliyoning g‘origa kirishingiz mumkin. G‘or uzun tunnelga o‘xshaydi, uning oxirida Hazrati Dovudning kaft va oyoq izlari saqlanib qolgan. Agar ularga qo‘l tekkizsangiz, eng ezgu tilagingiz ham, albatta, amalga oshadi.

Izoh

0

Fikr qoldiring

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali tizimga kirishingiz kerak:


Avtorizatsiyadan o'tib, siz ma'lumotlaringizni qayta ishlashga rozilik bildirasiz shaxsiy ma'lumotlar