Foto va Video

Surxondaryo – qadimiy sivilizatsiyalar beshigi

344

Surxondaryo viloyatining tarixi buyuk sivilizatsiyalarning boshlanishiga borib taqaladigan qadimiy ildizlarga ega. O‘zbekistonning ushbu ajoyib go‘shasi o‘zining tarixiy yodgorliklari va go‘zal tabiati bilan mashhurdir. Viloyat maftunkor manzaralari va betakror tabiiy manzillari bilan tanilgan Hisor, Bobotog‘, Ko‘hitang tog‘lari etaklarida joylashgan. Hududda topilgan mineral suvlarning boy zaxiralari dam olishning muhim manbayi bo‘lib, shifobaxsh xususiyatlarga ega. Surxondaryoga sayohat qiziqarli tajriba bo‘lib, unda O‘zbekiston uchun noodatiy landshaftlar bilan tanishish, rang-barang me’moriy obidalarni ko‘rish va ushbu hududning o‘ziga xos madaniyatidan bahramand bo‘lish mumkin.

Qizil kanyonKanyon Surxondaryo viloyatining Boysun qishlogʻi yaqinida joylashgan. Uzunligi 30 kilometrni tashkil qiladi, uning eng baland joyi esa 1218 metr balandlikdagi Bo‘ritaxt tog‘idir. Bu yerda tabiat bir necha o‘nlab kilometrlarga cho‘zilgan g‘ayrioddiy labirintlarni yaratgan, relyefning har bir burmasi esa hayratlanarli manzaralarni ochib beradi. Bahor mavsumida kanyonning ko‘rinishi odatdagi sovuq tosh ko‘rinishidan farq qiladi, chunki yuza butunlay turli xil o‘simliklar bilan qoplanadi, ular orasida noyob dorivor o‘tlarni ham topish mumkin. Bu joy chindan ham ajoyib bo‘lib, O‘zbekiston mo‘jizalaridan biri maqomiga loyiqdir.
Boybuloq g‘ori

Surxondaryo viloyatida joylashgan Cho‘lbayir togʻ tizmasida Boybuloq nomli ajoyib gʻor bor. U butun Osiyo qit’asidagi eng chuqur g‘or hisoblanadi, uning chuqurligi qariyb 1415 metrni tashkil etadi. Boysun tumani markazidan 60 kilometr uzoqlikda joylashgan Boybuloq texnik jihatdan murakkab obyekt boʻlib, beshinchi murakkablik toifasiga kiradi. 1985-yilda bu o‘ziga xos manzil birinchi marta tadqiq qilindi. G‘orning ichida turli to‘siqlar, jumladan, yarim sifonlar va sifonlar, vertikal burmalar, 180 metr chuqurlikdagi tor vertikal shaxtalar va suv bilan to‘lgan yo‘laklar mavjud. Boybuloqning o‘lchami ulkan bo‘lib, uning chuqurligi yer ostidagi o‘tib bo‘lmaydigan sifongacha 1158 metrga cho‘zilgan, tepa qismi esa 359 metr balandlikda joylashgan. 1517 metrga yetadigan amplitudasi ham kishini hayratga soladi. 1283 metr chuqurlikda joylashgan Boybuloq Vishnevskiy g‘ori bilan tutashgan. Ushbu ikkita g‘or 2033 metr chuqurlikda taxminan 30 kmga cho‘zilgan potensial tutashuvga ega. Bu
esa Boybuloqni chuqurligi bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda turishini ta’minlaydi.
Xo‘ja Gurgur ota massiviXo‘ja Gurgur ota massivining nomi “barcha g‘orlarning otasi” degan ma’noni anglatadi. Dengiz sathidan 3700 balandlikda sovuq yovvoyi tabiat oshyoni bo‘lgan olis hudud joylashgan. Tog‘ tizmasining ulkan nishab cho‘qqisi bir tomondan 500 metr balandlikdagi purviqor qoya va boshqa tomondan platoni bo‘lib turuvchi yoriqlar va chuqur kanyonlar bilan tugaydi. Bu yerda dinozavrlarning toshga aylangan izlari, bazalt parchalari va juda g‘ayrioddiy shakldagi toshlarni, shuningdek, avliyo Xumajoy ota dafn etilgan joyni ko‘rish mumkin. Xo‘ja Gurgur ota qiyaligi vertikal ravishda cho‘zilgan va unda ko‘plab g‘orlarga kirish tirqishlari bor, bu g‘orlarning aksariyati hali o‘rganilmagan. Qolaversa, massivning eng baland nuqtasiga ko‘tarilganingizda o‘zingizni bir olamni ikkinchisidan ajratib turuvchi ulkan devor ustida turgandek his qilasiz.

Machay g‘ori

Machay gʻori Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida joylashgan ibtidoiy odamlarning yana bir manzilgohidir. U Kohitang tog‘i yaqinida, Machay daryosining o‘ng sohilida joylashgan. G‘orning balandligi 3,4 metrdan 4 metrgacha yetadi, uzunligi 8 metrga, eni esa 10 metrga yaqin. U ikki madaniy qatlamdan iborat: ustki qatlami mezolitga, pastki qavati esa kech mezolit va ilk neolit davriga tegishli. G‘or ichidan mezolit davriga oid erkak va ayol suyaklari topilgan. Tosh davrida odamlar qanday yashaganligi to‘g‘risida ma’lumot beruvchi moddiy manbalarning mavjudligi ilm ahli orasida katta qiziqish uyg‘otadi. Tadqiqotlar natijasida Machay g‘orida o‘sha davrlarning turmush tarzini ko‘rsatadigan ko‘plab artefaktlar topilgan. Topilmalar orasida 87 xil tosh, 15 xil hayvon turlarining suyaklaridan yasalgan yuzlab qurollar, shuningdek, tosh pichoqlar, boltalar, tutqichlar, arra tishli qurollar, oʻq uchlari, kamon va nayzalar bor edi. Machay g‘orining aholisi bu turli xil qurollardan uy va yovvoyi hayvonlarning terisini shilishda foydalangan, keyin esa o‘zlari uchun kiyim tayyorlagan. Ushbu topilmalar olimlar uchun katta ahamiyatga ega, chunki ular o‘sha davr odamlarining turmush tarzini yaxshiroq tushunishga imkon beradi.
Sangardak sharsharasiSangardak sharsharasi Surxondaryo togʻlari darasi orasida joylashgan boʻlib, mamlakat tabiat olamining moʻjizalaridan biri hisoblanadi. Sharshara Sariosiyo hududida joylashgan boʻlib, Termiz shahridan 205 kilometr, Denovdan 30 kilometr uzoqlikda joylashgan. Sangardak sharsharasi tog‘ daryosidan emas, balki g‘orlar ichidan oqib o‘tadigan karst suvlaridan hosil bo‘lgan. Shunday qilib, odamlar orasida sharsharaning shifobaxsh xususiyatlari haqida turli rivoyatlar va e’tiqodlar mavjud. Qolaversa, ta’kidlash lozimki, hatto qadimgi arablar, yunonlar, Movarounnahr hukmdorlari va boshqa xalqlar ham sharsharani tomosha qilish uchun bu yerga tashrif buyurganlar.
Teshiktosh g‘oriTeshiktosh gʻori Boysuntov togʻlari yon bagʻirlarida joylashgan. Olis 1938-yilda qazishmalar paytida arxeologlar bu yerda qadimiy qabrga duch kelganlar. Olimlar 1,5 metr qalinlikdagi beshta madaniy qatlamni aniqladilar. Gil qatlamlari va shag‘al qatlamlarni bir-biridan ajratib turardi. Neandertal bola qoldiqlari g‘ordagi eng mashhur topilma bo‘lib, u mazkur joyni butun dunyoga mashhur qildi. Bu qoldiqlarni topgan sovet arxeologi A.P. Okladnikov keyinchalik Stalin mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Zarautsoy darasi

Dara Surxondaryo viloyatidagi Qoʻhitang togʻlarida joylashgan. Bular Hisor tog‘larining janubi-gʻarbiy tizmasidir. Topilgan qoyatosh rasmlari ibtidoiy sanʼatning nodir namunalaridir. Zarautsoydagi barcha qoyatosh suratlari O‘zbekistondagi boshqa petrogliflardan farqli o‘laroq, qizil oxra bilan chizilgan. Yugurayotgan buqalar, jayronlar, sayg‘oqlar, uchayotgan o‘qlar, o‘ljani quvayotgan itlar hamda kamon va bolta tutgan odamlar, shuningdek, ov bilan bog‘liq marosimlarni aniq bajaruvchi sirli qalpoqli siymolar tasvirlangan ta’sirli ov manzaralari qadimiy odamlarning ushbu noyob san’ati ixlosmandlarida qiziqish va hayrat uyg‘otishi mumkin. Hozirgi kunda 1940-yilda topilgan 200 ta tasvirdan Zarautsoy qoyalarida faqat 40 tasigina saqlanib qolgan.

Dinozavr izlariGumatak qishlog‘idagi Bo‘r davriga oid ohaktoshlarda tuyoqli dinozavrlarning izlari topilgan. Ushbu izlar mashinadan tushgach, atigi 300 metr yurgandan keyin osongina yetib borsa bo‘ladigan tosh plitada joylashgan. Speleologlar Surxondaryoda boshqa yirik dinozavrlarning izlarini ham aniqlaganlar, ammo ularni ko‘rish uchun alohida sayohat qilish kerak bo‘ladi.

Karishoto daralari

Surxondaryo viloyatida yana bir g‘ayrioddiy manzil – Karishooto daralari joylashgan. Daralar issiq va quruq joyda bo‘lishiga qaramay, devorlari bo‘ylab karst sharsharalari mavjud. Bu yerda o‘zingizni go‘yo go‘zal vohaga kirgandek his qilasiz. Bir necha joyda daralar ancha baland bo‘lgan sharsharalar tufayli o‘tishga to‘sqinlik qiladi, ammo ularga yetib borganingizda, daraning ikki yo‘nalishda davom etganligini ko‘rishingiz mumkin.

Kaptarxona kanyoniBu kanyondan uzoq vaqtlardan buyon bir necha ming yovvoyi kaptarlar makon topgan va shuning uchun bu joy “kaptarxona” deb nom olgan. Bir vaqtlar kanyon butunlay bo‘sh bo‘lgan, faqat juda ko‘p sonli kaptarlargina bu yerni oshyon qilgan edi, shu boisdan ham bu manzilni bemalol kaptarlar saltanati deyish mumkin bo‘lgan. Kaptarxona - tor daralar boʻylab cho‘zilgan egri so‘qmoqdir. Yo‘l bo‘ylab turli ko‘rinishdagi harsangtoshlar uchraydi. Maftunkor qoyalar ortida ajoyib manzaralar yashiringan.

Xo‘jayikon tuz g‘ori

Xo‘jayikon tuz g‘ori 1989-yilda ochilgan bo‘lib, o‘shandan buyon havoda tuz va yengil manfiy havo ionlari konsentratsiyasi tufayli odamlarga astma, surunkali bronxit, pnevmoniya asoratlari kabi turli nafas yo‘llari kasalliklarini, shuningdek, har xil teri muammolarini yengishga yordam berib kelmoqda. G‘or uzunligi 155 metrlik tuz monolitdan iborat bo‘lib, uning ichida 3 ta davolash xonasi - kameralar mavjud, ularning har biri harorati, namligi, bosimi va mikroelementlarning tarkibi bilan farqlanadi. Davolash muolajasi kuniga atigi 2-2,5 soatni tashkil etadi.
Kanbeshbuloq meteorit ko‘liKanbeshbuloq koʻli Surxondaryo viloyatining gʻarbidagi Xamkon tog‘ida joylashgan. Ko‘l ajoyib tabiat yodgorligidir. Olimlarning fikricha, bu ko‘l meteorit qulashi natijasida hosil bo‘lgan. Ularning fikriga ko‘ra, bu suv bilan to‘lgan meteorit krateri bo‘lib, Kanbeshbuloq nomini olgan. Ko‘l yonbag‘irlarini tashkil etuvchi portlovchi qizil qumtoshlar ko‘ling kelib chiqishiga ishora qiladi.
Panjob darasi

Panjob darasi Oʻzbekistonning Surxondaryo viloyatidagi Qoʻhitangtov tizmasi etaklarida, Termiz shahridan 125 km shimoli-gʻarbda joylashgan. Bu juda go‘zal dara bo‘lib, unda Karishoto tog‘massividagi kichik Gazak daryosi ohaktosh, gips va tosh tuzi orqali o‘tib, balandligi 200 metrdan oshadigan tik qoyalardan iborat ulkan go‘zal kanyonni hosil qiladi. Ba’zi joylarda daralar kengligi ikki metrdan oshmaydi. Daraning tor yo‘laklarida eng go‘zal joy kanyonning o‘ng tomonidagi 30 metrlik qismidir. Bu joyda suv yorqin yashil yo‘sin bilan qoplangan toshdan sizib yoki alohida oqimlarda otilib, quyosh nurlari ostida bir nechta kamalak jilosini hosil qiladi.

Surxon davlat qoʻriqxonasiSurxon davlat qoʻriqxonasi Oʻzbekistonning Surxondaryo viloyatida, Termiz shahridan atigi 60 kilometr uzoqlikda joylashgan. Qoʻriqxona 1986-yilda Qoʻhitang va Orol Paygʻambar qoʻriqxonalarini birlashtirish natijasida tashkil etilgan. Uni yaratishdan maqsad o‘simlik va hayvonlarning noyob turlarini asrash va tiklash edi. Qo‘riqxona Surxondaryo viloyatining Sherobod va Termiz tumanlarida joylashgan ikki alohida qismdan iborat. Mazkur qo‘riqxona 24554 gektar maydonni egallaydi va Hisor tizmasining janubi-g‘arbiy etaklarida dengiz sathidan 3157 metr balandlikda joylashgan. Surxon qo‘riqxonasida hozirda 130 dan ortiq qush turlari, shuningdek, sut emizuvchilarning 25 dan ortiq, sudralib yuruvchilarning 27 turi, shu bilan birga, 2 turdagi amfibiya va baliq turlari mavjud.

Kampirtepa qal’asi

Kampirtepa - Oʻzbekiston hududidagi qadimiy arxeologik yodgorlik boʻlib, u Amudaryo (ilgari Oksus nomi bilan atalgan) sohilida joylashgan qadimiy port shahar hisoblangan. Miloddan avvalgi IV asr oxirida tashkil etilgan va eramizning I asri boshlarigacha mavjud boʻlgan. Bu manzilning asosiy ahamiyati Burdaguy daryosidan oʻtishda, shuningdek, mehmonxona va bojxona sifatida xizmat qilishda edi. Kampirtepa Ipak yoʻli boʻylab sayohat qiluvchi savdogarlar uchun oʻtish joyi boʻlib xizmat qilgan, ular bu yerda dam olishlari, mollarini yuklashlari, namoz oʻqishlari va sayohatlarini davom ettirishlari mumkin edi. Oʻnlab yillar davomida olib borilgan qazishmalar va yozma manbalarni oʻrganish natijasida Kampirtepa qal’asining oʻrni Amudaryoda Makedoniyalik Iskandar qurgan sirli Iskandariya Oksiana port shahri ekanligi aniqlandi.

To‘palang suv omboriO‘zbekiston o‘z hududidan oqib o‘tib, qo‘shni mamalakatlarga quyiluvchi ikki muhim daryo - Amudaryo va Sirdaryo bilan mashhurdir. Hisor togʻ tizmalari janubiy yonbagʻirdan boshlanuvchi Toʻpalang daryosining manbayi boʻlib xizmat qiladi. Shuni ta’kidlash kerakki, Surxondaryoning eng katta irmog‘ining uzunligi 117 kilometrni tashkil qiladi. Toʻpalang daryosining asosiy to‘yinish manbayi mavsumiy qor va muzlik suvlari hisoblanadi. Aynan shu tufayli daryo Surxondaryo viloyatining Denov, Sho‘rchi va Qumqo‘rg‘on tumanlarini suv bilan ta’minlamoqda.

“Omonxona” sanatoriysi va “Xo‘jayipok” sihatgohiBoysun shahri yaqinidagi tog‘larda joylashgan “Omonxona” balneologik sanatoriysi, Kenagi tog‘i etagida joylashgan “Xo‘jayipok” sihatgohi Surxondaryo viloyatidagi eng mashhur sog‘lomlashtirish majmualaridir. “Omonxona” sanatoriysidagi termal suv shifobaxsh xususiyatga ega bo‘lib, sanatoriyning sog‘lomlashtirish dasturlariga kiradi. Magnit terapiya, lazer terapiyasi, igna terapiyasi, suv muolajalari, massajlar yordamida jigar sirrozi, gepatit va boshqa kasalliklar davolanadi.

Xo‘jayipok shifoxonasi turli kasalliklar, jumladan, ginekologik muammolar, yurak-qon tomir kasalliklari, umumiy terapiya va nevrologik kasalliklarni davolashga ixtisoslashgan. Ijobiy natijaga erishish uchun gidroterapiya (shu jumladan mineral vannalar va sirkulyar dush), issiqlik terapiyasi, balchiq terapiyasi, fizioterapiya, elektroterapiya va ozon terapiyasi kabi turli usullar qo‘llaniladi.

Muolajalar tugagandan so‘ng, tashrif buyuruvchilar go‘zal tabiat manzaralaridan bahramand bo‘lishlari, sihatgohga tegishli basseynda suzishlari, tennis o‘ynashlari yoki sport klubida ochiq havoda boshqa mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishlari mumkin.

Hisor togʻlari

Hisor togʻlari Tojikistonning Hisor viloyati boʻylab sharqdan gʻarbga 200 kilometrga choʻzilgan togʻ tizmasi bo‘lib, u Pomir-Oloy tizimining gʻarbiy qismidir. Oʻzbekistonning eng baland cho‘qqisi Hazrat Sulton 4643 metr boʻlib, Oʻzbekiston va Tojikiston chegarasida joylashgan. Togʻ tizmasi Yevroosiyodagi noyob geologik qoyalar majmuasidir. Tarkibi granit intruziyalari bilan aralashgan qumtosh va kristall jinslardan iborat. Bundan tashqari, bu yerda Pomir-Oloyning barcha ekotizimlari va iqlimlari namoyon bo‘ladi. Tog‘ning eng baland joylarida muzliklar va toshloq yerlar bor. Tog‘larning janubiy qismida joylashgan Hisor tizmasining mashhur tabiat yodgorligi Amir Temur g‘oridir. 860 metrga cho‘zilgan bu tabiiy shakllanish O‘zbekistondagi eng katta yer osti ko‘li hisoblanadi. Shuni ta’kidlash kerakki, g‘orda Yunon-Baqtriya davridayoq (miloddan avvalgi IV-III asrlar) odamlar yashagan.

Termiz arxeologiya muzeyi2002-yilda Termiz shahrining 2500 yilligini nishonlash maqsadida Termiz arxeologiya muzeyi qurilib, foydalanishga topshirildi. Bugungi kunda bu Markaziy Osiyodagi yagona arxeologiya muzeyi boʻlib, undagi koʻplab noyob eksponatlar miloddan avvalgi 100-ming yilliklarga oiddir. Eng zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda namoyish etiladigan jahon ahamiyatiga molik 624 ta muzey yodgorliklari shular jumlasidandir.

Qoratepa majmuasiKoʻhna Termizning shimoli-gʻarbiy qismida joylashgan Qoratepa buddizm bilan bogʻliq boʻlgan sajdagoh hisoblanadi. Bu yerdagi uchta tepalikda eramizning II asrida qurilgan turli ibodatxonalar va monastirlar joylashgan. Qoratepa me’morchiligi o‘zining qumloqdagi g‘orlari va paxsa hamda xom g‘ishtdan qurilgan binolarining o‘ziga xos uyg‘unligi bilan diqqatga sazovordir.

Zurmala minorasi

Qadimiy Termiz shaharchasi xarobalari shimoli-sharqida 12 metr balandlikdagi buddaviylikkka oid Zurmala minorasdi joylashgan. U kushonlar davrida, taxminan milodiy I – II asrlarda, Oʻrta Osiyoda buddizm tarqalayotgan paytda qurilgan. Zamonaviy Termiz shahri qadimgi Termiz shaharchasidan 10 km g‘arbda joylashgan. Uning chekkasida o‘rta asrlarda qishloq xo‘jaligi maydonlarini qoplagan qadimgi buddaviylik imoratlarining butun majmualari qoldiqlarini ko‘rish mumkin. Vaqt o‘tishi bilan budda minorasi loy tepalikka aylandiki, uni diniy inshoot deb qabul qilish mushkul bo‘lib qoldi.

Al-Hakim at-Termiziy maqbarasiAl-Hakim at-Termiziy maqbarasi musulmonlar uchun muqaddas ziyoratgoh va meʼmoriy yodgorlik hisoblanadi. Maqbara Surxondaryo viloyati markazidagi muqaddas qadamjolardan biridir. Me’moriy yodgorlik hozirgi markazdan taxminan 60 kilometr uzoqlikda, eski Termizning shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan. Abu Abdulloh ibn Hasan ibn Bashir Al-Hakim at-Termiziy - buyuk islom arbobi, turli falsafiy va diniy asarlar muallifi, darveshlar tariqatining asoschisi. Chuqur bilimi va keng dunyoqarashi tufayli Al-Hakim, ya’ni donishmand degan nomni olgan at-Termiziy 80 ga yaqin asar yozgan.

Oq Ostona bobo maqbarasiSurxondaryo viloyati, Sariosiyo tumani, Telpak Chinor qishlogʻida Oq Ostona bobo maqbarasi bor. Olimlarning fikricha, maqbara Muhammad (s.a.v.)ning sahobasi Abu Hurayra qabri ustiga qurilgan. Maqbarada “Chorsi xona” deb nomlangan to‘rtta xona bor, unda g‘ishtlar bo‘laklab yotqizilgan bo‘lib, majmuaning shimoliy-sharqiy qismiga tom orqali kirish mumkin. Maqbaraga kiraverishda diametri yarim metrga yaqin bo‘lgan ikkita murakkab belgi o‘rnatilgan. Ushbu belgilarning mazmunini to‘g‘ri talqin qilish imkoniyati hali ham topilmagan.

Qirqqiz qal’asiEng qiziqarli qadimiy manzillardan biri Qirqqiz qal’asidir. Hozirgi vaqtda qal’a deyarli butunlay vayron bo‘lgan bo‘lsa-da, hatto xarobalar ham inshootning avvalgi mahobatini ko‘rish va qadimgi me’morlarning mahoratidan hayratlanish imkonini beradi. Qirqqizning simmetriyasi uning o‘ziga xosligini ta’minlaydi, har bir arka va yo‘lak qarama-qarshi tomonda takrorlanadi. Ikki yo‘lak binoni ko‘ndalang bo‘ylab kesib o‘tadi va uni to‘rtta teng qismga ajratadi. Taxminlarga ko‘ra, bu yer qishloq zodagonlarining saroyi, ayollar madrasasi, xonaqo yoki karvonsaroy bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Jarqo‘rg‘on minorasi

Minora Jarqo‘rg‘on shahridan 5 kilometr, Termizdan 40 kilometr uzoqlikda, Minor qishlog‘i yaqinida joylashgan. Binodagi yozuvni o‘qish tufayli ushbu me’moriy yodgorlik XII asrga tegishli ekanligi aniqlandi. Yozuvda qurilish eramizning 1108-1109-yillari orasida boshlangani aytiladi, biroq ba’zi olimlarning fikricha, sana boshqacha talqin qilinadi, shuningdek, qurilish 1110-yilda yakunlangan. Ushbu bino o‘zining dekorativ elementlari bilan betakrordir. O‘sha paytda minoralarni bezash uchun ko‘pincha mozaikalar ishlatilgan, bu minorada esa yuqoridan pastga maxsus pishgan g‘ishtdan archasimon naqshda terilgan dekorativ shakllarni ko‘ramiz.

Dalvarzintepa shahri xarobalariQudratli Kushon imperiyasining asosiy shahri bo‘lgan Dalvarzintepa shu paytgacha koʻplab tarixchi va arxeologlar tomonidan puxta oʻrganilgan. Qadimiy shahar xarobalari o‘zining sirlari va undan topilgan ko‘plab qimmatbaho buyumlari bilan diqqatni tortadi. Tarixdagi eng katta xazina bu yerda topilgan – 1972-yilda bu manzildan 36 kilogrammga yaqin oltin topilgan. Arxeologik qazishmalar Shimoliy Baqtriya me’morchiligi, madaniyati va istehkomlari haqida ko‘plab yangi ma’lumotlarni ochib berdi. Haykaltaroshlik, rangtasvir, haykalchalar kabi topilmalar Kushonlar davri xalqining yuksak madaniyatidan dalolat beradi. Ko‘pgina tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, Dalvarzintepa eng qadimiy buddaviylik inshooti hisoblanadi.

Sulton Saodat majmuasiOʻzbekistonning Surxondaryo viloyati markazida, Termiz shahri chekkasida Sulton Saodat meʼmoriy ansambli joylashgan. Yodgorlik majmuasi Muhammad payg‘ambarning bevosita avlodlari hisoblangan Termiz sayidlarining qabrlaridan iborat. Majmuada XI – XVII asrlarda qurilgan turli yodgorlik va diniy inshootlar mavjud. Barcha binolar turli vaqtlarda qurilganiga qaramay, umumiy me’moriy konsepsiyaga ega.

Kokildor ota xonaqohi

Termiz shahridagi Kokildor ota xonaqohi musulmonlar orasida eng hurmatli qadamjolardan biriga aylangan. Kokildor ota xonaqohi 1100-yillarning oʻrtalarida qurilgan. U betakror me’morchiligi, tarixi va musulmon olamidagi ahamiyati bilan boshqa dargohlar orasida ajralib turadi. Binoda ko‘plab qabr toshlari, shuningdek, islomiy avliyo Kokildor ota dafn etilgan. Bu taniqli din arbobi o‘zining beqiyos solihligi bilan mashhur bo‘lgan. Ushbu qadamjo uning xotirasiga qurilgan. Xonaqoh qayta ta’mirlangandan soʻng Kokildor ota temuriylar davrining barcha meʼmoriy yodgorliklariga xos boʻlgan ajoyib qiyofaga ega bo‘ldi.

Fayoztepa majmuasi

Fayoztepa majmuasi Surxondaryo viloyatining hozirgi Termiz shahridan
4 kilometr masofada joylashgan. Majmua 13 xonadan va ayvonli hovlidan iborat, oshxona esa chap tomondan qo‘shilgan. Majmuaning ba’zi joylarida taom tayyorlash uchun o‘choqlar, shuningdek, Baqtriya va boshqa qadimiy tillarda yozuv tushirilgan bosh suyaklari uchraydi. U yerda Geliokl (yunon-Baqtriya shohi), Kanishka (Kushon imperiyasi hukmdori) kabi hukmdorlar zarb qildirgan tangalar topilgan. Arxeologik qazishmalarga ko‘ra, monastirda ilgari rohiblar yashagan va ular ziyoratchilarni uy-joy bilan ta’minlagan. IV asrda Fayoztepa Sosoniylar armiyasi (fors hukmdorlari sulolasi) tomonidan bosib olingan, shundan so‘ng u faoliyat ko‘rsatishni to‘xtatgan. Ilgari majmua Xaya-Vihara deb nomlangan, bu “otliqlar monastiri” deb tarjima qilinadi, majmuaning hozirgi nomi esa Budda majmuasining qazishmalarida ishtirok etgan Surxondaryo o‘lkashunoslik muzeyi direktori R.F. Fayazov sharafiga qo‘yilgan.

Darband atroflari

Darband togʻ qishlogʻi Sherobod daryosi boʻylab muhim savdo yoʻlida joylashgan boʻlib, hozirgi Oʻzbekistonning janubiy viloyatlari, Shimoliy Afgʻoniston va Tojikistonni oʻsha paytda Shosh nomi bilan mashhur boʻlgan markaziy shahar Toshkent hamda Samarqand va Buxoro shaharlari bilan bogʻlagan. Darband atrofidagi yer juda zaralangan ko‘rinadi – ayrim joylarda baland qoyalar ulug‘vor darvozani tashkil qiladi, ayrim joylarda esa bosh uzra deyarli qo‘shilib, turli imperiyalar chegaralarini himoya qilishda bu yerda to‘kilgan qonni eslatuvchi alvon rangga kiradi. Shuningdek, sayohatchilarni o‘zlarining qudrati, kuchi va go‘zalligi bilan ajablantiradigan manzillar ham kutmoqda. Bu yerda siz g‘orlarni, shu jumladan Makedoniyalik Aleksandr tomonidan qamal qilingan mashhur Temir darvozani topasiz.

Aleksandr Nevskiy cherkovi

1901-yilda Termiz shahrida Muqaddas knyaz Aleksandr Nevskiy sharafiga cherkov qurildi. Hozirgi vaqtda cherkov juda yaxshi holatda saqlangan. Mazkur joyning o‘lchamlari hayratlanarli - qo‘ng‘iroq minorasi va ikonostaz kattagina joyni egallagan. Ibodatxona ichida 24x16 metrli xona bor. Bundan tashqari, cherkov ikonalar va boshqa cherkovga oid buyumlarga boy.

Qo‘rg‘onzol qal’asiQo‘rg‘onzol qal’asi - miloddan avvalgi 328-yilda Aleksandr Makedonskiy tomonidan barpo etilgan, Boysun yaqinidagi qoyada, 900 metr balandlikda joylashgan, yetish qiyin bo‘lgan inshoot. Qo‘rg‘onzol arxeologik qazishmalari 2003-yilda boshlangan va u ellinizm davriga oid ekanligi aniqlangan. Qal’a miloddan avvalgi IV asrga tegishli bo‘lib, unda ellikka yaqin askar bo‘lgan va kiraverishda oltita minora bilan himoyalangan, degan asoslar mavjud. Qurilishni yakunlash uchun ko‘p vaqt kerak bo‘ldi, chunki ko‘chmanchi qabilalarning hujumlari natijasida binolar vayron bo‘lgan edi. Qal’aning ichida turar-joy va kommunal binolarning qismlari, suv toshqinini oldini olish uchun drenajli suv havzasi va mudofaa inshootlari topilgan. Xom g‘ishtdan qurilgan qal’a ajoyib ko‘rinishga ega, chunki qal’a devorlarining o‘rtacha qalinligi 2,5 metrdan oshadi.

Uzundara qal’asi

Uzundara - Boysun etaklarida joylashgan, miloddan avvalgi III-IV asrlarga oid qadimiy qal’a. Qal’ada kuchli mudofaa inshootlari, shu jumladan 13 ta minora bilan mustahkamlangan ikki qavatli devor va uzunligi 1 kilometrgacha bo‘lgan tashqi devorlar mavjud edi. Deyarli 5 metr balandlikdagi loy g‘ishtdan terilgan qal’a devorlari asl qiyofasini saqlab qolgan. Ekspeditsiya davomida topilgan asosiy topilmalar orasida Aleksandr Makedonskiy, Antiox I (Salavkiylar davlatining shohi) va Yunon-Baqtriya Qirolligining Diodotdan Gelioklgacha bo‘lgan barcha hukmdorlari tasvirlangan ellinistik davrning noyob tangalari mavjud. Taxminan 150 yil mavjud bo‘lgan qal’a miloddan avvalgi 171-166-yillarda so‘nggi Yunon-Baqtriya shohlaridan birining hukmronligi davrida ko‘chmanchi sak va yuechji qabilalarining bosqini tufayli vayron bo‘lgan.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Yana ko'ring