Xavfsizlik va O'zbekiston bo'ylab sayohatlarning o'ziga xos jihatlari

“O‘zbekiston – Kuvayt” xalqaro turizm forumi: hamkorlikning yangi istiqbollari

09.07.2025 342

2025-yil 8-iyul kuni Kuvayt Davlatida Turizm qo‘mitasi hamda mamlakatimizning Kuvaytdagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan “O‘zbekiston – Kuvayt” xalqaro turizm forumi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Tadbir turizm sohasidagi ikki tomonlama muloqotni mustahkamlash, O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini arab davlatlarida targ‘ib qilish va hamkorlik aloqalarini kengaytirish uchun muhim maydon bo‘ldi.

Forumda ikki mamlakatning davlat tuzilmalari, yetakchi sayyohlik kompaniyalari, aviakompaniyalari, savdo-sanoat palatalari va tadbirkorlik doiralari vakillari ishtirok etdi. Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev, Kuvaytdagi O‘zbekiston elchisi Ayubxon Yunusov va Quvayt Davlati Axborot va madaniyat vaziriligi huzuridagi Turizm qo’mitasi rahbari Osamah Hamad Almekhyal kirish so‘zlarida sayyohlik aloqalarini mustahkamlashning ahamiyatini ta’kidlab, faol hamkorlikka tayyorliklarini bildirdilar.

Tadbir doirasida “O‘zbekiston - Ipak yo‘li durdonasi” taqdimoti o‘tkazilib, unda mamlakatimizning turizm salohiyati, boy tarixiy-madaniy merosi, noyob sayyohlik yo‘nalishlari va zamonaviy infratuzilma loyihalari yoritib berildi. YuNESKOning Butunjahon merosi obektlari, ziyorat turizmi, shuningdek, O‘zbekistondagi tibbiy, gastronomik va ekologik turizm imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.

Ikki mamlakat turizm sohasi vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan “B2B” va “G2B” uchrashuvlari yangi ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish va hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilishga xizmat qildi. Xususan, kuvaytlik turoperatorlar va jurnalistlar uchun info-turlarni tashkil etish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Al-Kuvayt mehmonlari va aholisi uchun Prezident Sh.M. Mirziyoyev rahbarligida turizm sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, infratuzilmani rivojlantirish va yangi sayyohlik obyektlarini barpo etish, madaniy meros yodgorliklari, milliy taomlar, hunarmandchilik hamda o‘zbek xalqining an’analarini aks ettiruvchi “Yangi O‘zbekiston” nomli fotoko‘rgazma tashkil etildi.

Forum kuvaytlik sayyohlar uchun istiqbolli yo‘nalish sifatida O‘zbekistonga bo‘lgan yuqori qiziqishning yorqin isboti bo‘ldi. Tadbirning muvaffaqiyatli o‘tkazilishi mamlakatning Yaqin Sharqdagi imidjini mustahkamladi va turizm sohasidagi kelgusi hamkorlik uchun mustahkam asos yaratdi.

Izoh

0

Fikr qoldiring

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali tizimga kirishingiz kerak:


Avtorizatsiyadan o'tib, siz ma'lumotlaringizni qayta ishlashga rozilik bildirasiz shaxsiy ma'lumotlar