Turizm qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Djamshid Abdusalomov Ulan-Bator shahrida Mo‘g‘ulistonning madaniyat, sport, turizm va yoshlar ishlari vaziri Chinbatin Undram xonim bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida tomonlar turizm sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalarini, shuningdek, mamlakatlar o‘rtasidagi sayyohlar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni muhokama qildilar.
Shuningdek, o‘zaro tanishuv bo‘yicha qo‘shma tadbirlar, turoperatorlar o‘rtasida “B2B” uchrashuvlarni uyushtirish hamda Mo‘g‘ulistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari va blogerlari uchun press-tur tashkillashtirish, mo‘g‘ul va xorijiy sayyohlar uchun O‘zbekiston bo‘ylab joylashgan qadimiy shaharlarni va yo‘nalishlarni, shuningdek, eko va etnoturizm manzillarini qamrab oluvchi yagona Markaziy Osiyo transchegaraviy turpaketlarni ishlab chiqish masalalari muhokama etildi.
Bundan tashqari “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti hamda Samarqanddagi BMT Jahon turizm tashkilotining Xalqaro turizm akademiyasida ta’lim almashuvini tashkil etish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirishdi va kelgusida sayyohlar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha loyihalarni birgalikda amalga oshirishga kelishib oldilar.
Izoh