Xavfsizlik va O‘zbekiston bo‘ylab sayohatlarning o‘ziga xos jihatlari

O‘zbekiston turizmiga sarmoya kiritish uchun 10 sabab

67

O‘zbekistonning turizm sanoatii ulkan salohiyatga ega bo‘lib, mamlakat iqtisodiyotining erkinlashuvi tobora ko‘proq xalqaro sarmoyadorlarni o‘ziga jalb etmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan tadbirkorlar bilan 2024-yilda o‘tkazilgan to‘rtinchi ochiq muloqoti yakunlariga ko‘ra, Hukumat turizm sohasini, xususan, soliq imtiyozlari va xususiy sektorni rivojlantirish orqali qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish niyatida ekanligi ma’lum bo‘ldi. Bu esa nafaqat barqaror daromad keltirishi mumkin bo‘lgan, balki ichki turizmni rivojlantirish, madaniy aloqalarni kengaytirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga hissa qo‘shadigan yangi sarmoyalar uchun qulay sharoit yaratadi.

Sayyohlar oqimining o‘sishi

Birgina 2024-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga xorijiy sayyohlar oqimi 2023-yilning shu davriga nisbatan 15,3 foizga oshdi. Bu tendensiya infratuzilmaning yaxshilanishi, viza rejimining soddalashuvi va madaniy-tarixiy diqqatga sazovor joylarning xalqaro miqyosda reklama qilinishining kuchayishi bilan bog‘liq. Xorijiy investorlar uchun bu qulay imkoniyatdir: mehmonxonalar, turoperatorlar va infratuzilma loyihalariga kiritilgan investitsiyalar sayyohlik xizmatlariga talabning o‘sishi tufayli tezda o‘zini oqlashi mumkin.

Soliq imtiyozlari

Prezidentning 2024-yildagi ochiq muloqoti yakunlariga ko‘ra, investitsiyalarni rag‘batlantirish uchun yangi korxonalar, ayniqsa, turizm, qishloq xo‘jaligi va yuqori texnologiyalar kabi ustuvor tarmoqlarda foyda va mol-mulk soliqlari kamaytirilishi ta’kidlab o‘tildi. Bundan tashqari, xorijiy investorlar ma’lum turdagi import uchun qo‘shilgan qiymat solig‘idan (QQS) ozod qilinishiga umid qilishlari mumkin, bu esa boshlang‘ich xarajatlarni sezilarli darajada kamaytiradi. Shuningdek, startaplar va kichik korxonalar uchun bir necha yilga soliq imtiyozlari belgilandi.

Intellektual salohiyat

Turmush darajasi va mehnatga haq to‘lash darajasi nisbatan pastligi tufayli O‘zbekiston biznesning ko‘plab yo‘nalishlari uchun qulaydir. Shu bilan birga, yosh avlodning ta’lim darajasi, til bilishi va iste’dodiga ko‘plab mamlakatlar havas bilan qaramoqda. Har yili 500 mingdan ortiq bitiruvchi, jumladan, turizm va xizmat ko‘rsatish sohasiga ixtisoslashgan oliy o‘quv yurtlari va kollejlar bitiruvchilari mehnat bozoriga kiradi. Bundan tashqari, mamlakat hukumati turizm sohasidagi ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarni faol qo‘llab-quvvatlamoqda, bu esa yangi turistik mahsulotlar va xizmatlarni rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda. Ekoturizm, madaniy turizm va gastronomik turizm sohasidagi tadqiqotlarni o‘z ichiga olgan intellektual resurslar sayyohlar oqimining o‘sishiga hissa qo‘shadigan noyob takliflarni yaratishga imkon beradi. Masalan, 2024-yilda O‘zbekiston Prezidenti turizm infratuzilmasiga intellektual texnologiyalarni integratsiya qilish muhimligini, bu esa investitsiya uchun yangi imkoniyatlar ochishini ta’kidlab o‘tgan edi.

Iqtisodiyotni liberallashtirish

So‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyoti jadal sur’atlarda o‘sib bormoqda. Mehmonxona biznesi va turizm xizmatlari sohasidagi tartib-taomillarni soddalashtirish, jumladan, ruxsat berish choralarini bekor qilish, litsenziyalashning ayrim turlarini bekor qilish, joylardagi idoralarning tartibga solish funksiyalarini jamoatchilik nazorati amaliyotiga o‘tkazish davom ettirilmoqda. Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida transchegaraviy savdo va aloqalar rivojlanib bormoqda, bu esa mintaqaviy sayyohlar oqimining ko‘payishiga, shuningdek, kombinatsiyalangan sayohatlar va xizmatlar uchun yangi imkoniyatlarga olib kelmoqda.

Turistik salohiyat

O‘zbekiston ulkan sayyohlik salohiyatiga ega bo‘lib, u gastronomik turizm, ekoturizm, tog‘ chang‘isi turizmi, ziyorat turizmi va boshqalarni o‘z ichiga oladi. Shu bilan birga, ko‘plab yo‘nalishlarda talab hali ham taklifdan yuqori: infratuzilmadan tortib, turoperatorlar xizmatlarigacha. Sayyohlar oqimining ko‘payishi tufayli mehmonxona xizmatlarini kengaytirish zarurati ortib bormoqda. Bu xalqaro mehmonxona brendlarini jalb qilish va turli xil joylashtirish turlariga o‘sib borayotgan talabni qondirish uchun imkoniyatlar yaratadi. Smart turizmni rivojlantirish, madaniy meros obyektlarida IT yechimlari, smart navigatsiya, onlayn bron qilish xizmatlari va boshqalarni joriy etish kabilar yetarlicha istiqbollidir.

Noyob tabiiy resurslardan foydalanish

Mamlakat o‘zining xilma-xil tabiiy landshaftlari, jumladan, ulug‘vor Tyan-Shan tog‘lari va bepoyon cho‘llari bilan mashhur. Ushbu tabiiy boyliklar faol turizm, ekoturizm va tog‘ chang‘isida dam olishni rivojlantirish uchun imkoniyatlar ochadi. Masalan, Chimyon qishki sport turlari uchun ajoyib sharoitlarni taklif qilsa, Chotqol milliy bog‘i kabi qo‘riqxonalar tabiatni sevuvchilarni o‘ziga jalb etadi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda ko‘plab daryo va ko‘llar mavjud bo‘lib, bu suv sporti turlari va sohillarda dam olish uchun imkoniyatlar yaratadi. Ushbu xilma-xillik turizm infratuzilmasini rivojlantirishga intilayotgan investorlar va xorijiy sayyohlar uchun mamlakatni jozibador qiladi.

Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash

O‘zbekiston turizmiga sarmoya kiritishning muhim sabablaridan biri soliq imtiyozlari doirasidan chetga chiqadigan kuchli davlat ko‘magi hisoblanadi. Mamlakat hukumati turizm va unga bog‘liq infratuzilmani rivojlantirish, tashqi va ichki turizmning ijtimoiy rolini amalga oshirish va kuchaytirish, ichki va jahon bozorlarida O‘zbekiston turistik mahsulotining sifati va raqobatbardoshligini oshirishdan eng ko‘p manfaatdor. Bundan tashqari, hukumat ekoturizm, madaniy meros va IT-yechimlar sohasidagi loyihalarni ishlab chiqish uchun subsidiyalar ajratmoqda, bu esa turizm sohasini innovatsion rivojlantirish va xorijiy investorlarni jalb qilishga yordam beradi.

Festivallar

O‘zbekistonda xalqaro miqyosdagi madaniy, musiqiy, tematik va sport tadbirlari tobora ko‘payib bormoqda. Festivallar va xalq bayramlari butun mamlakat bo‘ylab deyarli yil davomida, ayniqsa, sayyohlik mavsumi avjida, bahor va kuzda nishonlanadi. Samarqandda “Maqom”, “Sharq taronalari”, Surxondaryoda “Boysun bahori”, Qoraqalpog‘istonda “Stixiya” xalqaro musiqa festivallari va boshqa ko‘plab qiziqarli tadbirlar xorijiy sayyohlar e’tiborini jalb etib, madaniy almashinuv va badiiy ifoda muhitini yaratmoqda. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bunday tadbirlar sayyohlar oqimini 50 foizgacha oshiradi, bu esa o‘z navbatida mehmonxonalar, restoranlar va boshqa xizmatlarga talabni keltirib chiqaradi.

Xavfsizlik

Bir necha yildan buyon O‘zbekiston eng xavfsiz davlatlar reytingida yetakchi o‘rinni egallab kelmoqda. Barcha shaharlarda sayyohlarning qulay va xavfsiz turishini ta’minlovchi turizm politsiyasi faoliyat yuritmoqda. Jinoyatchilik darajasining pasayishi va xavfsizlikni ta’minlashda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faol ishtiroki O‘zbekistonning jozibador sayyohlik yo‘nalishi sifatidagi imijini yaxshilashda muhim omil bo‘lmoqda.

Mehmondo‘stlik

Mamlakatning asosiy boyligi samimiy va mehmondo‘st insonlardir. Tashrif buyurgan barcha mehmonlar, qoida tariqasida, O‘zbekiston xalqning samimiyligi, ochiqligi va mehmondo‘stligini e’tirof etadilar. Boy meros, rang-barang an’analar va mehmonga bo‘lgan chuqur hurmat - aynan shu jihatlar O‘zbekistonga qayta-qayta kelish istagini uyg‘otadi.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Yana ko'ring