O‘zbekistonda aprel oyi rasman “Amir Temur oyligi” deb e’lon qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tegishli qarorga imzo chekdi.
Mazkur qaror buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi — Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash, shuningdek, Amir Temur asos solgan Ikkinchi Uyg‘onish davrining milliy va umuminsoniy ahamiyatini inobatga olgan holda tashkiliy-amaliy, ilmiy hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida qabul qilindi.
Qarorning asosiy yo‘nalishlari
- Hujjatga muvofiq quyidagi tashabbuslar ma’qullandi:
- 2026-yilda Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash;
- har yili aprel oyini “Amir Temur oyligi” sifatida belgilash;
- Amir Temur oyligi doirasida umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari, harbiy qismlar va harbiy ta’lim muassasalarida, shuningdek, korxona, tashkilot va mahallalarda temurshunos olimlar, adiblar va san’atkorlar ishtirokida uchrashuvlar, badiiy-ma’rifiy hamda madaniy tadbirlar tashkil etish.
2030-yilgacha mo‘ljallangan yo‘l xaritasi
Shuningdek, Temuriylar davri tarixini tizimli o‘rganish va ilmiy tadqiqotlarni keng ommalashtirish bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Uning doirasida quyidagilar nazarda tutilgan:
- 2026-yil 9–10-aprel kunlari Islom sivilizatsiyasi markazida “Amir Temur va temuriylar sivilizatsiyasining jahon tarixi va madaniyatida tutgan o‘rni va ahamiyati” mavzusida xalqaro ilmiy anjuman o‘tkazish;
- Amir Temur va temuriylar davri tarixiga bag‘ishlangan ilmiy hamda ilmiy-ommabop kitoblar turkumini tayyorlash va nashr etish, jumladan:
- “Temur tuzuklari” asarini fors, arab, xitoy, ingliz, fransuz, ispan va rus tillarida ilmiy-izohli matn bilan nashr etish;
- “Temuriylar davrining 100 nodir qo‘lyozmasi” va “Temuriylar davrining 100 nodir durdonasi” nomli kitob-albomlarni chop etish;
- xorijda saqlanayotgan Temuriylar davriga oid asl yozma manbalar nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish ishlarini tashkil etish;
- Amir Temur saltanatining Yevropa davlatlari bilan diplomatik va elchilik aloqalarini aks ettiruvchi “Tirik tarix” loyihasi doirasida yaratilgan tarixiy-badiiy va hujjatli filmlarni Ispaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlarda namoyish etish;
- Temuriylar davri manbalarining elektron platformasini yaratish.
Qabul qilingan qaror tarixiy xotirani yanada mustahkamlash, Amir Temur va temuriylar sivilizatsiyasining boy merosini chuqur o‘rganish hamda ularning jahon tarixi va madaniyatiga qo‘shgan hissasini xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga qaratilgan.
Izoh