Foto va Video

O‘zbekistonda Milliy etnosport assotsiatsiyasi tashkil etildi

08.10.2021 968

2021-yil 8-oktyabr kuni Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida “O‘zbekistonda etnosportni rivojlantirish istiqbollari” xalqaro konferentsiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport ishlari vazirligi tomonidan tashkil etildi.

2020-yil yanvar oyida O‘zbekistonda jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish maqsadida Polvan jangchilarining milliy markazi, O‘zbekistonning Uloq-ko‘pkari federatsiyasi, belbog‘li kurash va musobaqalar assotsiatsiyasi, O‘zbekiston kamondan otish bo‘yicha milliy federatsiya, Belbog‘li sport federatsiyasi kabi bir qator ixtisoslashtirilgan bo‘limlar vakillari o‘rtasida respublikada Milliy etnosport assotsiatsiyasini tuzish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Tadbirda videokonferensaloqa orqali O'zbekistonning barcha 14 viloyati ma'muriyati vakillari ham ishtirok etishdi.

O‘zbekistonda milliy sport turlarini rivojlantirish va ommalashtirish respublikamiz rahbariyati tomonidan ilgari surilgan muhim tashabbuslardan biri va nomoddiy madaniy merosni asrash, shuningdek, O‘zbekiston aholisi o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, ommalashtirish asosiy masalalardan biridir.

Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan konferentsiyada Jahon etnosport konfederatsiyasi raisi Nejmeddin Bilol Erdo‘g‘an, Turkiya Respublikasi diplomatik korpusi, sport o‘yinlari ixtisoslashtirilgan uyushmalari, sportchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirni Bosh vazir o‘rinbosari - turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov ochib berdi:

Xalq o‘yinlari qadimdan davlatchilik shakllanishi, jamoani birlashtirish va himoya qilishda ham yuksak ahamiyat kasb etgan. Bugungi kunda, ular shaxsni jismonan sog‘lom, qat’iyatli, sabr-matonatli, hozirjavob va ma’naviy yetuk bo‘lib kamol topishiga xizmat qilmoqda. Bir xalqning tarixi ming yillar davomida shakllangani uning moddiy va madaniy boyliklarida, etnografiyasida aks etadi. Xalq o‘yinlarimizning rang-baranglig va soniga qarab, o‘zbek xalqining O‘rxun-Enasoy bitiklaridan ham keksaroq ekanidan dalolatdir, - dedi xalqaro konferensiyada so‘zga chiqqan Aziz Abduhakimov.

Tadbirda Milliy etnosport assotsiatsiyasi tashkil etilgani rasman e’lon qilindi va uning yangi rahbari Oybek Norinboyev konferensiya ishtirokchilariga tanishtirildi.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zbek xalqi ko‘p asrlar davomida kurash, belbog‘li kurash, uloq-ko‘pkari, turon, boyqo‘rg‘on kabi O‘zbekiston milliy sportining asoschilariga aylangan kurashchi-palvonlari va afsonaviy chavandozlari bilan mashhur bo‘lgan. Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar tufayli haqli ravishda O‘zbekiston madaniy merosining ajralmas qismi bo‘lgan milliy sport turlarini xalqaro maydonda namoyish etish uchun katta imkoniyat yaratildi.

Mutaxassislarning fikricha, bunday tadbirlarning o‘tkazilishi, shubhasiz, sport turizmini rivojlantirish, O‘zbekiston nufuzini yaxshilash, uning sayyohlik salohiyati va imkoniyatlarini jahon miqyosida targ‘ib qilish borasida xalqaro hamkorlikni kengaytirishga yordam beradi.

Tadbir yakunida Jahon etnosport konfederatsiyasi va yangi tashkil etilgan O‘zbekiston milliy etnosport assotsiatsiyasi o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Shuningdek, oʻqing