Ehtimol, siz bu yil sayohat uchun yangi manzil izlayotgandirsiz. Ramazon oyida O‘zbekistonga tashrif buyurishga nima deysiz?
O‘zbekistondagi musulmonlar uchun Ramazon muborak va sevimli oydir. Bu oyda musulmonlar Muhammad payg‘ambarga Qur’oni karimning nozil bo‘lganini nishonlaydilar.
Barcha musulmonlar har kuni ro‘za tutishlari, ibodatga, poklanishga va xayriya ishlariga alohida e’tibor qaratishlari kerak. Shu bois Ramazon oyi O‘zbekistonga tashrif buyurish uchun eng qulay paytlardan biridir.
Musulmonlar bomdod namozini o‘qish va saharlik qilish uchun tong yorishmasdan uyg‘onadilar. Quyosh botgandan so‘ng O‘zbekiston musulmonlari oilaviy iftorlik qilish uchun jamuljam bo‘ladilar. Muqaddas oydagi bayram tadbirlarida e’tiqodidan qat’i nazar, har kim ishtirok etishi mumkin.
O‘zbekistonda Ramazon oyining musulmonlar va musulmon bo‘lmaganlar uchun ahamiyati bilan tanishing. Shubhasiz, O‘zbekiston - umringiz davomida tashrif buyurishingiz shart bo‘lgan islomiy manzildir.
Ramazon oyi - butun dunyo musulmonlari ko‘p vaqtini masjidlarda o‘tkazadigan mavsumdir. Muqaddas oy munosabati bilan o‘tkaziladigan ko‘plab jamoat va diniy tadbirlar, jumladan masjidlardagi tarovih namozlari tufayli bu O‘zbekistondagi musulmonlar hayoti bilan tanishish uchun eng ajoyib fursat bo‘lsa kerak.
O‘zbekiston o‘zining asrlar osha saqlanib kelgan go‘zal gumbazli masjidlari, baland minoralari, moviy va zarhal naqshli madrasalari bilan mashhur bo‘lib, ular tarix va madaniyatga boy.
Boy islomiy me’morchilikni ko‘rib hayratga tushasiz.
2019-yilda Buxoro shahri 2020-yilda Islom dunyosining madaniy poytaxti deb e’tirof etildi. Bu yerda XII asrga oid Kalon minorasi va Poyi Kalon masjidi kabi ko‘plab yaxshi saqlanib qolgan tarixiy masjidlar mavjud.
Toshkentdagi Hazrati Imom masjidi va XVI asrga oid Baroqxon madrasasi o‘tmish va bugungi islom me’morchiligining yorqin namunalaridir.
Xivadagi Ichan qal’ada joylashgan XVIII asrga oid Juma masjidi hozir ham o‘zining asl holatini saqlab qolgan bo‘lib, unda 200 dan ortiq naqshinkor yog‘och ustunlar mavjud.
Samarqanddagi Temuriylar davriga oid Bibixonim masjidi islom olamining eng muhtasham masjidlaridan biri hisoblanadi.
POYI-KALON ANSAMBLI XII-XVI ASRLARDA BUNYOD ETILGAN G‘OYAT GO‘ZAL ME’MORIY DURDONADIR. U BUXOROI SHARIFNING TASHRIF QOG‘OZI HISOBLANADI. MINORA, MADRASA VA MASJIDDAN TASHKIL TOPGAN.
Islom sivilizatsiyasi jahon madaniyatiga, ayniqsa fan, me’morchilik va matematika sohalariga qanday ta’sir ko‘rsatganini bilib oling.
Arab manbalarida Movarounnahr nomi bilan mashhur bo‘lgan O‘zbekiston zamini tarix davomida ilm-fan va islom ta’limotining beshigi bo‘lib kelgan.
O‘zbekistonlik al-Buxoriy, at-Termiziy, Bahovuddin Naqshbandiy, al-Moturidiy, Zamaxshariy va Samarqandiy kabi din olimlari hadis ilmining rivojlanishida yetakchi o‘rin tutganlar, islom ilohiyotining asosiy siymolari bo‘lganlar, ilm-fan taraqqiyoti va Qur’onni o‘rganishga ulkan hissa qo‘shganlar.
Abu Ali ibn Sino, al-Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy va Ulug‘bek matematika, astronomiya, tibbiyot, fizika, metafizika va falsafa sohalarida faoliyat yuritgan va butun dunyoda e’tirof etilgan yetakchi olimlardir. Ular amalga oshirgan kashfiyotlarning ayrimlari hozirgi zamon olimlari tomonidan hamon qo‘llanilmoqda va qadrlanmoqda. Ularning qarashlari, halol hayot tarzi, kamtarligi va oliyjanobligi islom dinining yuksak ma’naviyati va g‘oyalari namunasi hisoblanadi.
O‘zbekistonning o‘tmishi bilan tanishish va bu zotlarning dunyoni qanchalik o‘zgartirgani haqida mulohaza yuritish uchun ushbu kashfiyotlarga bag‘ishlangan yodgorliklar va muzeylar albatta sizning tashrif yo‘nalishlaringiz ro‘yxatida bo‘lishi lozim!
“Dil – ba yor-u, dast – ba kor” (“Ko‘ngil Allohda bo‘lsin-u, qo‘l ish bilan band bo‘laversin”) (Bahovuddin Muhammad Naqshbandiy).
O‘zbek xalqini haqli ravishda dunyodagi eng mehmondo‘st xalq deb atash mumkin. Ramazon oyida esa sizga, shubhasiz, eng samimiy munosabat ko‘rsatiladi.
Ro‘za tutayotgan musulmonlar tong sahardan turib, saharlik qilishadi. Quyosh botgandan so‘ng ro‘za ochiladi va iftor vaqti boshlanadi. Ko‘pchilik o‘zbek oilalari iftorlikni o‘z uylarida tayyorlashadi. Ramazon oyida o‘zbeklar mehmonlarni, qarindoshlarni va muhtojlarni iftor dasturxoniga taklif qilishadi. Ba’zi jamoat joylarida va masjidlarda kechki payt ro‘zadorlar uchun bepul taomlar taqdim etiladi.
O‘zbek oshxonasida Ramazon oyida tayyorlanishi an’anaga aylangan bir nechta sevimli taomlar mavjud. Har bir oila an’anaviy tarzda juda to‘yimli va xushbo‘y taom - palov tayyorlaydi.
Patir - Ramazon oyida muborak dasturxonning ajralmas qismi bo‘lgan ajoyib nondir. Butun mamlakat bo‘ylab 100 ga yaqin turdagi non pishirilishiga qaramay, o‘zbeklar asosan patirni ma’qul ko‘rishadi. U sut va yog‘ qo‘shib tayyorlanadi va tandirda yopiladi.
Nisholda - Ramazon oyida an’anaviy ravishda tayyorlanadigan o‘zbek milliy shirinligi. U albatta sarxil mevalar, sabzavotlar, quruq mevalar va yong‘oqlar bilan dasturxonga tortiladi. Tog‘oldi bog‘larida yetishtirilgan toza mahsulotlar yilning har faslida qadrlanadi va sevib iste’mol qilinadi.
O‘ZBEKISTON MILLIY TAOMLARI - GASTRONOMIK MO‘JIZA
O‘zbekiston nafaqat me’morchiligi va islom tarixi, balki bokira tabiati, noyob qo‘riqxonalari, milliy tabiat yodgorliklari bilan ham mashhur!
Ipak yo‘lidagi shaharlardan uzoqda O‘zbekiston landshafti xilma-xil: o‘tloq yaylovlar, qurg‘oqchil cho‘llar, daryolar, o‘rmonlar va tog‘lar. Bu joylar O‘zbekistonni ekoturizm uchun sevimli maskanga aylantirgan. Aydarko‘l esa cho‘lning naqd o‘rtasida joylashgan!
Bu yerda baliq tutish, tuya minib sayr qilish yoki o‘tovda tunash kabi sayyohlik tadbirlarining ishtirokchisi bo‘lish mumkin. Yoki bir vaqtlar dunyodagi to‘rtinchi yirik ko‘l bo‘lgan Orol dengiziga borish mumkin. Hozir u yerda kemalar “qabristoni”ni ko‘rish mumkin.
Toshkentdan shimoli-sharqqa ikki soatlik masofada joylashgan Chimyon tog‘lari chang‘i sporti, velosiped va piyoda sayr qilish uchun eng qulay joy hisoblanadi. Yilning har faslida tog‘lar o‘zining ulug‘vor go‘zalligi va osoyishtaligi bilan hayratga soladi.
O‘ZBEKISTON TOG‘LARI ULUG‘VOR VA GO‘ZAL
Sharqning noyob, go‘zal va g‘aroyib buyumlarini kashf eting: rasmlardan tortib kulolchilik mahsulotlarigacha, sharqona shirinliklardan gilamlargacha. O‘zbek bozorlari xarid qilish istagini uyg‘otadigan maftunkor narsalarga to‘la.
Buxoro gilamlari ilk o‘rta asrlardanoq jahon brendiga aylangan. Hatto Buyuk ipak yo‘li davrida ham karvon Buxoro gilamlarini yoyganida, hech kim befarq qola olmagan. O‘zbek gilami - bu yumshoq, g‘aroyib naqshli, qizil rangning barcha tuslariga ega bo‘lgan, yoqimli tushlar ko‘rishga sababchi bo‘ladigan noyob san’at asaridir.
Atlas va adras matolari – tasavvurga sig‘maydigan ranglarda tovlanuvchi aql bovar qilmas hasham. Agar siz bunday matolarni to‘qish texnikasiga qiziqsangiz, Marg‘ilon ipak fabrikasiga tashrif buyurish O‘zbekistondagi vaqtingizning unutilmas lahzasiga aylanadi.
Agar barcha go‘zal diqqatga sazovor joylarni ko‘rib bo‘lgan bo‘lsangiz, istalgan vaqt bozorga borib, sotilayotgan noz-ne’matlar va mahsulotlarning xilma-xilligidan hayratlanishingiz mumkin. Bozorlarda issiq taomlardan tortib kundalik oziq-ovqat mahsulotlarigacha, an’anaviy to‘qimachilik buyumlarigacha sotiladi. Bunday gavjum va jo‘shqin joylarga tashrif buyurib, zamonaviy O‘zbekistonda Ipak yo‘lining o‘tmishi qanday aks etayotganini ko‘rish mumkin.
O‘ZBEK GILAMI - ASRLAR DAVOMIDAGI SAN’AT ASARI
O‘zbekistonga tashrif buyurgan deyarli har bir kishi bu yerdagi odamlarning do‘stona munosabati va yordamini alohida ta’kidlab o‘tadi.
BMT hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston dunyodagi eng baxtiyor mamlakatlardan biri bo‘lib, eng xavfsiz beshta davlat qatoriga kiradi.
Mehmondo‘stlik Markaziy Osiyo madaniyatining ajralmas qismidir. O‘zbekistonning har bir fuqarosi uchun musofirni samimiyat bilan kutib olish, mehmon qilib, yedirib-ichirib kuzatib qo‘yish muqaddas burch sanaladi.
Notanish mamlakatda sayyoh bo‘lish oson emas, albatta. Ammo mahalliy aholi doimo yordam berishga tayyor ekanini bilish ko‘ngilga xotirjamlik baxsh etadi. O‘zbekistonda odamlar sizga yo‘l ko‘rsatishga, mo‘ljal olishingizga yordam berishga va qo‘llaridan kelgan har qanday ko‘makni ko‘rsatishga hamisha shay turadilar.
Ramazon oyida iftor paytida do‘st-u qarindoshlar bilan diydor ko‘rishish an’anaga aylangan. Har kuni kechqurun turli odamlar o‘zaro uchrashadilar, xonadonlar va restoranlarga iftor uchun tashrif buyuradilar. Agar mahalliy odamlar sizni endigina tanishganingizga qaramay iftorga taklif qilsa, ajablanmang - bu Ramazonning go‘zal ruhidir.
HAR BIR O‘ZBEK XONADONIDA MEHMONLARNI BIR PIYOLA ISSIQ CHOY VA SHIRINLIKLAR BILAN KUTIB OLISHADI
O‘zbekistonga tashrif buyurish siz o‘ylagandan ancha osonroq.
Qayerda bo‘lishingizdan qat’i nazar, O‘zbekistonga yetib kelishning bir necha yo‘li mavjud. Bir qator xalqaro aviakompaniyalar O‘zbekistonning barcha yirik shaharlariga muntazam parvozlarni amalga oshiradi. “Uzbekistan Airways” milliy aviakompaniyasi butun dunyo bo‘ylab, jumladan, Moskva, Istanbul, Dubay va Jiddadan har kuni muntazam parvozlarni amalga oshiradi.
Arzon narxlardagi ichki reyslar, avtobuslar va tezyurar poyezdlar sizni barcha shaharlarga osongina yetkazib qo‘yadi. O‘zbekiston endi ancha qulayroq!
Bundan tashqari, O‘zbekiston fuqarolari vizasiz kelishi mumkin bo‘lgan davlatlar ro‘yxatini kengaytirmoqda. Hozirda 30 kunlik vizasiz rejim Malayziya, Indoneziya, BAA, Kanada, Fransiya, Germaniya kabi 86 ta davlatga joriy etilgan. 55 ta mamlakat fuqarolari uchun elektron viza imkoniyati yaratilgan.
Yaqinda Singapurning “Crescent Rating” va “Mastercard” kompaniyalari tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomada O‘zbekiston musulmon sayyohlar uchun dunyodagi eng qulay yo‘nalishlardan biri deb topildi. O‘zbekiston o‘zining ko‘plab halol taomlari, namozxona va mehmonxonalari, musulmonlarga ko‘rsatiladigan do‘stona xizmatlari bilan musulmon sayyohlarning barcha ehtiyojlarini to‘liq qondiradi.
O‘zbekiston haqiqatan ham siz kutganingizdan ancha ko‘proq imkoniyatlarga ega. Bunday boy tarixi va madaniyati bilan, bu albatta tashrif buyurish shart bo‘lgan manzildir!
Ro‘za [роза] - пост Рамадан
Saharlik [сахарлик] – Сухур, предрассветная еда
Ифторлик [ифторлик] – вечерняя еда
Ro‘zadormisiz? [розадормисиз] – Вы поститесь?
Iftor bo‘ldimi? [ифтор болдими] – пора ли прерывать пост?
Men ro‘zadorman [мен розадорман] – держу пост
Men ro‘zador emasman [мен розадор эмасман] – я не держу пост
Kechirasiz [кечирасиз] – извините
Rahmat [рахмат] – спасибо!
Xush kelibsiz ![хуш келибсиз] – добро пожаловать!
Ish vaqti: 9:00-18:00, Du-Ju
Savollar uchun
Izoh