Madaniy meros sohasini yanada rivojlantirish va yurtimizning tarixiy obidalari bilan tanishtirish maqsadida Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi “Milliy PR-markazi” DUK tomonidan tarixiy shaharlar bo‘lmish Poykent va Varxshaga bag‘ishlangan videoroliklar ishlab chiqildi. Ushbu tarixiy joylarga tashrif buyurgan insonga bugungi qiyofasi oddiy ko‘rinishi mumkin, lekin, tarix bilan tanish bo‘lgan insonlar biladilarki, bu qadimiy joylar Samarqanddagi Registon va Buxorodagi Minorayi Kalonlardan qolishmaydi. Ushbu roliklar ko‘p yillik tadqiqotlarni olib borgan tajribali tarixshunos va tarixiy me’morlar bilan tanish bo‘lgan arxitektorlar hamkorligida ishlab chiqilgan.
Poykent miloddan avvalgi IV asr oxirida paydo bo‘lgan qadimiy shahar. Buxoro So‘g‘dining g‘arbiy chegarasidagi strategik ahamiyatga molik, yaxshi mustahkamlangan chegara himoyasidagi muhim shahar.
Poykent Yevroosiyoning transevroosiyo kommunikatsiyalari chorrahasida joylashgan bo‘lib, nafaqat G‘arb va Sharqning buyuk imperiyalarini, balki janubdagi eng qadimiy madaniyatlar – Baqtriya va Hindistonni, Kavkaz, Qoradengiz mintaqasi hamda Sharqiy Yevropani birlashtirgan.
Poykent mustaqil savdogarlar shahri bo‘lib, bu yerda ipak savdosi yuksak rivojlangan. Ko‘plab hunarmandchilik ustaxonalari, do‘konlar va karvonsaroylarga ega yirik shahar bo‘lgan.
Aynan VI-VII asrlarda Buyuk Ipak yo‘lining rivojlanish davrida hudud aholisining tez sur’atlar bilan demografik o‘sishi sabab, Poykent qal’asiga 1- va 2-shahristonlar qo‘shiladi va Poykent katta shaharga aylanadi.
VII asrda arablarning O‘rta Osiyoga kelishi bilan Poykent islom dinining muhim diniy markaziga aylangan. Ushbu hududda katta masjid va minora qoldiqlari topilgan.
Varaxsha Buxorodan Xorazmga boradigan savdo yo‘li ustida joylashgan edi. O‘sha paytda u o‘zining go‘zalligi bilan sayohatchilarni hayratga soluvchi mustahkam shahar bo‘lgan.
Aholi istiqomat qiluvchi maydon 100 gektarni tashkil qilgan. Shaharning o‘zagi qal’a bo‘lib, u ikki qismga bo‘lingan: yuqori g‘arbiy va nisbatan quyi sharqiy. Qal’aning g‘arbiy qismi deyarli kvadrat shaklida bo‘lib, tomonlari taxminan 26 m, tik qiyaliklarga ega. Qal’aning turar-joy yuzasidan balandligi 10 m ga, uning atrofidagi maydondan esa taxminan 20 m ga yetadi. Poydevorning balandligi taxminan 15 m. Bahaybat devorlari xom g‘ishtdan ko‘tarilgan. Qal’a qurilishi eramizning V asri oxirida boshlangan, keyinchalik unga katta bino qo‘shilgan.
Ushbu videoroliklar “Milliy PR-markazi” DUK tomonidan o‘zbek, rus va ingliz tillarida tayyorlandi. Bu videoroliklarning birlamchi ko‘rinishi bo‘lib, ushbu videoroliklar ustida yana ishlar amalga oshiriladi. Umid qilamizki, ushbu qo‘llanmalar mutaxassislar, turistlar va ushbu tarixiy joylarga tashrifni amalga oshirmoqchi bo‘lganlarga manzur bo‘ladi.
Ish vaqti: 9:00-18:00, Du-Ju
Savollar uchun
Izoh