O‘zbekiston turizm brendining yagona vizual kommunikatsiyasini yanada mustahkamlash maqsadida mamlakatning yagona turizm brendining korporativ logotipi yangilandi.
Logotipning yangilanishi O‘zbekiston turizm brendining vizual qiyofasini takomillashtirish hamda uni zamonaviy xalqaro kommunikatsiya standartlariga moslashtirish bo‘yicha olib borilayotgan izchil ishlarning tarkibiy qismi hisoblanadi. Bunda asosiy urg‘u korporativ uslubni butunlay o‘zgartirishga emas, balki brendning davomiyligi va taniqliligini saqlab qolgan holda uni aktuallashtirishga qaratildi.
Amalga oshirilgan yangilanish doirasida logotipning grafik elementlari, kompozitsiyasi va visual yechimi takomillashtirildi. Yangi dizayn O‘zbekiston Respublikasining turizm salohiyatini ichki va xalqaro bozorlarda targ‘ib qilish bo‘yicha bugungi kundagi vazifalarga mos keladigan yanada ixcham, zamonaviy va professional uslub bilan ajralib turadi.
Yangilangan vizual aydentika mamlakatning turizm salohiyatini targ‘ib qilishning barcha yo‘nalishlarida yagona va yaxlit kommunikatsiya uslubini ta’minlash imkonini beradi. Xususan, yangi logotipdan rasmiy hujjatlarda, taqdimot va reklama materiallarida, raqamli platformalarda, axborot kampaniyalarida, xalqaro turizm ko‘rgazmalarida, forumlarda, media loyihalarda va tashqi reklamada foydalaniladi.
Yangilangan logotipni ishlab chiqishda O‘zbekiston turizm brendining xalqaro maydonda vizual taniqliligini oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Vizual kommunikatsiyaga zamonaviy yondashuv mamlakatni jozibador turizm yo‘nalishi sifatida samaraliroq namoyish etish, xalqaro auditoriya ishonchini mustahkamlash hamda global turizm bozorida O‘zbekistonning raqobatbardosh imijini shakllantirishga xizmat qiladi.
Logotipning yangilanishi O‘zbekistonning yagona turizm brendini rivojlantirishdagi muhim qadam bo‘lib, marketing, kommunikatsiyalar va milliy turizm mahsulotini targ‘ib qilish sohasidagi zamonaviy yondashuvlarga intilishni aks ettiradi.

Izoh