Pahlavon Mahmud majmuasi

561

Pahlavon Mahmudning qabri atrofida ikki yarim asr davomida
(1664-1913-yillar) barpo etilgan yodgorlik majmuasi Xivaning asosiy qadamjosi hisoblanadi. Majmua tarkibiga maqbaraning o‘zi, shakli Xivaning asosiy timsollaridan biriga aylangan baland qo‘sh gumbazli xonaqoh kiradi.

Buyuk shoir, ma’rifatparvar, faylasuf va so‘fiy Pahlavon Mahmud (1247-1326) Xivada tavallud topgan. “Qomus-ul-alom” (“Buyuk siymolar kitobi”) kitobi muallifi Shamsiddin Somiyning yozishicha, Pahlavon Mahmud olim, shoir, yengilmas polvon va baquvvat pahlavon bo‘lgan. U Afg‘oniston, Hindiston, Eron, Iroqdagi raqiblarini doimiy ravishda mag‘lub etib kelgan. Xivaliklar Pahlavon Mahmudni hurmat qiladilar va yaxshi ko‘radilar. Hozirgi kunlarda ham professional kurashchilar jang oldidan rahnamolari Pahlavon Mahmudga duo orqali murojaat qiladilar. Biroq, XIII-XIV asrlar chegarasida yashab o‘tgan zotga shon-sharaf faqat kurashlardagi jasorati orqaligina kelmagan. Uni nazmda ifodalangan donishmandlik va adolat mashhur qilgan.

Uch yuz Qoʻhi Qofni kelida tuymoq,

Dil qonidan bermoq falakka boʻyoq

Yoinki bir asr zindonda yotmoq

Nodon suhbatidan koʻra yaxshiroq.

Katta va baquvvat bu inson ozodlikni tarannum etuvchi she’rlar bitgan, ularda hayot quvonchini kuylagan, adolatni targ‘ib qilgan, ikkiyuzlamachi va munofiqlarni qoralagan.

Bir oqil deydiki, bo‘lg‘il vallomat,

Yoki vallomatga qila ko‘r xizmat.

Nomard xizmatiga yondoshma zinhor,

O‘ylagin, bu o‘git qandoq pur hikmat.

Pahlavon Mahmud ruboiy va she’rlarini fors tilida yozgan. Xorazmda bu tilda so‘zlashuvchilar kam edi. Eng mashhur dostonlaridan biri “Kanzul xaqoyiq” (Haqiqatlar to‘plami). Muallif o‘z asarlarida o‘ziga xos so‘fiylik g‘oya va fikrlarini aks ettiradi. Shoir qo‘lyozmalarining bir qismi bugungi kungacha yetib kelgan va hozirda Toshkentdagi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda.

Majmua hovlisidagi ustunli ayvonning devor stendlarida Pahlavon Mahmudning ayrim toʻrtliklari keltirilgan:

O‘z nafsingga bo‘lgin amir, shunda mardsan,

O‘zgalarga bo‘lma haqir, shunda mardsan,

Yiqilganni tepib o‘tish mardlik emas

Aftodaga bo‘lsang dastgir, shunda mardsan.

Pahlavon Mahmud tasavvuf pirlaridan biri hisoblanadi. U ham har bir so‘fiy kabi o‘ziga daromad keltiruvchi hunarmandchilik bilan shug‘ullangan. Pahlavon Mahmud mo‘ynado‘z edi. Hadislardan birida musulmon kishi o‘z mehnati bilan rizq topishi kerakligi va “Sadaqa bilan kun kechirgandan ko‘ra, tog‘da o‘tin terib, uni sotib, o‘zingizga rizq topib olganingiz afzaldir”, deyiladi. Pahlavon Mahmud hayoti ana shu vasiyatga amal qilish namunasidir. Ilgari Pahlavon Mahmud Po‘ryoyvali (Piryor Vali) nomi bilan mashhur edi. Bu u ishlatgan taxalluslardan biri bo‘lgan. Pahlavon Mahmud 1326-yilda vafot etgan. U o‘z ustaxonasi hovlisiga dafn etilgan, keyinchalik vaqt o‘tishi bilan uning qabri keng qabristonga asos bo‘lib qolgan.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Yana ko'ring