O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharifning taklifiga binoan 2026-yil 5 – 6-fevral kunlari Pokistonga amalga oshirilgan davlat tashrif doirasida Islomobod shahrida “Made in Uzbekistan” brendi ostida milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Joriy yilning 5-fevral kuni ushbu nufuzli tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi tomonidan hamda tegishli vazirlik va idoralar hamkorligida “Made in Uzbekistan” pavilyonida “Delicious Uzbekistan” gastro-turizm burchagi o‘z faoliyatini boshladi.
Mazkur burchakda O‘zbekistonning boy va rang-barang milliy oshxona an’analari, hududiy taomlar hamda zamonaviy gastronomik mahsulotlar namoyish etildi hamda “O‘zbekistonning gastronomik turizm salohiyati” mavzusida mashxur o‘zbek oshpazlari bilan birgalikda taqdimot o‘tkazildi.
Tadbirda xorijiy davlatlarning diplomatik vakillari, salohiyatli investorlar va tadbirkorlar, xalqaro hamda mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, keng jamoatchilik ishtirok etdi. Mehmonlar milliy va mahalliy mahsulotlar asosida tayyorlangan, o‘ziga xos va betakror ta’mga ega o‘zbek taomlaridan bahramand bo‘lishdi.
Ma’lumot o‘rnida - O‘zbekiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasi shaharlari o‘rtasida “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan Toshkent – Lahor – Toshkent hamda Toshkent – Islomobod – Toshkent yo‘nalishlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar muntazam amalga oshirib kelinmoqda. Bu esa ikki davlat o‘rtasidagi turistik almashinuvni yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratmoqda.
Shuningdek, ko‘rgazma doirasida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan, xalqaro bozorlarda yuqori talabga ega bo‘lgan mahalliy mahsulotlar taqdimoti ham tashkil etildi. Ushbu mahsulotlar O‘zbekistonning eksport salohiyati va milliy brendini ilgari surishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Ma’lumot o‘rnida - 2025-yil aprel oyida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi tomonidan Pokiston Islom Respublikasi hukumati, O‘zbekistonning Islomobod shahridagi elchixonasi, turistik kompaniyalar, mehmonxona menejmenti va turizm sohasidagi ishbilarmon doiralar hamda OAV vakillari ishtirokida Lahor, Karachi va Islomobod shaharlarida O‘zbekistonning turistik imkoniyatlarini targ‘ib etishga bag‘ishlangan “Road Show” tadbirlari o‘tkazilgan.
Mazkur tadbir ikki xalqning o‘ziga xos milliy qadriyatlari va madaniy rang-barangligini namoyon etuvchi yorqin namunaga aylandi. U davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va hamkorlikni mustahkamlash, umumiy tarixiy ildizlarimiz asosida tinchlik, barqarorlik va farovonlik g‘oyalarini ilgari surishga xizmat qildi.
Tadbirlar davomida Turizm qo‘mitasi vakillari tomonidan ishtirokchilar va xorijiy investorlar uchun O‘zbekistonda so‘nggi yillarda turizm sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar, investitsiyaviy imkoniyatlar hamda istiqbolli loyihalar haqida atroflicha ma’lumotlar taqdim etildi. Ushbu taqdimotlar xorijiy mehmonlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.
Izoh