Xavfsizlik va O‘zbekiston bo‘ylab sayohatlarning o‘ziga xos jihatlari

Pokistonning Lahor shahrida O‘zbekiston turizm salohiyati namoyish etildi

10.04.2025 90

2025-yilning 9-11-aprel kunlari Turizm qo‘mitasi tomonidan Pokiston Islom Respublikasi hukumati, turistik kompaniyalari, mehmonxona boshqaruvi va sayyohlik sohasida faoliyat yurituvchi ishbilarmon doiralari hamda OAV vakillari ishtirokida ushbu mamlakatning Lahor, Karachi va Islomobod shaharlarida O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari targ‘ibotiga bag‘ishlangan “Road Show” tadbirlari tashkil etilmoqda.

“Road Show” doirasida dastlabki tadbir 14 milliondan ziyod aholi istiqomat qiluvchi Lahor shahrida o‘tkazildi. Unda Panjob viloyati turizmni rivojlantirish korporatsiyasi, Lahor Savdo-sanoat palatasi rahbariyati hamda Janubiy Osiyo xalqaro tadqiqotlar markazi rasmiylari, mahalliy turizm biznesi vakillari, shuningdek, O‘zbekistondan turizm sohasi rasmiylari va turoperatorlaridan iborat jami 500 nafardan ortiq ishtirokchilar qatnashdi.

Tadbir doirasida “O‘zbekiston – Ipak yo‘li durdonasi” taqdimoti namoyishi hamda ikki davlatning turistik operatorlari o‘rtasida “B2B”, “G2B” va “G2G” uchrashuvlar tashkil etildi. Shu bilan birga, “Uzbekistan Airways” milliy aviakompaniyasi taqdimoti ham o‘tkazildi.

Taqdimotlarda O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyati, keyingi yillarda jadal rivojlanib borayotgan qishki va tog‘ turizmi, shuningdek mamlakatning o‘ziga xos gastronomik imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

“Ikki mamlakat o‘rtasidagi turizm salohiyati juda katta. Biz nafaqat tarixiy, balki biznes va tibbiy turizmni ham kengaytirish niyatidamiz. Hukumat va biznes doiralar bu imkoniyatlarni amalga oshirishda faol ishtirok etishi kerak”, - dedi Lahor Savdo-sanoat palatasi prezidenti Mian Abuzar Shad.

“O‘zbekistonning Pokistonda marketingi va targ‘iboti, pokistonliklar uchun muhim bo‘lgan ziyoratgohlar – Imom Al-Buxoriy maqbarasining alohida rolini faol targ‘ib qilish maqsadga muvofiq. Bizni tarixan bog‘lab turadigan rishtalarni inobatga olgan holda ikki tomonlama turizm aloqalarini rivojlantirish mamlakatlarimiz uchun yangi ufqlarni ochib beradi”, deb ta’kidladi Panjob viloyati turizmni rivojlantirish korporatsiyasi rahbari Nasir Mahmud Bashir.

Tadbir natijasida ikki mamlakat turizm biznesi vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatilib, o‘nlab o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishildi.

“Road Show” ikkinchi qismida o‘zbek san’at ustalari ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi, shuningdek, milliy hunarmandchilik buyumlari va milliy liboslar ko‘rgazmasi o‘tkazildi.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Shuningdek, oʻqing