Qishda O‘zbekistonga tashrif buyurish uchun 5 sabab

11.12.2024 254

Nima uchun O‘zbekistonni yilning eng sovuq faslida ko‘rish muhim?

Zamonaviy O‘zbekiston – mehribon va dilkash odamlar, tarixiy qadamjolar, go‘zal me’morchilik va boy madaniyat o‘lkasidir. Tashrif buyurgan har bir mehmon bu yerda o‘z xavfsizligiga ishonch hosil qilishi mumkin. Bu yerda sayyohlik politsiyasi faoliyat olib boradi va barcha sanitariya me’yorlariga rioya qilinadi. Mamlakat dunyodagi eng xavfsiz davlatlardan biri hisoblanadi. Hozirda dunyoning 80 dan ortiq mamlakatlariga 30 kunlik vizasiz rejim amal qiladi.

Mamlakat Markaziy Osiyoning eng markazida joylashgan. Oʻzbekiston hududining uchdan ikki qismini choʻllar, dashtlar va togʻlar egallaydi. Ular o‘ziga xos, betakror iqlim yaratadi. Oʻzbekistonda qish issiq, togʻli hududlar yumshoq qor bilan qoplanadi.

1. Qorli tog‘lar bag‘ri

O‘zbek xalqining omadi chopgan! Oʻzbekistonning sharqiy va janubi-sharqida togʻlar, qishki turizm uchun kurortlar mavjud. O‘zbekiston kurortlari barchani – professional sportchilar va chang‘i ishqibozlaridan tortib, bu sohaga yangi kirib kelganlar hamda havaskorlarni ham kutib olishga tayyor. Barcha zarur narsalar bilan jihozlangan dam olish maskanlari sifat va xavfsizlik talablariga javob beradi. Bugungi kunda tog‘larda quyidagi dam olish maskanlari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Chimyon - Toshkent shahridan 80 km uzoqlikdagi mashhur dam olish maskani. Chimyon vodiysi dengiz sathidan 1200 - 1600 metr balandlikda joylashgan. Chimyon hududida mehmonxonalar, dam olish maskanlari mavjud. Chang‘i yo‘lakchasi bor, unga dor va bugel yo‘li olib boradi . Ijara punktlarida chang‘i jihozlarini ijaraga olish va chang‘i, chana, snoubord, konkida uchish hamda frirayd bilan shug‘ullanish mumkin.

Beldersoy - Toshkent shahridan 85 km uzoqlikdagi, Tyan-Shan tog‘larining tik etaklarida joylashgan tog‘-chang‘i kurorti. Dam olish maskani chang‘i mavsumi noyabrdan maygacha davom etishi bilan ajralib turadi. Qor quruq va elastik bo‘lib, faol chang‘i sporti uchun qulaylik yaratadi. Beldersoy hududida uzunligi 3020 metr bo‘lgan dor yo‘li bor. Qumbel tog‘ining yonbag‘iridan ikkita yo‘l o‘tgan. Shuningdek, mehmonxonalar, restoranlar va jihozlarni ijaraga berish punktlari faoliyat olib boradi.

Amirsoy – yangi jihozlangan tog‘-chang‘i kurorti. Toshkent shahridan 65 km uzoqlikda, Toshkent viloyatida joylashgan. Dam olish maskanida milliy va Yevropa taomlarini taklif qiluvchi kafe va restoranlar bor. To‘g‘ridan-to‘g‘ri chang‘i yonbag‘irlariga kirish imkoniga ega park-mehmonxona mavjud. Butun mavsum davomida sayyohlik politsiyasi va tez tibbiy yordam xizmatlari faoliyat yuritadi. Eng baland marshrut 120 metrgacha. 8 kishilik gondol lifti, chang‘i to‘xtash joyi va 4 kishilik kursili ko‘targich mavjud.

2. Metropolis markazida qishki sport turlari

O‘zbekistonda qishki sport turlari jadal rivojlanmoqda. So‘nggi ikki yil ichida Toshkentda “Humo Arena” muz saroyi, “Ice City” sport-ko‘ngilochar majmuasi hamda “Ice Avenue” muz maydoni ishga tushirildi, endilikda xokkey, kyorling, short-trek, figurali uchish bo‘yicha musobaqalar, turnirlar va bellashuvlarda qatnashish imkoniyati yaratildi.

Bulardan tashqari, Respublika bo‘ylab qishda sport bilan shug‘ullanish uchun turli xil joylar, maydonlar, bog‘lar, stadionlar mavjud.

“Ice City” - oilaviy dam olish uchun ko‘ngilochar majmua, “Sehrli qor shahri”. Majmua butun yil davomida ishlaydi va chang‘i, chana, qor to‘plari o‘ynash va bir lahza bo‘lsa ham o‘zini yosh boladek his qilish uchun ajoyib imkoniyatdir.

“Humo Arena” muz saroyi oʻzining kattaligi, goʻzalligi, zamonaviy meʼmoriy yechimlari va koʻp funksiyaliligi bilan hayratlanarli boʻlib, u baxt qushi - Humoning qanotlari shaklida qurilgan. Zamonaviy jihozlangan majmua barcha xavfsizlik talablariga javob beradi hamda 12 ming 500 tomoshabinni sig‘dira oladi.

“Ice Avenue” muz maydoni – bo‘sh vaqtni qiziqarli va mazmunli o‘tkazish uchun ajoyib imkoniyat. Tajribali murabbiylar har qanday yoshdagi kishilarga konkida uchishni o‘rgatadi. Faol dam olishdan so‘ng siz qulay kafeda dam olishingiz va hordiq chiqarishingiz mumkin.

3. Toza ekologiya va kemping

O‘zbekiston o‘zining noyob qo‘riqxonalari, betakror tabiat manzillari, ajoyib milliy bog‘lari bilan mashhur.

Bunday bog‘lar Respublika himoyasida, chunki ularning hududida noyob o‘simlik va hayvonlar turlari yashaydi, ularning ba’zilari Qizil kitobga kiritilgan. Bu joylarda Turkiston silovsini va qor qoploni kabi katta mushuklarni uchratish mumkin.

Milliy bog‘larning tabiati o‘zining xilma-xilligi, go‘zalligi va ozodaligi bilan ajralib turadi - bular qoyali tog‘lar, sersuv daryolar, qurg‘oqchil dashtlardir.

Alpinizm va qoyaga chiqish ishqibozlari eng baland qorli nuqtalarni zabt etish uchun mamnuniyat bilan kelishadi. Paraplan va deltplanda uchish istagida bo‘lganlar esa qush parvozi balandligidan ajoyib manzaralarni ko‘rish uchun O‘zbekistonga keladilar. Surxondaryo viloyatida Boysun qishda ayniqsa go‘zal – yovvoyi, tog‘li hudud ulkan landshaftlarda yo‘qolgan dunyoga o‘xshaydi. Surxondaryo viloyatidagi Surxon togʻ-oʻrmon qoʻriqxonasidagi gʻor va kanyonlar ayniqsa goʻzal.

Ugom-Chotqol milliy bog‘i, Zomin bog‘i, Suvtushar sharsharasi, Severtsev muzligi va boshqa ko‘plab tabiiy mo‘jizalarga tashrif buyuring. Vertolyot ijaraga olish orqali yetish qiyin bo‘lgan joylarga borishingiz mumkin.

Oʻzining anʼanaviy, Markaziy Osiyoga xos qiyofasini saqlab qolgan baland togʻ qishloqlarini alohida taʼkidlab o‘tish joiz. Misol uchun, Nanay qishlog‘i - Tyan-Shan marvaridi, xushmanzara maskan. Dengiz sathidan 900 m balandlikda, Pskom daryosining chap qirgʻogʻida joylashgan.

4. Issiq oshxona

O‘zbekistonning milliy taomlari gastronomik mo‘jizadir. Milliy taomlar menyusi mutanosibligi va rang-barangligi bilan ajralib turadi.

Bu yerda siz har qanday didga mos taomlarni tatib ko‘rishingiz mumkin, ular hatto eng ashaddiy va shinavanda gastronomiya ixlosmandlarining qalbini ham zabt etishga qodir. Qishda iste’mol qilinadigan milliy taomlarning ko‘lami juda ham keng: issiq, suyuq, achchiq taomlar qishda isinish uchun ayni muddaodir.

Ularni oddiy tamaddixonalardan tortib hashamatli restorangacha - hamma joyda tatib ko‘rish mumkin. Milliy taomlardan dan eng mashhurlari – xushbo‘y palov, issiq mastava, to‘yimli chuchvara va mazali sho‘rva. Bundan tashqari, taomlar sog‘lom komponentlarning yuqori miqdori va oson hazm bo‘lishi bilan ajralib turadi.

5. Bayramona kayfiyat

Qishda O‘zbekiston butunlay o‘zgacha tus oladi. Yangi yil bayramlarini hamma intiqlik bilan kutadi. Noyabr oyining oxiridan yanvar oyining o‘rtalariga qadar shahar ko‘chalari Yangi yil manzarasiga aylanadi. Mamlakatning butun aholisi bayramona kayfiyatda bo‘ladi. Yorqin xiyobonlar, charog‘on yo‘llar, aql bovar qilmas bezaklar va manzaralardan aqlingiz shoshib qoladi.

Bu vaqtda ommaviy bayramlar, teatr va sirk tomoshalari, bayram tanlovlari va tadbirlari o‘tkaziladi.

Toshkentda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi oldidagi maydon va “Anhor Lokomotiv” bog‘iga albatta tashrif buyuring. U erda siz ko‘cha ijrochilarining chiqishlarini, turli xil LED-shoularni, shuningdek, ajoyib fotosuratlar uchun foto zonalarining katta tanlovini topasiz.

Yangi yil bayramlarida Samarqand shahridagi “Ko‘ksaroy” maydonida qiziqarli bayram shou-dasturlari, kunlik konsertlar va teatrlashtirilgan tomoshalarni ko‘rish mumkin.

Bunday tadbirlar davomida turli xil sovg‘alarni, jumladan, o‘zbek suvenirlari, to‘qimachilik mahsulotlari, zargarlik buyumlari, idish-tovoqlar, shirinliklar va boshqa ko‘p narsalarni ko‘rishingiz va xarid qilishingiz mumkin. Bayram mahsulotlari va boshqa barcha mahsulotlarning narxlari sizni yoqimli ajablantiradi. O‘zbekiston narx kategoriyasi bo‘yicha eng maqbul mamlakatlardan biri sifatida tan olingan.

Yangi yil ta’tillari minoralar va go‘zal madrasalar orasida Markaziy Osiyo uslubida dam olish uchun ajoyib imkoniyatga aylanadi. Bunday sayohat o‘zingiz va yaqinlaringiz uchun eng yaxshi sovg‘a bo‘lishi shubhasiz.

O‘zbekistonda qishki ta’tillar bozorlardagi savdolardan tortib ko‘chalardagi sershovqin va quvnoq bayramlargacha bo‘lgan quvnoq shodiyonadir. Cho‘l va dashtlar orasida joylashgan Markaziy Osiyo mamlakatini qishda, sehrli va shinam muhitda tasavvur qila olasizmi? Tog‘larning qorli yonbag‘irlarida snoubord minib ketayotgan yigitni yoki chiroyli juftlikning muz ustida ajoyib raqsga tushishini tasavvur qilish qiyin, shunday emasmi?

Qish haqidagi ertak haqiqatdir. Yilning eng sovuq faslida O‘zbekiston bayramona tus olib, o‘z aholisi va mehmonlarga bir umr esda qoladigan yoqimli tuyg‘ular va yorqin taassurotlar bag‘ishlaydi.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Shuningdek, oʻqing