O‘zbekistonda xorijiy fuqarolar uchun “Tax Free” tizimi imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha yangi chora-tadbirlar belgilandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-martdagi PQ-78-son qarorida ma’lum qilingan. Mazkur hujjat tizimdagi ayrim ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish, uning qamrovini kengaytirish hamda turistlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan.
Qarorga muvofiq, 2026-yil 1-apreldan boshlab “Tax Free” tizimi respublikaning barcha xalqaro aeroportlarida joriy etiladi. Xorijiy fuqarolar qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytimini aeroportning o‘zida naqd shaklda yoki bank kartasiga o‘tkazish orqali olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bank kartasiga qaytariladigan mablag‘lar tovar mamlakat hududidan olib chiqilgandan so‘ng uch ish kunidan kechiktirmay o‘tkazib berilishi belgilangan.
Yangi tartibga ko‘ra, “Tax Free” rasmiylashtirish uchun xaridning eng kam qiymati bo‘yicha talab bekor qilinadi. Shuningdek, ushbu tizim tatbiq etilmaydigan tovarlar ro‘yxati qisqartirilib, oziq-ovqat mahsulotlari bundan mustasno etib qoldiriladi. Bundan tashqari, soliq organlarining maxsus mobil ilovasida elektron pochta orqali identifikatsiyadan o‘tish imkoniyati yaratiladi. “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona posti rekonstruksiyasi yakunlangach esa u yerda tajriba tariqasida “Tax Free” servis punkti tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Mazkur chora-tadbirlar 2026–2027-yillarda “Tax Free” tizimidan foydalanuvchi xorijiy fuqarolar sonini sezilarli darajada oshirish, chakana savdo sohasida hisob-kitoblar shaffofligini kuchaytirish hamda yashirin tovar aylanmasini qisqartirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Shuningdek, turistik markazlar, yirik savdo majmualari va xalqaro aeroportlarda “Tax Free” tizimi joriy etilganini bildiruvchi maxsus ko‘rsatkichlar joylashtiriladi.
Izoh