Foto va Video

Qo‘qonda yana bir nufuzli xalqaro anjuman bo‘lib o‘tmoqda

08.06.2022 1119

Joriy yilning 8-10 iyun kunlari Qo‘qon universitetida “Qo‘qon xonligining Turkiy xalqlar davlatchiligi rivoji va madaniy merosida tutgan o‘rni” nomli nufuzli xalqaro anjumani bo‘lib o‘tmoqda. Anjuman doirasida konferensiya va sessiyalar, xorijlik mehmonlar uchun infotur uyushtirish rejalashtirilgan.

Ushbu anjuman Qo‘qon universiteti, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Farg‘ona viloyati hokimligi, Turizm va madaniy meros vazirligi, Turkiy davlatlar tashkiloti, TURKSOY, Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti va Qo‘qon universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan bo‘lib, unda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, O‘zbekiston, Turkmaniston, Vengriya va boshqa xorijiy davlatlardan 20 nafardan ortiq ma’ruzachi, 30 ga yaqin oliy ta’lim muassasalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va ekspert hamjamiyatlarining 50 nafardan ortiq vakillari ishtirok etishmoqda.

“Qo‘qon xonligi davrida davlat haq va adolat bilan boshqarilganligi, shu bilan birga ilm-fan, arxitektura va me’morchilik, madaniyat, hunarmandchilik va san’at ravnaqiga katta e’tibor berilganligi tarixdan ma’lum va mashhur. Sizlarning bu boradagi tarixiy haqiqatlarni yuzaga chiqarish asnosida “Qo‘qon xonligining Turkiy xalqlar davlatchiligi rivoji va madaniy merosida tutgan o‘rni” mavzusi yuzasidan olib borayotgan tadqiqotlaringiz o‘tmishdan saboq olish va yuksak o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi, desak yanglishmaymiz.” – deya tadbirni Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduxakimov o‘z nutqi bilan ochib berdi.

Bugungi konferensiyada ishtirok etish maqsadida Qo‘qon universitetiga barcha xorijiy mehmonlar, jumladan Istanbul universiteti, Anqara universiteti, Xojattepe universiteti, Boku davlat universiteti, Qozog‘istonning al-Farobiy Milliy universiteti, Bishkek Davlat universiteti, Turkmanistonning Maxtumquli nomli davlat universiteti, Budapesht universiteti, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti vakillari, shuningdek, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, A.Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti delegatsiyalari tashrif buyurishdi.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Shuningdek, oʻqing