Mamlakatimizning Rossiyadagi elchixonasi va Turizm qo'mitasi huzuridagi "Milliy PR-markazi" DUK tomonidan "Russian Traveler" nashri bilan birgalikda mazkur jurnalning O'zbekistonning boy madaniy merosi va sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan maxsus soni chop etildi.
O'zbekiston – Sharq ertagi" nomli "Russian Traveler" jurnalining maxsus sonida mamlakatimizda sayohat qilish qoidalari, noyob turistik va madaniy yo'nalishlar, yurtimizning gastronomik turizmi va boshqa ma'lumotlar mushtariylar hukmiga havola qilingan.
Qayd etish joizki, ushbu nashrda O'zbekistonning barcha viloyat va shaharlariga tashrif buyurishning afzalliklari aniq misollar bilan to'liq ochib berilgan, shuningdek, o'zbek xalqining boy madaniyati, an'analari, taomlari va mehmondo'stligiga urg'u berilgan.
Nashrda qadimiy Buyuk ipak yo'li kesib o'tgan shaharlarmiz to'g'risidagi xarita ham chop etilgan. Qayd etilishicha, bu shaharlar chinakam madaniyatlar chorrahasi vazifasini o'tagan. Ulardan to'rttasi – Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz YUNESKOning Umumjahon madaniy merosi obyektlari deb e'lon qilingan.
Bundan tashqari, maxsus sonda rossiyalik sayyohlarga O'zbekistonda dam olishni qanday o'tkazish, qaysi kurortlar borishga arziydigani va ular qayerda joylashgani haqida muhim ma'lumotlar keltirilgan. Jurnalda ta'kidlanishicha, Chimyon tog'lari nafaqat Tyan-Shanning qorli qoyalari, yong'oq va olma bog'lari, yuzlab sharsharalar bo'ylab sayr qilish, balki chang'ida uchish kabi dam olish turlarini ham taklif etadi.
Toshkent shahridan 120 km uzoqlikda 2000 metr balandlikdagi tog' bag'rida joylashgan Urung'och ko'llari, xususan Nefrit ko'lida maroqli hordiq chiqarishga alohida e'tibor qaratilgan. Shuningdek, yil bo'yi suv harorati +36°C bo'lgan, dengiz sathidan 2800 metr balandlikda joylashgan Arashan ko'llar tizimi va Jizzax viloyatidagi Aydarko'l haqidagi muhim ma'lumotlar qalamga olingan.
Maxsus sonda, shuningdek, O'zbekistondagi turli ko'ngilochar tadbirlar, milliy bayramlar ta'kidlangan. Xususan, Navro'z bayrami, "Lazgi" xalqaro raqs festivali, shuningdek, "Gastro Bazar" festivali kabi an'anaviy o'zbek oshxonasiga bag'ishlangan gastronomik tadbirlarga e'tibor qaratilgan.
Sport ixlosmandlari xalqaro musobaqalarga, musiqa shinavandalari esa Samarqanddagi "Sharq taronalari" va Qoraqalpog'iston Respublikasining Mo'ynoq shahrida an'anaviy tarzda o'tkaziladigan "Stixiya" festivallariga borishga da'vat qilingan.
O'zbekiston haqidagi mazkur maxsus son nafaqat bosma shaklda, balki "Russian Traveler" jurnalining rasmiy saytida va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ham joylashtirildi.
Qayd etish joizki, Rossiyaning yetakchi sayyohlik nashri bo'lgan "Russian Traveler" jurnalining ijtimoiy tarmoqlardagi obunachilari soni 2 millionni tashkil qiladi. Jurnal rasmiy saytini esa har oyda salkam 4 millionga yaqin kishi bevosita kuzatib boradi.
O'zbekistonga bag'ishlangan maxsus son 10 ming nusxada bosildi va u Rossiyaning yetakchi sayyohlik operatorlari, kompaniyalari, ishbilarmon doiralar vakillari hamda Moskva shahridagi aeroportlarida tarqatildi.
O'zbekiston elchixonasi ushbu jurnal taqdimotini shu yil Turizm qo'mitasi huzuridagi "Milliy PR-markazi" bilan birgalikda Moskva shahridagi VDNXdagi "O'zbekiston" 66-pavilyonida o'tkazishni rejalashtirmoqda.
Xulosa o'rnida aytganda, "Russian Traveler" jurnalining ushbu sonida e'lon qilingan maqolalar, sharhlar va sayohat bo'yicha tavsiyalar mazmunan rossiyalik o'quvchilarga nafaqat estetik zavq olish, balki O'zbekistonning turistik va boy madaniy merosiga yangicha nazar bilan qarash imkoniyatini taqdim etadi.
Manba: "Dunyo" AA
Ish vaqti: 9:00-18:00, Du-Ju
Savollar uchun
Izoh