Singapurning mashhur “Asian Geographic Magazines” jurnali nashriyot bosh muharriri, shuningdek, mahalliy “ADEX” dayving markazi rahbari Kyau Tetning O‘zbekistonga tashrifi haqidagi maxsus sonini chop etdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonga sayohat Kyau Tet uchun haqiqiy kashfiyot bo‘lib, bu qadimiy hududning o‘ziga xos merosi bilan yaqindan tanishish imkonini bergan. Samarqandning mahobatli minoralaridan tortib, Buxoroning sokin ko‘chalarigacha, Toshkentning rang-barang bozorlaridan tortib Qizilqumning sirli sahrolarigacha – u tashrif buyurgan har bir go‘sha o‘zining betakror muhiti, salobati bilan hayratga soldi.
Safardan qaytgach, singapurlik jurnalist va sayohatchi o‘z jurnali muxlislari bilan O‘zbekistonga qilgan unutilmas sayohati taassurotlari bilan o‘rtoqlashishga qaror qildi.
1999-yilda tashkil etilganidan buyon “Asian Geographic” jurnali o‘zining dolzarb mavzulardagi maqolalari, professional fotosuratlari va yuqori sifatli dizayni sababli keng auditoriya tomonidan tan olingan. Ikki oyda bir marta nashr etiladigan jurnal 44 mamlakatda 300 mingdan ortiq o‘quvchiga ega.
Jurnal ko‘pincha Osiyo haqidagi turli, ba’zan kam ma’lum bo‘lgan faktlar bo‘yicha materiallarni nashr etadi, bu esa o‘quvchilarga qit’a haqida to‘liqroq tushunchaga ega bo‘lish imkonini beradi. Nashr mintaqadagi muhim masalalarga e’tiborni qaratish maqsadida nafaqat dolzarb voqea va muammolarni yoritib boradi, balki uning tarixi va madaniyati haqida ham so‘z yuritadi.
Shunday qilib, Kyau Thetning O‘zbekistonga safari yakunlariga asoslangan materiallar jurnal muxlislarining mamlakatimiz, uning ajoyib madaniy va tabiiy merosi haqidagi bilimlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Muallif ta’kidlaganidek, O‘zbekistonga sayohat nafaqat uning shaxsiy tajribasini boyitdi, balki jurnalning missiyasi – Osiyoning boy rang-barangligini namoyish etish va uning o‘ziga xos jihatlariga e’tiborni qaratishga qo‘shilgan muhim hissa bo‘ldi.
O‘zbekiston o‘zining mahobatli me’moriy obidalari, go‘zal manzaralari, mehmondo‘st xalqi bilan muxlislar qalbida aks-sado beradigan unutilmas taassurot qoldirdi. “Asian Geographic Magazines” bosh muharriri O‘zbekistonga qilgan sayohatini qisqacha mana shunday ta’riflaydi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi
Ish vaqti: 9:00-18:00, Du-Ju
Savollar uchun
Izoh