Foto va Video

“Somsa sayli”ga marhabo!

26.04.2024 100

Yaxshi dam – mehnatga hamdam, degan naql bor xalqimizda. Diyorimizda maroqli hordiq chiqarish uchun ko‘plab ajoyib manzillar bor, Toshkent viloyatining Parkent tumani ham shular jumlasidandir. Hukumatimiz tomonidan chiqarilgan tegishli hujjatlarga asosan, 2024-yildan boshlab har yili Parkent tumanida mavsumiy “Somsa sayli” gastronomik festivalini o‘tkazish belgilangan. Shu munosabat bilan, bir oy davomida Parkent tumanining so‘lim Zarkent qishlog‘ida bahoriy taomlar festivali doirasida turli ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

20-aprel kuni boshlanib, 20-mayga qadar davom etadigan sayilda somsaning turli xillari hamda sumalak va halim kabi milliy taomlar ishtirokchilarga tortiq etilmoqda.

Eng asosiysi, mashhur xonandalarning konsert dasturlari ham namoyish etiladi, kunduzgi ko‘ngilochar tomoshalar kechki katta konsert dasturlariga ulanib ketadi.

E’tiborga molik jihatlardan yana biri shunda-ki, sayilda bolajonlar uchun turli attraksionlar ham o‘rnatilgan.

Qiziqarli dasturlar davomida dorbozlar tomonidan hayajonli dor o‘yinlari ham namoyish etilishi kutilmoqda.

Butun Toshkent viloyatidan tashrif buyurgan folklor jamoalar va san’atkorlarning chiqishlari ertalabdan sayil ishtirokchilariga bayramona kayfiyat ulashmoqda. Mazkur saylning eng asosiy konsert dasturlari kech soat 16:00 da boshlanadi.

Maftunkor tabiat qo‘ynida bo‘lib o‘tayotgan sayilga albatta keling va mador somsa, ismaloq somsa hamda betakror mazali kaboblar, shuningdek, xalim, sumalak kabi quvvatbaxsh milliy taomlarimizdan, qolaversa, mehnatkash va samimiy Parkent ahlining mehmondo‘stligi-yu musaffo tog‘ havosidan bahramand bo‘ling!

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Shuningdek, oʻqing