“Tashkent Travel Mart 2022” xalqaro ko‘rgazmasi bo'lib o'tdi

18.05.2022 1053

17 may kuni poytaxtdagi “Hilton Tashkent City”  mehmonxonasida B2B formatida “Tashkent Travel Mart 2022” xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2022 yil 30 apreldagi “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 232-sonli qarori ijrosi doirasida o‘tkazildi.

Anʼanaviy tarzda o‘tkaziluvchi “Tashkent Travel Mart 2022” tadbirini O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov va Isroil Turizm vaziri Yoel Razvozov ochib berishdi. 

Tadbir Turizm va madaniy meros vazirligi qo‘llab-quvvatlashi ostida O‘zbekiston Xususiy Sayyohlik Tashkilotlari Uyushmasi (XSTU) tomonidan Yevropa Ittifoqining “Switch Asia” loyihasi, USAID‘ning tadbirkorlik va biznes muhitini rivojlantirishga oid loyihasi, O‘zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasi, “ACTED” va Xalqaro Moliya Korporatsiyasi (IFC) ko‘magida tashkil etildi.

B2B formatidagi “Tashkent Travel Mart 2022” xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi  tarmoqlararo muloqotni kengaytirish va yangi sharoitlarda bozorni rivojlantirishning maqbul yechimlari va yo‘llarini ishlab chiqish uchun ixtisoslashtirilgan turistik maydonchadir. B2B formati, yaʼni “biznes uchun biznes”, ko‘rgazmada ixtisoslashgan tashkilotlarga biznes imkoniyatlarini kengaytirish, o‘z biznesini yuritishdagi ko‘plab muammolarni hal etish, turizm xizmatlarini taklif qilish imkonini beradi. “Tashkent Travel Mart 2022” yuqori sifatli yangi turizm mahsulotlarini yaratish va sohada xizmat ko‘rsatish darajasini oshirishga yordam beradigan tarmoqlararo aloqalarni yana-da mustahkamlash imkonini beradi. 

Taʼkidlash joizki, joriy yilda ko‘rgazmada O‘zbekiston va butunjahon sayyohlik tashkilotlarining eng faol vakillari ishtirok etishdi. Bular 10 dan ortiq davlatlarning 90 dan ortiq xorijiy kompaniyalaridir.  Ular orasida Germaniya, Chexiya, Estoniya, BAA, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistondan sayyohlik sohasi vakillari bor.

“Tashkent Travel Mart 2022” xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasida xorijiy va mahalliy turoperatorlar, sayyohlik agentliklari, mehmonxonalar, banklar, onlayn xizmatlar, sug‘urta kompaniyalari ishtirok etdi, shuningdek, birinchi marta O‘zbekistonning yashil texnologiyalari va oilaviy mehmon uylari ishlab chiqarish vakillari qatnashdilar. 

Sayyohlik sanoatiga chuqur kirib borgan raqamli transformatsiya va axborot texnologiyalari davrida ekologik barqarorlikning barcha jihatlarini hisobga olish masalasi raqobatbardoshlikning muhim omili hisoblanadi. Shu bois mamlakatimizning turizm sohasida mavjud samarali “yashil” texnologiyalardan foydalanish jahonda tobora tanilib borayotgan SBT turizmini ommalashtirish xalqaro miqyosda turizm sanoati salohiyatini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda. Shu maqsadda “Tashkent Travel Mart 2022” ko‘rgazmasi Zero Sarbon Fair yetakchiligida o‘tkazilmoqda.  

Tadbir doirasida turizm sohasi mutaxassislari nafaqat qiziqarli muammolarni muhokama qilish, balki dolzarb savollarga javob topish imkoniga ega bo‘ldilar. Shuningdek, potensial mijozlar va yangi hamkorlar bilan samarali uchrashuvlar o‘tkazilib, kelgusida hamkorlik to‘g‘risida shartnomalar tuzildi va memorandumlar imzolandi.

 

Maʼlumot uchun: “Tashkent Travel Mart 2022” asoschisi 1998 yilda tashkil etilgan O‘zbekiston Xususiy Sayyohlik Tashkilotlari Uyushmasi (O‘zXSTU) bo‘lib, O‘zbekistonda turizm sohasida faoliyat yurituvchi eng yirik va eng qadimgi nodavlat, notijorat tashkilot hisoblanadi. O‘zXSTU ilg‘or xorijiy tajriba asosida turizm sohasida innovatsiyalarni joriy etishga intiladi. 200dan ortiq turoperatorlar, mehmonxona biznesi va mehmon  uylari, xostellar, turizm biznesi sohasidagi dasturiy taʼminot vakillarini birlashtirgan.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Shuningdek, oʻqing