Foto va Video

Toshkent viloyatida xalqaro “Jeep sprint” musobaqasi bo‘lib o‘tdi

01.03.2023 463

26-fevral kuni Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Oqsoqotasoy hududida “Jeep sprint” xalqaro musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Madaniyat va turizm vazirligi, Avto-moto turizm assotsiatsiyasi hamda Toshkent viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etildi.


Ta’kidlash joizki, musobaqada 50 dan ziyod professional va 20 ga yaqin havaskor, xususan, Rossiya, Tojikiston, Qozog‘iston kabi davlatlardan kelgan ishtirokchilar o‘zlarining musobaqa uchun maxsus tayyorlangan transport vositalarida ishtirok etishdi. Ular “AVT” (kvadrotsikllar) yo‘nalishida, yo‘l tanlamas avtomobillar bo‘yicha “Light” yo‘nalishida va yo‘l tanlamas avtomobillar bo‘yicha “Extreme” yo‘nalishida g‘oliblik uchun kurash olib borishdi.

 “Biz bu musobaqada faqat sovrin uchun qatnashganimiz yo‘q. Sababi, “Jeep sprint” poygalari kutilmagan voqealarga, tavakkalga boy. Bugungi bahs ham biz uchun qiziqarli o‘tdi. G‘olib bo‘lish oson kechgani yo‘q, – dedi musobaqa g‘oliblaridan biri, “Gynesis” jamoasi haydovchisi Dmitriy Fesenko. – Bunday musobaqalarda avval ham qatnashganman. O‘tgan safar uchinchi o‘rinni olgandik, bu gal esa qiyinroq bo‘lsada, birinchi o‘rinni egalladik”.

Ma’lumot uchun, Dmitriy Fesenko yo‘l tanlamas avtomobillar bo‘yicha “Light” yo‘nalishida sherigi Timur Yarullin bilan birga marraga birinchi bo‘lib yetib keldi.


Musobaqa yakuniga ko‘ra “AVT” (kvadrotsikllar) yo‘nalishida “Stels” jamoasi 1-o‘rinni, “Tovoqsoy” jamoasi 2-o‘rinni, “The Best Chust” jamoasi esa 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Yo‘l tanlamas avtomobillar bo‘yicha “Light” yo‘nalishida esa 1-o‘rin “Gynesis” jamoasiga, 2-o‘rin “JAZZ” jamoasiga, 3-o‘rin esa “GSS” jamoasiga nasib qildi. Shuningdek, yo‘l tanlamas avtomobillar bo‘yicha “Extreme” yo‘nalishida 1-o‘ringa “Fortuna” jamoasi, 2-o‘ringa “The Best Chust” jamoasi, 3-o‘ringa esa “KIP” jamoasi munosib ko‘rildi.

G‘oliblarga musobaqa tashkilotchilari tomonidan noan’anaviy kuboklar, diplomlar, qimmatbaho va esdalik sovg‘alari topshirildi. Qolaversa, musobaqada faol ishtirok etgan ishtirokchilarga turli nominatsiyalar bo‘yicha kubok va mukofotlar ham taqdim etildi.

Bundan tashqari, tadbir doirasida OAV vakillari uchun press-tur ham tashkil etildi. Press-tur davomida jurnalistlar Bo‘stonliq tumanining turizm imkoniyatlari va boshqa jihatlari bilan tanishtirildi.

Qayd etish joizki, ushbu musobaqani tashkil etishdan maqsad mamlakatda avtomobil va mototsikl, kvadrotsikl turizmi, off-road turizmi (jeeping), karavaning va oilaviy sayohatlar hamda ekoturizm turizm yo‘nalishlarini rivojlantirish, avto-moto turizm yo‘nalishida turistlarga xizmat qilayotgan tadbirkorlar muammolar va takliflarini o‘rganish, mamlakatga tashrif buyurayotgan avto-moto turistlarning huquq va manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish, mamlakatning turizm imijini yanada oshirish, avto-mototurizmni yangi turizm yo‘nalishi sifatida rivojlantirishdir.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Shuningdek, oʻqing