2022-yil 28-fevral kuni “Hilton-Tashkent” mehmonxonasining "Ballroom" zalida 21-fevral – Xalqaro gidlar kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Muhim sana 70 mamlakatdan 2 milliondan ortiq aʼzolari boʻlgan Butunjahon gidlar uyushmalari federatsiyasi (WFTGA) tomonidan taʼsis etilgan.
Tadbirda Turizm va madaniy meros vazirligi, Turizmni rivojlantirish instituti, Xususiy turistik tashkilotlar assotsiatsiyasi vakillari, turoperatorlar, gidlar, ekskursovodlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni Turizm va madaniy meros vazirining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Azamov tantanali ravishda ochib berdi.
2019-yil fevral oyida Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Vazirlik huzuridagi Turizmni rivojlantirish instituti hamkorligida mamlakatimizning turizm bozori ishtirokchilarini birlashtirgan O‘zbekiston Gidlar uyushmasining tashkil etilishi belgilangan vazifalarni amalga oshirishda muhim qadam bo‘ldi.
Koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat butun dunyo bo‘ylab gidlar faoliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi, ammo ularning ko‘pchiligi bugungi kunda ham o‘z-o‘zini ish bilan ta’minlashga harakat qilmoqda. Ayni paytda Turizm va madaniy meros vazirligi tasarrufidagi– Samarqand turizm va xizmat ko‘rsatish kolleji, Buxoro turizm kolleji, Xiva turizm va xizmat ko‘rsatish kolleji, Marg‘ilon turizm va xizmat ko‘rsatish kolleji, Bo‘stonliq turizm va xizmat ko‘rsatish, Toshkent turizm va xizmat ko‘rsatish kolleji ta’lim muassasalarida 15 nafar gid o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritmoqda.
Tadbir davomida Turizmni rivojlantirish instituti o‘qituvchilari, murabbiylari va amaldagi gidlari pandemiyadan oldingi va keyingi davrlarda gid va ekskursovodlar faoliyatidagi muammolari va istiqbollari haqida so‘zlab berdilar.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sayohat jurnalisti, “Turizm haqida” ko‘rsatuvi, “Dunyo bo‘ylab” telekanali muallifi va boshlovchisi Elmira Tuxvatullina so‘zga chiqib, gid va ekskursovodlarni samimiy tabrik va tilaklar bilan qutladi.
O‘zbekistonda 7000 dan ortiq madaniy meros obyektlari mavjud. Uning katta qismi YuNESKOning madaniy merosi himoyasidadir. Gidlarning vazifasi O‘zbekiston tarixining o‘rganilmagan sahifalarini, unga aloqador arxitektura va arxeologik yodgorliklari, ziyoratgohlar hadida so‘zlab, turistlarga ochib berishdan iborat.
“O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi”ning Ziyorat turizmi ilmiy-tadqiqot bo‘limi boshlig‘i Saidkomil Xolxo‘jayev O‘zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirishda gid va ekskursovodlarning o‘rni haqida so‘zladi.
Tadbir so‘ngida panel sessiyalari bo‘lib o‘tdi, unda mehmonlar o‘zaro tajriba va fikr almashdilar hamda hozirgi sharoitda O‘zbekistonda ekskursiya faoliyati va ekskursiya guruhlari faoliyatiga oid dolzarb va muhim masalalarni muhokama qildilar.
Ish vaqti: 9:00-18:00, Du-Ju
Savollar uchun
Izoh