Amerikaning Travel Lemming onlayn sayohat qoʻllanmasi tomonidan Oʻzbekiston 2023-yilda dunyoning 50 ta eng yaxshi sayyohlik yoʻnalishlari roʻyxatiga kiritildi va 9-oʻrinni egalladi. Ushbu qo‘llanma har yili dunyo bo‘ylab yangi yo‘nalishlar va yashirin durdonalarni yoritadi va uni 6 milliondan ko‘proq sayohatchilar o‘qiydi.
Maqolada O‘zbekiston “Markaziy Osiyo mintaqasining durdonasi va 2023-yilda albatta tashrif buyurish kerak bo‘lgan manzil” deb atalgan. Shuningdek, maqolada O‘zbekistonning Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlari haqida so‘z boradi. Maqola muallifi Ipak yoʻli meʼmorchiligining goʻzal namunalarini koʻrish mumkin boʻlgan qadimiy shaharlarni ziyorat qilishni ta’kidlash orqali asosiy diqqatga sazovor joylarga eʼtibor qaratadi. Masalan: Samarqanddagi Registon maydonida quyosh botishidan zavqlanish, mashhur Chorsu bozoridan quruq mevalar xarid qilish, Toshkentda metroga tushish.
Hakamlardan biri, Marti Sebova, shunday fikr bildirdi: “O‘zbekiston ko‘zlarni ochuvchi, hayratlanarli manzil – yaxshi ma’noda”. Hozirda Sebova dunyoning barcha mamlakatlariga tashrif buyurish niyatida, u allaqachon 193 mamlakatda bo‘lgan va “Juda och ko‘chmanchilar” deb nomlangan blog yuritadi. U fikri davomida: “O‘zbekistonni qanday tasavvur qilishingizdan qat’i nazar, u bundan ham ko‘proq. Uni sayohat istaklaringiz roʻyxatining yuqori qismiga koʻchirishni unutmang”, - deydi.
Ma’lumot uchun:
Yillik roʻyxat nashrning 25 dan ortiq sayyoh-yozuvchilar va muharrirlaridan iborat jamoasining hamkorlikdagi loyihasidir.
Roʻyxatdagi eng yaxshi 10 ta yoʻnalish:
1. Lafayett, Luiziana
2. Butan
3. Utila, Gonduras
4. Sent-Mari oroli, Madagaskar
5. Kosovo
6. Salento, Kolumbiya
7. Vanuatu
8. Shimoliy Makedoniya, Oxrid ko‘li
9. O‘zbekiston
10. Detroyt, Michigan.
Mintaqalar boʻyicha 50 ta yoʻnalishning toʻliq roʻyxati Yevropadagi 7 ta, Osiyodagi 5 ta, Janubiy Amerikadagi 4 ta, Okeaniyadagi 4 ta, Afrikadagi 4 ta, Shimoliy Amerikadagi 6 ta (AQSHdan tashqari) va AQSHdagi 20 ta manzillardan iborat. Toʻliq roʻyxat bu yerda.
Ish vaqti: 9:00-18:00, Du-Ju
Savollar uchun
Izoh