O‘zbekiston Respublikasi turizm sohasini rivojlantirish va ommalashtirish yo‘lida munosib hissa qo‘shgan davlat organlari xodimlari, jamoat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari, ijtimoiy soha vakillari, ommaviy axborot vositalari hamda chet ellardagi vatandoshlarimiz turizmni targ‘ib etish va faol ish olib borishdagi fidoyiligi uchun “Turizm fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandilar.
Toshkent shahrida 27-sentyabr - “Butunjahon turizm kuni” munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi. Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov ochib berar ekan, turizm sohasining mamlakatimiz iqtisodiyoti va xalqaro nufuzini oshirishdagi o‘rni tobora ortib borayotganini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev o‘z nutqida sohada erishilayotgan natijalar, amalga oshirilayotgan loyihalar hamda “Turizm fidoyisi” ko‘krak nishonining sohaga munosib hissa qo‘shayotgan mutaxassislar faoliyatiga berilayotgan yuksak e’tibor ramzi ekanini qayd etdi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda turizm sohasida erishilgan yutuqlar bevosita Prezidentimiz tomonidan ushbu sohaga qaratilayotgan yuksak e’tibor va qo‘llab-quvvatlash natijasidir. Shu bois, “Turizm fidoyisi” ko‘krak nishonining ta’sis etilishi ham sohaga amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning muhim qismidir.
Bugungi kunda O‘zbekiston turizm salohiyatini yanada kengaytirish, xalqaro turistlar oqimini oshirish hamda turizm xizmatlari sifatini yanada yaxshilash maqsadida bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonlarda faol qatnashayotgan mutaxassislar va fidoyi insonlar bu sohaning rivojlanishiga o‘zlarining bebaho hissasini qo‘shmoqda. Shuningdek, mamlakatimizda tarixiy merosni asrash, tabiatni muhofaza qilish va turizm infratuzilmasini zamonaviylashtirish borasida ham keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, “Turizm fidoiysi” ko‘krak nishoni Prezidentning 2019-yil 13-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5781-sonli farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-iyuldagi 433-sonli qarori bilan ta’sis etilgan.
Izoh