Foto va Video

“World Travel Market London – 2022” xalqaro ko‘rgazmasida O‘zbekiston o‘zining sayyohlik salohiyatini namoyish etdi

11.11.2022 644

 Londonda turizm sohasidagi eng yirik xalqaro koʻrgazma-yarmarkalardan biri -  “World Travel Market London-2022” boʻlib oʻtdi.  O‘zbekiston milliy stendi O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi ko‘magida “Milliy PR-markazi” DUK va “Uzbekistan Airways” milliy aviakompaniyasi tomonidan tashkil etildi.

Milliy stend ishida bir qator sayyohlik operatorlari va agentliklari ishtirok etdi, jumladan: “Marakanda Travel”, “People Travel”, “Orient Voyages”, “International Caravan travel Service” va boshqalar.

 Stend ishida O‘zbekiston sayyohlik brendining Buyuk Britaniyadagi elchisi Sofi Ibbotson faol ishtirok etdi:

 – “O‘zbekiston ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.  Bu yerda ko‘pchilik O‘zbekiston qanday sayyohlik yo‘nalishlarini taklif qilishi bilan juda qiziqadi.  Ushbu ko‘rgazma biz sayyohlarga nimani taklif qilishimiz mumkinligini ko‘rsatish, shuningdek, O‘zbekiston haqida gapirib berish uchun ajoyib imkoniyatdir”.

 Stendda O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati yorqin tarzda namoyish etildi, ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilar respublika, uning boy madaniy va tarixiy merosi, jumladan, qadimiy shaharlar va zamonaviy infratuzilma: aviakompaniyalar, mehmonxonalar, sanatoriylar va dam olish maskanlari haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘ldilar.

  3 kun davomida O‘zbekiston sayyohlik kompaniyalari yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan 200 dan ortiq uchrashuvlarni muvaffaqiyatli o‘tkazdi va 2023- hamda 2024-yillarga mo‘ljallangan muzokaralar olib borildi.

 Bu yil yarmarka maydonchasida 100 dan ortiq mamlakat va mintaqalarning stendlari, shuningdek, 2500 ga yaqin sayyohlik kompaniyasi va turoperatorlari namoyish etildi.

 WTM turizm sohasidagi eng yirik va mashhur xalqaro ko‘rgazmalardan biri bo‘lib, ushbu yo‘nalishdagi xizmatlarning qariyb barcha turlarini taqdim etadi.  Ko‘lami jihatdan Yevropadagi ikkinchi yirik sayyohlik ko‘rgazmasi (Berlin ko‘rgazmasidan keyin) bo‘lgan WTM 1980-yildan beri har yili Londonda o‘tkaziladi.  2009-yildan buyon O‘zbekiston ushbu tadbirda muntazam ishtirok etib kelmoqda.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Shuningdek, oʻqing