7 - 9-noyabr kunlari Londonda “World Travel Market” yirik xalqaro sayyohlik koʻrgazmasi boʻlib oʻtmoqda.
Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibida Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, “Milliy PR-markazi” DUK, “Uzbekistan Airways” milliy aviakompaniyasi va bir qator sayyohlik kompaniyalari vakillari bor.
Xalqaro ko‘rgazma mehmonlari va ishtirokchilari mamlakatimizning Yevropa va uzoq xorijdan sayyohlarni o‘ziga jalb eta oladigan yangi sayyohlik yo‘nalishlari va imkoniyatlari bilan yaqindan tanishisha oldilar.
Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari tomonidan “CNN”, “euronews”, “BBC” vakillari bilan Oʻzbekistonni 2023-yilgacha targʻib qilish boʻyicha loyihalarni ishlab chiqish yuzasidan muzokaralar oʻtkazildi.
Shuningdek, Yevropa bozorida Oʻzbekistonning yangi turistik obyektlari, sayyohlik markazlari, alohida shaharlarini targ‘ib qilish boʻyicha yirik marketing va PR-kompaniyalari bilan muzokaralar olib borildi.
WTM 2022 doirasida O‘zbekiston sayyohlik kompaniyalari va xorijiy ishtirokchilar o‘rtasida turistik guruhlarning mamlakatimizga tashrifini tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi.
Shu bilan birga, xorijlik jurnalistlarga 2023-yilda O‘zbekistonda Jahon sayyohlik tashkiloti Bosh assambleyasining 25-yubiley sessiyasi bo‘lib o‘tishi va bu tadbir Samarqand shahrida o‘tkazilishi haqida ma’lum qilindi.
Ma’lumot uchun:
WTM turizm sohasidagi eng yirik va mashhur xalqaro ko‘rgazmalardan biri bo‘lib, ushbu yo‘nalishdagi xizmatlarning qariyb barcha turlarini taqdim etadi. Ko‘lami jihatdan Yevropadagi ikkinchi yirik sayyohlik ko‘rgazmasi (Berlin ko‘rgazmasidan keyin) bo‘lgan WTM 1980-yildan beri har yili Londonda o‘tkaziladi. 2009-yildan buyon O‘zbekiston ushbu tadbirda muntazam ishtirok etib kelmoqda.
Ish vaqti: 9:00-18:00, Du-Ju
Savollar uchun
Izoh