Xitoy Xalq Respublikasida O‘zbekiston turizmi yili doirasida tashkil etilgan turistik “Road show” tadbiri mamlakatning yetakchi iqtisodiy markazlaridan biri — Shenchjen shahrida (Guandun provinsiyasi) davom etdi.
Tadbir O‘zbekistonning sayyohlik brendini ilgari surish, Xitoyning janubiy hududlari bilan ikki tomonlama aloqalarni kengaytirish va hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
“Road show”da Xitoyning sayyohlik kompaniyalari, sanoat assotsiatsiyalari, ishbilarmon doiralari va ommaviy axborot vositalarining 130 dan ortiq vakillari ishtirok etdi. O‘zbekiston delegatsiyasi madaniy va tarixiy yo‘nalishlar, gastronomik sayohatlar, tabiiy diqqatga sazovor joylar va MICE turizm imkoniyatlarini o‘z ichiga olgan keng turdagi turizm mahsulotlarini taqdim etdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasining turizm imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratilib, bu borada hudud vakillari tomonidan yorqin videomateriallar va qiziqarli taqdimotlar namoyish etildi. Tadbir ishtirokchilari Orolbo‘yining betakror madaniyati, tarixi, ekoturizmi va tabiiy maskanlari bilan yaqindan tanishdi va ularda katta qiziqish uyg‘otdi.
Tadbir doirasida “Shenzhen Airport Co., Ltd” kompaniyasi vakillari bilan rasmiy uchrashuv boʻlib oʻtdi. Muloqot davomida Shenchjen va Oʻzbekiston oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni ochish rejalari, shuningdek, tomonlarning Shenchjen shahrida Oʻzbekiston, jumladan, Qoraqalpogʻistonning sayyohlik salohiyati targ‘ibotini rivojlantirishga tayyorligi muhokama qilindi.
Shenchjendagi “Road show” O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi yetakchi sayyohlik yo‘nalishlaridan biri sifatida targ‘ib qilish va Xitoyning janubiy provinsiyalari bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha faol xalqaro kampaniyaning muhim bosqichi bo‘ldi.
Izoh