Xavfsizlik va O'zbekiston bo'ylab sayohatlarning o'ziga xos jihatlari

Xorazm oshxonasining o‘ziga xos ta’mlari

1110

O‘zbek milliy taomlarini tayyorlash jarayoni va ovqatlanish madaniyati juda qadimiy tarixga ega bo‘lib, xalqning ko‘p asrlik tajribasiga asoslanadi. Urf-odatlar va an’analar hududning iqlim sharoiti hamda mahalliy aholining turmush tarziga muvofiq shakllanib kelgan. 

Xorazm viloyati o‘zining betakror gastronomiyasi va taomlarni tayyorlashdagi o‘ziga xos uslubi bilan alohida shuhrat qozongan. Bu yerdagi har bir taom o‘ziga xos ta’mi bilan ajralib turadi va O‘zbekistonning boshqa hududlarida tayyorlanadigan taomlardan farq qiladi. 

Gumma

Gumma - Xorazm oshxonasining an’anaviy taomi bo‘lib, u go‘sht, kartoshka, pishloq yoki ko‘katlar kabi turli xil masalliqlar solingan yupqa xamirdan tayyorlanadi. Shuningdek, qovurilgan va pishirilgan gumma (qatirma) turlari ham mavjud bo‘lib, ular issiq holda va qaylasi bilan dasturxonga tortiladi. Katta tovada o‘simlik yog‘ida sekin olovda qovurilgan gumma o‘zining xushbo‘y ta’mi va nozik tuzilishi bilan kishini maftun etadi. Shu bois, u butun Xorazm bo‘ylab bayram yig‘inlari va madaniy tadbirlarda eng sevimli taomga aylanib qolgan.

Ijjon

Ijjon - asl Xiva taomi bo‘lib, xom go‘shtdan tayyorlanadi. Mahalliy rivoyatga ko‘ra, qadimda xonlikni zolim xon boshqargan ekan. U qo‘zg‘olonlardan qattiq qo‘rqib, ularning oldini olish uchun xalqni och saqlagan. Go‘sht esa butunlay man etilgan ekan. Kimdir uyida ovqat pishirmoqchi bo‘lsa, xonning askarlari tutun isidan kelib, tayyorlangan taomni tortib olishar ekan. Ammo xalq, ayniqsa ezilgan xalq, hamisha chora topadi. Odamlar go‘shtni qiymalab, xomligicha iste’mol qila boshlabdilar. O‘shandan beri ijjon xalqning “amaldorlar” ustidan qozongan g‘alabasi ramziga aylanibdi. Bu taomning tayyorlanishi juda oddiy - go‘sht, suv, tuz, yog‘ va ozgina qirilgan piyoz. Barcha mikroblarni yo‘q qilish uchun go‘shtni oldindan 48 soat muzlatib qo‘yish lozim.

Tuxum barak

Tuxum barak Xorazm viloyatining an’anaviy taomi hisoblanadi. Bu taomning nomi “tuxum” va “barak” so‘zlaridan kelib chiqqan bo‘lib, tuxum solib tugilgan xamir taom tushuniladi. Ushbu o‘zbekcha chuchvaralar uchun xamir un, tuxum, suv va tuz aralashmasidan tayyorlanadi. Xamir qorilgach, yoyilib, tasmalarga kesiladi, so‘ngra ko‘pirtirilgan tuxum, sut, sariyog‘, maydalangan ko‘k piyoz hamda ziravorlar, jumladan zarchava va qora murch qo‘shilgan masalliq bilan to‘ldiriladi. Tugilgandan so‘ng, tuxum barak suvda qaynatiladi va ular suvning yuzasiga qalqib chiqqach, dasturxonga tortishga tayyor bo‘ladi. Tuxum barak odatda qaymoq yoki qatiq bilan tortiladi.

Shivit oshi

Shivit oshi - yorqin yashil ugra va dimlangan mol go‘shtidan tayyorlanadigan ajoyib o‘zbek taomi. Bu Xorazm oshxonasining o‘ziga xos taomi bo‘lib, uni faqat Xiva shahridagina topish mumkin. Shivit oshi uchun ugraning xamiriga ukrop suvi qo‘shib qoriladi, tayyorlangandan so‘ng unga mol go‘shti, kartoshka va sabzidan iborat to‘yimli qayla qo‘shiladi. Bu taomni qatiq yoki smetana bilan birga iste’mol qilish tavsiya etiladi.

Shuningdek ko‘ring