O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov va Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov yosh isteʼdodli kinoijodkorlarga grantlar topshirishdi.
Tantanali marosim 3-7 may kunlari bo‘lib o‘tayotgan “Yangi O‘zbekiston. Yangi nigoh” media-haftaligi doirasida o‘tkazildi. Grantlar pitching jarayonida tanlab olingan yosh kinoijodkorlarga filmlar yaratish uchun taqdim etildi.
“Bugungi kunda davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan qabul qilingan “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davlat dasturi doirasida keng qamrovli ishlar qilinmoqda, xususan yosh avlodning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, yaqinda Prezidentimiz tomonidan imzolangan farmon va qarorlarda milliy kinematografiyani rivojlantirish, sohaga kirib kelayotgan yoshlarga har taraflama eʼtibor qaratish yuzasidan qator maqsad va vazifalar belgilab berilgan. Xususan, kino sanʼati va sanoati vakillarining mualliflik huquqlarini jamoaviy asosda boshqaradigan O‘zbekiston kino sanoati vakillari uyushmasini tashkil etish, oliy taʼlim muassasalarining kinematografiya yo‘nalishida taʼlim olayotgan talabalarini qo‘llab-quvvatlash uchun Xudoybergan Devonov nomidagi davlat stipendiyasini taʼsis etish, “Oltin Humo” milliy kino mukofoti taqdimotini har yili anʼanaviy ravishda o‘tkazib borish, Agentlik va O‘zbekiston kino sanoati vakillari uyushmasi muassisligida Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazini tuzish shular jumlasidandir. Bularning barchasi eng avvalo yoshlarimizning media va kinematografiyaga qiziqish va intilishlarlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Ushbu tadbirlarda faol ishtirok etayotgan yigit-qizlar orasidan mamlakatimizdagi jarayonlarni xolis va va haqqoniy yoritishga qodir jurnalistlar, iqtidorli rejissyorlar, operatorlar, ssenaristlar yetishib chiqishi kerak”, - dedi Aziz Abduhakimov.
Shu o‘rinda O‘zbekiston kinematografiya agentligi bosh direktori Firdas Abduxoliqov ham sohaga bo‘lgan yuksak eʼtiborni alohida eʼtirof etib o‘tdi:
“O‘tgan yilning dekabr oyida ushbu loyiha haqida eʼlon qilgan edik. Alohida komissiya tuzilib, eng yaxshilari saralanib, mana bugun ular taqdirlanmoqda. Bugun yutqazganlar yo‘q, zero Prezidentimiz va hukumat tomonidan kinematografiya sohasiga bo‘lgan eʼtibor hamda bu yo‘nalishda imzolanayotgan hujjatlar barcha kinoijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan”.
Tadbirda shuningdek O‘zbekiston xalq artisti Xayrulla Saʼdiyev ham ishtirok etib, yosh kinoijodkorlar faoliyatiga oq yo‘l tiladi.
“Mediahaftalik doirasida bo‘layotgan tadbirlar hamda yoshlarga bo‘lgan eʼtiborni ko‘rib, ich-ichimdan sizlarga havasim kelyapti. Prezidentimiz bugun barcha sohalarda yoshlar uchun hamma eshiklarni, imkoniyatlarni ochib qo‘ydilar - yoshlarimiz mehnat qilib elning nazariga tushsin, yurtining sevimli farzandi bo‘lsin deb, buning uchun ularga katta rahmat deb qolamiz. Kino sohasini rivojlantirish bo‘yicha imzolangan farmon va qarorlari ham yosh kinoijodkorlarga qanchadan-qancha imkoniyatlarni bermoqda. Shunday ekan, ishonamizki, sizlarni orangizdan O‘zbekistonda kino sohasini yuksaltiruvchi insonlar yetishib chiqadi va o‘zbek kinosi albatta o‘z o‘rnini mustahkamlaydi”, - dedi u.
Bundan tashqari, tadbir doirasida yosh kinorejissyor Mahliyo Asqaraliyevaning “Galdir” (“Lola, quyosh va men”) qisqa metrajli filmi premyera qilinadi. Film agentlik buyurtmasiga binoan “Yoshlar ijodiy-tajriba studiyasi” DUK tomonidan suratga olingan. Kinokartina psixologik drama janrida olingan bo‘lib, Oftob ismli dizayner qizning hayotida yuz bergan qiziqarli voqealar haqida hikoya qiladi. Premyerada film ijodkorlari ham ishtirok etishdi.
Premyeradan so‘ng taniqli estrada va kino yulduzlari ishtirokida shou-konsert dasturi o‘tkazildi.
Taʼkidlash joizki, Mediahaftalik doirasida xorijiy mehmonlar ishtirokida ham qator tadbirlar o‘tkazilmoqda, bu esa O‘zbekistonda kinoturizmni rivojlantirishda ham muhim o‘rin tutadi.
Ish vaqti: 9:00-18:00, Du-Ju
Savollar uchun
Izoh