Hech kimga sir emaski, O‘zbekiston o‘zining boy madaniy-tarixiy merosi, betakror me’morchiligi va san’ati bilan jozibali. Toshkent, Samarqand, Buxoro, Shahrisabz, Xiva, Urganch, Termiz, Qoraqalpog‘istonning qadimiy tarixiy obidalari O‘zbekiston tarixiy-ma’rifiy turizmining asosiy poydevori hisoblanadi.
Bilasizmi, mamlakatimizda 7000 dan ortiq madaniy meros obyektlari joylashgan bo‘lib, ularning aksariyati YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Samarqand, Buxoro, Shahrisabz va Xivaning tarixiy markazlari – bu va yana ko‘p narsalar O‘zbekistonning jahon turizm bozori maydonidagi ulkan salohiyatidan dalolatdir.
Mamlakatimizning eng qadimiy shaharlariga sayohat, o‘zining betakror me’morchiligi, madaniy meros obidalari, qadimiy do‘konlari va hunarmandchilik ustaxonalari bilan o‘ziga jalb etuvchi sayohat har bir sayohatchida yorqin va unutilmas taassurotlarni qoldirishi shubhasiz.
O‘zbekistonning ko‘p asrlik tarixini his qilish va yangi madaniyatni kashf etishning eng yaxshi usullaridan biri bu mamlakatimizning barcha mintaqalarida joylashgan turli xil muzeylarga tashrif buyurishdir.
Mamlakatimizda 400 dan ortiq turli xil muzeylar mavjud bo‘lib, shulardan 155 tasi davlatga tegishli. Ularning asosiy yo‘nalishi – tarix, o‘lkashunoslik, tasviriy va amaliy sanʼat, shuningdek taniqli madaniyat va sanʼat arboblarining memorial uy-muzeylari. Mamlakatdagi eng taniqli, yirik va ahamiyatli muzeylar qatoriga O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, O‘zbekiston davlat sanʼat muzeyi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, O‘zbekiston davlat amaliy sanʼat muzeyi, I.V. Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat sanʼat muzeyi, O‘zbekiston davlat tabiat muzeyi va boshqalarni kiritish mumkin.
So‘nggi paytlarda tarixiy turizm tobora ommalashib bormoqda. Vaqt shiddat bilan olg‘a siljimoqda va zamonaviy texnologiyalar rivojlangani sari, tarixiy ildizlarga murojaat qilish istagi ham shunchalik ortib bormoqda.
O‘zbekistondagi tarixiy turizm alohida tanishtirishga muhtoj emas, chunki bu mamlakat bo‘ylab sayohat qilganingizda hech qanday harakat qilmasdan ham boy tarixga duch kelasiz. Tom maʼnoda Oʻzbekistonning eng sharqiy nuqtasi bo‘lmish Andijon viloyatidan tortib, eng gʻarbiy, bepoyon Qoraqalpogʻiston zaminigacha boʻlgan har bir koʻcha, har bir chekka goʻsha tarixga toʻla.
Oʻzbekiston hududida insonning ilk izlari qadimgi davrlarda – quyi paleolitda paydo boʻla boshlagan. Surxondaryo viloyatining Boysuntov tog‘larida ibtidoiy manzilgohlar, qoyatosh suratlari va ko‘plab qadimgi odamlar izlarini ko‘rishingiz mumkin.
Masalan, Teshiktosh g‘oridan neandertal bolaning bosh suyagi topilgan. Qashqadaryo viloyatidagi Angilyak gʻorida yana bir neandertal odam skeleti topildi, Omonqo‘ton g‘orida esa ibtidoiy odamlarning manzilgohlari topilgan. Bundan tashqari, ilk inson izlari yashash uchun yaroqsiz joylarda – Qizilqum cho‘li va Ustyurt platosida topilgan.
Navoiy shahridan 45 km uzoqlikdagi Sarmishsoy darasida bronza davriga oid yuzlab qadimiy petrogliflarni ko‘rish mumkin. Sarmishsoy petrogliflari butun dunyo uchun madaniy va tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan qoyatosh suratlarining haqiqiy galereyasidir.
Shuningdek, Oʻzbekiston hududida koʻplab arxeologik yodgorliklar va bir vaqtlar obod boʻlgan shaharlar, Oʻrta Osiyo antik davri hukmronligi davri va Soʻgʻd, Xorazm, Baqtriya, Choch, Dovon kabi davlatlarning izlari saqlanib qolgan. Bugungi kunda Ayratom, Afrosiyob, Axsikent, Ayozqal’a, Varaxsha, Yerqo‘rg‘on, Poykent, Tuproqqal’a, Dalvarzintepa, Xolchayon va boshqa qadimiy manzilgohlarga tashrif buyurish mumkin.
Hozirgi Oʻzbekiston hududida buddizm keng tarqalgan Kushonlar davri yodgorliklari alohida eʼtiborga loyiqdir. Surxondaryo viloyatida ochiq osmon ostidagi muzeylar va buddaviylik ibodatxonalari: Fayoztepa, Zurmala, Qoratepa, Kampirtepa kabilar ochilishga tayyor.
Buyuk Ipak yoʻlining gullab-yashnashi davrida turli davrlarga oid yuzlab meʼmoriy yodgorliklar saqlanib qolgan eng yirik shaharlar rivojlandi. Ayrim shaharlar buyuk sarkardalar Iskandar Zulqarnayn va Chingizxon yurishlaridan omon qolgan. Moʻgʻullar hukmronligiga barham berilgach, Amir Temur va temuriylar sulolasining boshqa vakillari davrida shaharlar qayta qurila boshlandi.
O‘rta Osiyoning Samarqand, Buxoro, Termiz, Shahrisabz, Qarshi kabi durdonalarining yoshi Yunoniston va Rim bilan tengdir. Ular o‘zining an’anaviy qiyofasini saqlab qolgan, ular bir necha asrlar ilgarigidek, ulug‘vor madrasa va minoralar, mudofaa qal’alari va hashamatli masjidlarning moviy gumbazlari bilan bezatilgan. Minglab kilometr karvon yo‘llarini bosib o‘tgan yevropalik mehmonlar O‘rta Osiyo shaharlarining ta’riflab bo‘lmaydigan hashamatidan hayratda qolganlar. Marko Polo, Ibn Battuta, Rui Gonsalez de Klavixo meʼmoriy obidalar, sharqona bozorlar, yuksak madaniyat va nomaʼlum texnologiyalardan hayratga tushganlar.
Temuriylar sulolasidan keyin shaharlar rivojlanishda davom etdi. Uch xonlik hukmronligi davri Oʻzbekistonga beqiyos goʻzallikdagi majmualar va saroylarni taqdim etdi:
Xivadagi “Tosh Hovli” va Nurullaboy saroyi, Buxorodagi Sitorai Moxi Xosa, Qo‘qondagi Xudoyorxon saroyi va boshqalar shular jumlasidandir.
Sovet davrida ma’muriy shahar markazlari tiklandi. Bugungi kunga qadar Sovet O‘zbekistonining mahobatli binolari saqlanib qolgan, Toshkentdagi eng yirik binolar: Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri, Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi, Toshkent teleminorasi, “Xalqlar doʻstligi” saroyi, Toshkent kurantlari va boshqa koʻplab obidalar.
Mustaqillik qo‘lga kiritilishi bilan O‘zbekistonda zamonaviy davrning eng go‘zal binolari qad rostladi, xiyobonlar, jamoat binolari, madaniyat va istirohat bog‘lari tubdan o‘zgartirildi.
Aytish joizki, o‘zbek xalqi o‘tgan asrning ko‘plab obidalarini deyarli asl holicha saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan. Bugungi kunda O‘zbekistonning tarixiy shaharlari va obidalariga eng qiziqarli sayohatlar va ekskursiyalar tashkil etilmoqda. Bunday sayohat davomida siz o‘tmishning sirli olamiga sho‘ng‘iysiz, boshqa hech qayerda topa olmaydigan bilimlarga ega bo‘lasiz va eng asosiysi, hamma bilan baham ko‘rishni xohlaydigan unutilmas tajribalarga ega bo‘lasiz.
Ish vaqti: 9:00-18:00, Du-Ju
Savollar uchun