Xavfsizlik va O'zbekiston bo'ylab sayohatlarning o'ziga xos jihatlari

Amir Temur bog‘i

489

1994-yil 31-avgustda, O‘zbekiston mustaqilligining uch yilligi arafasida bog‘ga “Amir Temur bog‘i” nomi berilib, uning markazida bronzadan yasalgan otliq monumenti ochildi. Ochilish marosimida ishtirok etgan O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov o‘z nutqida: “Uzoq yillar davomida mustamlaka bo‘lib kelgan xalqimiz buyuk vatandoshini sharaflash va uning tarixiy yutuqlarini e’tirof etish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi,” - degan edi.

Haykaltaroshlar Kamol va Ilhom Jabborovlar Sohibqironni shohona libosda, otda o‘tirgan holda tasvirlagan, chunki Amir Temur umrining ko‘p qismini harbiy yurishlarda o‘tkazgan. U bu yerda qo‘lida qurolsiz tasvirlangan. Yodgorlikda Amir Temurning “Kuch – adolatdadir” shiori to‘rt tilda yozilgan. Taniqli siyosatchi, sarkarda Amir Temur Shahrisabz yaqinidagi Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida tug‘ilgan. Uning otasi Barlos urug‘iga mansub Tarag‘ay Bahodir bo‘lgan. 

Amir Temur yoshligidanoq turli urushlarda qatnashgan va davlat boshqaruvi tizimini chuqur o‘rgangan. U 30 yildan ortiq davr mobaynida ulkan imperiyani boshqarib, qudratli davlat barpo etdi. Amir Temur Movarounnahrda o‘zaro kelishmovchiliklarni bartaraf etgan holda, ko‘p yillik mo‘g‘ul hukmronligi natijasida xonavayron bo‘lgan mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi uchun qulay imkoniyatlar yaratib, markazlashgan davlat tuzdi. Amir Temurning siyosiy dinamizmi va maqsadli faoliyati tufayli davlat, jamiyat va harbiy boshqaruv institutlari qayta tiklandi va takomillashdi.

Uning hukmronligi davrida me’morchilik, shaharsozlik, adabiyot, tasviriy va amaliy san’atning yuksalishi jahon miqyosida noyob hodisa sifatida qayd etildi. Temuriylar sulolasining hayoti va faoliyati haqida ko‘proq ma’lumotni istirohat bog‘i yonida joylashgan Temuriylar tarixi davlat muzeyida bilib olishingiz mumkin. 1996-yil 18-oktyabrda Amir Temur tavalludining 660-yilligi munosabati bilan Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan Toshkentning markazida Temuriylar tarixi davlat muzeyi ochildi. Mashhur me’moriy yodgorlik uslubidagi gumbazning g‘ayrioddiy dizayni darhol e’tiborni tortadi.

Izoh

0

Fikr qoldiring

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali tizimga kirishingiz kerak:


Avtorizatsiyadan o'tib, siz ma'lumotlaringizni qayta ishlashga rozilik bildirasiz shaxsiy ma'lumotlar