Foto va Video

“BBC Travel”: Xiva – sahro kengliklari orasidagi jonli artefakt

01.03.2024 145

Britaniyaning “BBC Travel” teleradiokorporatsiyasi saytida “Xiva: Ipak yo‘lidagi e’tiborga loyiq shahar” sarlavhali maqola chop etildi.

Maqolada Xiva Buyuk Ipak yo‘lidagi qadimiylikning o‘ziga xos muhitini taratib turuvchi voha bo‘lib, nohaq ravishda Buxoro va Samarqandning mahobati soyasida qolib ketganligi ta’kidlangan.

Shuningdek, maqolada Qoraqum va Qizilqum cho‘llari bilan o‘ralgan mo‘jazgina Xiva shahridagi barcha yo‘llar Ichan qal’a nomi bilan mashhur qal’aga olib borishi qayd etiladi. Ushbu qal’a devorlari ortida ko‘rish va his etishga arzigulik hamma narsa mujassam: 60 dan ortiq madaniy obidalar, o‘rta asrlarga oid masjidlar va hashamatli saroylar, shuningdek, ko‘plab muzeylar, sovg‘a do‘konlari va hunarmandchilik ustaxonalari.

“BBC Travel” bugungi O‘zbekiston hududida Buxoro, Samarqand va Xiva “Ipak yo‘li” uchligini tashkil qilishini eslatib o‘tadi: “Taxminan miloddan avvalgi
130-yildan milodiy 1453-yilga qadar O‘rta Osiyoning bu hududida nafaqat ipak va ziravorlar, barcha turdagi mahsulotlar, balki g‘oyalar va falsafalar ham ayirboshlangan. Xiva eramizning VI asridan buyon mavjud bo‘lganligi haqida arxeologik dalillar mavjud. U XVII asrda Xiva xonligining poytaxti bo‘lgach, Ipak yoʻlining savdo markazlaridan biriga aylandi va mintaqada yanada katta ahamiyat kasb etdi”.

YUNESKO tomonidan “Ipak yo‘li” dasturi doirasida Xiva ming yilliklar davomida sivilizatsiyalar beshigi bo‘lgan ta’lim, fan va madaniyat markazi sifatida ta’riflanadi. “1990-yilda Ichan qal’a YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgunga qadar hukumat qarovsiz qolgan yodgorliklarni saqlash va tiklash uchun aholini qal’a devorlaridan tashqariga ko‘chirdi. Bugungi kunda Ichan qal’a shahar ichidagi maftunkor shahar va mintaqa tarixini namoyish etish uchun ochiq osmon ostida qayta tiklangan jonli muzeydir”, – deya ta’kidlanadi maqolada.

Maqolada Markaziy Osiyoda turizmga ixtisoslashgan “Voygr Expeditions” ekspeditsiya kompaniyasi bosh direktori Behzod Larrining Xivani “sahro kengliklari orasidagi jonli artefakt” va “sayohatchilarni o‘tmishga qaytishga chorlovchi qadimiy shahar” deb ta’riflaganidan iqtibos keltiriladi.

“U Ichan qal’aning dizayni tashrif buyuruvchilarga uning diqqatga sazovor joylarini chuqur o‘rganish, shuningdek, mahalliy hamjamiyat bilan yaqindan muloqot qilish imkoniyatini berishini tushuntirdi”, - deyiladi maqolada.

www.bbc.com portalida Xiva haqidagi maqolani quyidagi havola orqali o‘qishingiz mumkin: https://www.bbc.com/travel/article/20240219-khiva-the-silk-road-city-most-tourists-miss

Manba: https://uza.uz/

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Shuningdek, oʻqing