Foto va Video

O‘zbekiston milliy stendi Ispaniyadagi “FITUR” xalqaro ko‘rgazmasida namoyish etildi

24.01.2024 187

24-yanvar kuni Madridda “FITUR 2024” 44-xalqaro turizm ko‘rgazmasi ochildi. O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi, “Milliy PR-markazi” DUK, Xorazm viloyati turizm boshqarmasi va mamlakatimizning 6 ta turistik kompaniyasi: “Central Asia Travel”, “Global Explore”, “Uzbekistan Discovery”, “El Mundo Tour”, “Orient Star Group”, “Qanot Sharq”, “Rocket DMC Uzbekistan” ishtirok etdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi “FITUR 2024” turizm ko‘rgazmasida milliy stendni taqdim etar ekan, mamlakatimizning turizm salohiyati, yangi sayyohlik yo‘nalishlari va, albatta, mamlakat turizm sanoatining yaqqol ko‘zgusi bo‘lgan Toshkent xalqaro turizm yarmarkasini ommalashtirish bo‘yicha takliflar kiritmoqda.

Ko‘rgazmaning birinchi kunida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari tomonidan qator ishbilarmonlik uchrashuvlari o‘tkazildi, mamlakatimiz sayyohlik salohiyatini xorijda ommalashtirish va yevropalik sayyohlar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha hamkorlik shartnomalari imzolandi. Xususan, “Milliy PR-markazi” DUK direktori D. Murodullayev tomonidan Ispaniyada mart oyida o‘tkaziladigan “Fira Barselona” ko‘rgazmasida O‘zbekistonning turizm salohiyatini namoyish etish bo‘yicha, Xitoyning “Dida Travel marketing” kompaniyasi bilan marketing loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha, shuningdek, “BBC” telekanali vakillari bilan kelgusida istiqbolli targ‘ibot loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.

Ko‘rgazma kunlarida O‘zbekiston turoperatorlari ispan kompaniyalari bilan yangi aloqalar o‘rnatish, shuningdek, qo‘shma turlar tashkil etish bo‘yicha shartnomalar tuzishni rejalashtirmoqda.

Ma’lumot uchun: “FITUR” – Madriddagi “Ifema” ko‘rgazma savdo markazida muntazam ravishda o‘tkaziladigan xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi.

Ko‘rgazmada har yili turizm sanoatining barcha qatlamlari vakillari ishtirok etadilar: turoperatorlar, sayyohlik agentliklari, mehmonxonalar, tashuvchilar, sayyohlik ofislari, servis kompaniyalari va boshqalar.

O‘zbekiston “FITUR” xalqaro ko‘rgazmasida 2005-yildan buyon ishtirok etib keladi.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Shuningdek, oʻqing