Xavfsizlik va O'zbekiston bo'ylab sayohatlarning o'ziga xos jihatlari

Gulbozor turizm mahallasi

2784

O‘zbekiston boy tarixiy va madaniy merosga ega mamlakat bo‘lib, sayyohlarga o‘zbek xalqining turmush tarzi, urf-odatlari hamda qadriyatlari bilan yaqindan tanishish imkonini beradigan ko‘plab sayyohlik yo‘nalishlarini taklif etadi. Ana shunday maskanlardan biri – Toshkent shahrining tarixiy qismida joylashgan Gulbozor mahallasi bo‘lib, u sayyohlik hududi sifatida qayta tashkil etilgan. Mazkur ko‘cha o‘ziga xos me’moriy qiyofasi va boy madaniy merosi bilan sayyohlar e’tiborini tortadigan noyob manzillardan sanaladi.

Mahallaning Chorsu bozori hamda 1570-yilda bunyod etilgan Ko‘kaldosh madrasasi yaqinida joylashgani bu hududni O‘zbekiston tarixi va madaniyatini chuqurroq anglashni istagan mehmonlar uchun yanada jozibador qiladi.

Qayta ta’mirlash ishlari jarayonida turizm ko‘chasining kirish qismida o‘rta asrlar an’anaviy me’morchiligi uslubida barpo etilgan darvoza tiklandi. Shuningdek, Xoja Ahror Valiy masjidi manzarasini tomosha qilish imkonini beruvchi o‘ymakor ustunli 50 metrlik ayvon ham alohida e’tiborga loyiq. Ko‘cha hududida barpo etilgan hovuz esa issiq kunlarda salqinlik baxsh etib, maskanga o‘ziga xos fayz bag‘ishlaydi. Bundan tashqari, ko‘cha bo‘ylab gullar, mevali hamda manzarali daraxtlar ekilib, hudud keng ko‘lamda ko‘kalamzorlashtirilgan.

Gulbozor mahallasi tor ko‘chalari, pastqam uy-joylari va yog‘och o‘ymakorligi bilan bezatilgan eshiklari orqali an’anaviy o‘zbek mahallasi ruhini saqlab qolgan. Shu bilan birga, u bugungi kunda madaniyat va hunarmandchilik markaziga aylangan. Bu yerda sayyohlar hunarmandlarning ish jarayonini kuzatishlari, milliy uslubdagi buyumlarni xarid qilishlari mumkin. Ko‘cha bo‘ylab shinam novvoyxonalar va restoranlar ham faoliyat yuritib, mehmonlarga o‘zbek milliy taomlarining keng tanlovini taklif etadi. Yangi yopilgan nonning yoqimli hidi ziravorlar ifori bilan qo‘shilib, bu yerda chinakam sharqona mehmondo‘stlik muhitini yaratadi.

Mazkur hududda sayyohlar uchun “Non tarixi” hamda “Qadimiy Toshkentga sayohat” nomli ko‘rgazmalar ham tashkil etilgan bo‘lib, ular orqali mehmonlar o‘zbek xalqining boy tarixiy-madaniy merosi bilan yanada yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladilar.

Mahallada joylashgan “Mulberry Hotel” mehmonxonasi ham sayyohlar uchun jozibador turar joylardan biri hisoblanadi. Mehmonxona nafaqat yuqori darajadagi qulaylik va sifatli xizmat ko‘rsatishi, balki o‘ziga xos dizayn yechimlari bilan ham ajralib turadi. Uning qurilishi jarayonida hududda o‘sib turgan ming yillik tut daraxti saqlab qolingan. Ushbu noyob daraxt bino dizayni bilan uyg‘unlashtirilib, interyerning bir qismiga aylantirilgan va mehmonxonaga betakror joziba bag‘ishlagan.

“Gulbozor” turizm mahallasi o‘zbek milliy madaniyati va qadriyatlari bilan tanishish, an’anaviy muhitni his etish uchun noyob maskan hisoblanadi. Toshkentning ushbu gavjum va rang-barang go‘shasida har bir mehmon Sharq ruhini hamda mahalliy merosning betakror go‘zalligini his etadi.

Izoh

0

Fikr qoldiring

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali tizimga kirishingiz kerak:


Avtorizatsiyadan o'tib, siz ma'lumotlaringizni qayta ishlashga rozilik bildirasiz shaxsiy ma'lumotlar